Tugallangan moliyaviy tahlilda xo‘jalik subyektining butun moliyaviy holati tahlil qilinadi. Moliyaviy tahlilning yo‘naltirilganligi nuqtai nazardan moliyaviy tahlil quyidagi shakllarda o‘tkazilishi mumkin: - gorizontal tahlil. Gorizontal tahlil hisobot davridagi ko‘rsatkichlar o‘tgan davrdagi hamda rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar va turdosh korxonalar ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanadi, ya’ni o‘rganilayotgan ko‘rsatkichlarning dinamikasi aniqlanadi; - vertikal tahlil. Vertikal tahlilda moliyaviy holatga taalluqli bo‘lgan ko‘rsatkichlarning tarkibiy tuzilmasi o‘rganiladi. Masalan, korxona mablag‘larining yoki mablag‘lar manbalarining hisobot davridagi tarkibi va uni o‘tgan davrga nisbatan o‘zgarishi ifodalanadi; - nisbiy ko‘rsatkichlar tahlili. Bunday tahlilda moliyaviy holat ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi aloqa o‘rganiladi. Masalan, korxona mablag‘lari va o‘z mablag‘lar manbalari o‘rtasidagi aloqa, moliyaviy resurslar va ulardan foydalanish o‘rtasidagi aloqa ifodalanadi; - taqqoslash tahlili. Taqqoslash tahlilida korxona bo‘yicha moliyaviy holat uning alohida bo‘limlari moliyaviy holati bilan taqqoslandi, bu korxonaning moliyaviy holati boshqa korxonalarning moliyaviy holati bilan solishtiriladi; - omilli tahlil. Omilli tahlilda tahlil natijalariga bir qancha omillarning ta’siri hisoblanib, mavjud imkoniyatlar aniqlanadi va kelgusida ulardan samarali foydalanish yo‘llari ko‘rsatiladi; - dinamik tahlil. Bunday tahlilda ko‘rsatkichlarning bir qancha yillar mobaynida o‘zgarishi o‘rganiladi. Bu istiqbolli rejalarni tuzish, kelajakda amalga oshiriladigan ishlarni oldindan belgilash uchun o‘tkaziladi. Yuqorida ko‘rsatilgan moliyaviy tahlilning shakllaridan tashqari yana amaliyotda ichki va tashqi moliyaviy tahlil shakllari qo‘llaniladi. Ichki moliyaviy tahlil xo‘jalik subyektining xodimlari tomonidan o‘tkazilib, kelgusida boshqaruv tizimini takomillashtirish va moliyaviy holatini yaxshilash maqsadida o‘tkaziladi.
Tashqi moliyaviy tahlil xo‘jalik subyekti xodimlari tomonidan emas, balki boshqa organlar, tashkilotlar va korxonalar xodimlari tomonidan o‘tkaziladi. Bu tahlil xo‘jalik subyektining murojaati bo‘yicha yoki yuqori tashkilot, korxona va davlat organlari xodimlari tomonidan nazorat sifatida o‘tkazilishi mumkin. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish bir tomondan korxonalarning mustaqil faoliyati uchun imkoniyat yaratib bersa, ikkinchi tomondan ularning mas’uliyatini oshiradi. Shu bois, korxonalar o‘zining moliya-xo‘jalik faoliyatini chuqur tahlil qilib o‘rganishlari lozim. Bunda moliyaviy tahlil va boshqaruv tahlili shakllaridan keng foydalanish talab etiladi. Moliyaviy tahlil va boshqaruv tahlili shakllari bir-biri bilan bog‘liq, ammo bajaradigan vazifalari va xususiyatlari turlicha hisoblanadi. Moliyaviy tahlil quyidagi xususiyatlarga ega: - moliyaviy tahlilning yakunlari ochiq bo‘lib, tahlil ma’lumotlaridan hamma foydalanishi mumkin; - moliyaviy tahlilning yakunlaridan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tarkibi keng hisoblanadi; - moliyaviy tahlil hamma uchun moslangan, nashr etilgan hisobot ma’lumotlariga asoslanadi; - moliyaviy tahlil korxonalar ichki boshqaruv muammolarini yechish uchun o‘tkaziladi; - moliyaviy tahlilning yo‘nalishi moliyaviy hisobot ma’lumotlari bilan cheklangan bo‘lib, unda aniq vazifalar yechiladi. Bu moliyaviy mustahkamlik, balans likvidligi, foyda, rentabellik darajasi va boshqa ko‘rsatkichlardir