1. Savollar yordamida rasmni kо’rib chiqish. 2. O‘qituvchining namuna-hikoyasi bilan yakunlash. Mashg‘ulot uncha katta bo‘lmagan kirish suhbati bilan boshlanishi mumkin. Uning maqsadi rasmda tasvirlanganlar to‘g‘risida o‘quvchilarning tasavvurini aniqlashdan va emotsional kayfiyatni vujudga keltirishdan iboratdir.
O‘qituvchining savollari mashg‘ulotdagi asosiy metodik usullardan biri hisoblanadi, shuning uchun savollarni oldindan puxta o‘ylab olish muhimdir. O‘quvchilarga beriladigan savollar tushunarli bo‘lishi va unga javob berishda qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak. Kichik yoshdagi o‘quvchilar rasm asosida ikki-uch so‘zdan iborat bo‘lgan gaplar yordamida hikoya qilib berishga o‘rganadilar. Rasmni ko‘zdan kechirish o‘quvchilar nutqining to‘g‘ri va aniq rivojlanishiga yordam beradi. O‘qituvchi, rasmda tasvirlangan narsa-buyumlarni va voqealarni to‘g‘ri aytishlarini nazorat qilib borishi kerak.
O‘qituvchi o‘z nutq namunasi, savollari, ko‘rsatmalari bilan o‘quvchilarga rasmda tasvirlangan narsa-buyumlarning sifat va belgilarini aniq belgilovchi so‘zlarni tanlay olishlarida yordam beradi. Kichik sinflarda dastlabki rasmlar alohida narsa-buyumlar (o‘yinchoqlar yoki tanish uy jihozlari), uy hayvonlari, o‘quvchilar hayotidan olingan murakkab bo‘lmagan voqealar tasviridan iborat bo‘ladi.
Mashg‘ulotdan so‘ng rasm sinf xonasida bir necha kunga qoldiriladi. O‘quvchilar yana bir marta rasmni ko‘zdan kechirib chiqadilar. Ilgari ko‘rmagan narsalarini ko‘radilar, bir-birlariga fikrlarini aytishadi. O‘qituvchi bunday ko‘zdan kechirishlarga rahbarlik qiladi, ya’ni ularning aytayotgan fikrlarini aniqlashtiradi, qo‘llab-quvvatlaydi, rag‘batlantiradi.
O‘rta sinf. Bu sinf o‘quvchilarining nutqi takomillashadi, fikrlashi faollashadi, uncha katta bo‘lmagan hikoya tuza oladilar. Dastlab o‘quvchilar o‘qituvchining savollari yordamida hikoya qilib beradilar. Bu o‘quvchilarning jamoa bo‘lib tuzgan yoki o‘qituvchi va bitta o‘quvchining hamkorlikda tuzgan hikoyasi bo‘lishi mumkin. Mashg‘ulot oxirida o‘qituvchi o‘quvchilarning barcha aytgan fikrlarini umumlashtirib, o‘zi to‘liq hikoya qilib beradi.
So‘ngra o‘quvchilar o‘qituvchining namuna-hikoyasini takrorlaydilar. Bu sinfda o‘qituvchining namuna hikoyasi o‘quvchilarning undan nusxa olishlari uchun beriladi. “Xuddi mendek hikoya qilib bering”, “Yasha, mening hikoyamni eslab qolibsan”, deb o‘qituvchi o‘quvchilarni rag‘batlantiradi, ya’ni ushbu sinfda o‘quvchilardan mavzudan chetga chiqib ketmaslik talab etiladi. Namuna-hikoya ma’lum bir talablarga javob berishi kerak.
O‘rta sinf o‘quvchilarini narsa-buyumlarni tasvirlovchi va voqeali rasmlar bo‘yicha tasviriy hikoya tuzishga o‘rgatish mumkin. O‘qituvchi o‘quvchilarni o‘z hikoyasida lug‘atidagi so‘zlardan, sifatdoshlardan, aniqlovchidan, holdan va boshqalardan keng foydalanishga o‘rgatishi kerak. O‘quvchilar rasmlar bo‘yicha tasviriy hikoya tuzishga (bir yoki bir qancha narsa-buyumlarning yoki obyektlarning sifatlari, xususiyatlari, xarakterlari to‘g‘risidagi hikoya) o‘rganib olganlaridan so‘ng voqeaband suratlar bo‘yicha voqeaband hikoyalar tuzishga o‘rgatiladi.
O‘quvchilar o‘qituvchi yordamida tasviriy xarakterga ega bo‘lgan bog‘langan hikoya tuzadilar. Bu sekin-astalik bilan o‘quvchilarni mustaqil ravishda voqea band hikoyalar tuzishlariga yordam beradi.