1.2. Adabiy asarlarni qayta hikoya qilish Qayta hikoya qilish tinglangan badiiy asarlarni ma’noli og‘zaki nutqda takroriy aytishdir. Qayta hikoya qilishga o‘rgatish samarali bo‘lishi uchun, eng avvalo, qayta hikoya qilish uchun matnlarni to‘g‘ri tanlash lozim. Qayta hikoya qilish uchun asar tanlanganda quyidagi talablarga amal qilish kerak: yuqori badiiy qimmatga, g‘oyaviymantiqiy yo‘nalishga ega bo‘lishi, jo‘shqinligi, fikrning yangiligi va bayonning obrazliligi, voqealarning ketma-ketliligi, mazmunining qiziqarliligi.
Ushbu talablarga xalq ertaklari, hajmi uncha katta bo‘lmagan hikoyalar misol bo‘la olishi mumkin. Shuningdek, dasturda o‘quvchilarning qayta hikoyalariga bir qancha talablar qo‘yilgan:
ma’nosiga tushungan holda, ya’ni matnni to‘liq tushunib hikoya qilish;
asarni to‘liq bayon etish, ya’ni asardagi muhim joylarini tashlab ketmasdan bayon etish;
izchillik (ketma-ketlik) bilan hikoya qilish;
muallif matnidagi lug‘atlardan va iboralardan foydalanish, ayrim so‘zlarni ularning sinonimlari bilan almashtirish;
to‘g‘ri ohangdan foydalanish, uzoq pauzalarning bo‘lmasligi;
og‘zaki nutq madaniyatiga e’tibor berish: qayta hikoya qilayotganda gavdani to‘g‘ri tutish, tinch turish, tinglovchilarga murojaat qilish, nutqning intonatsion ma’nodorligidan (ifodaliligidan) foydalanish, yetarlicha baland ovozda tovushlarni aniq talaffuz etish. Ushbu talablarning barchasi bir-biri bilan uzviy ravishda bog‘liq bo‘lib, bulardan birortasini ham e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas.
Ma’lumki, qayta hikoya qilish monolog nutqni shakllan-tirishda eng birinchi bosqich hisoblanadi. Shuning uchun har bir o‘quvchi qayta hikoya qilishni yaxshi egallab olishi shart. Buning uchun har xil usullardan foydalaniladi. Bular quyidagilar:
1. O‘qituvchining o‘quvchi bilan birga qayta hikoya qilishi. Qayta hikoya qilish jarayonida o‘qituvchi o‘quvchilarga sezdirmagan holda gavdasini to‘g‘rilashi, imo-ishora, ko‘z qarashi bilan dalda berishi mumkin, mashg‘ulotning oxirida esa, albatta, o‘quvchini maqtash kerak: “Yasha, endi boshqa o‘quvchilarga hikoya qilish yengil bo‘ladi. Faqat keyingi safar balandroq ovozda hikoya qilgin”.