"Tabulatura"-biron-bir cholg`u soziga moslangan maxsus nota yozuvi demakdir. Masalan, oldinlari Sharqda ud asbobi negizidagi yozuv qo`llanilgan. U ud torlari (bam, maslas, masna, zir, qadd) va cholg`uning dastasida parda bosadigan barmoqlar (sabboba, vusto, binsir, xinsir) ning nomlari belgi qilib olinishiga asoslangan. Komil Xorazmiy tabulaturaning tanburga moslangan maxsus navini yaratdi. Unda tanbur pardalariga ko`ra 18 chiziq olinadi. Ba’zan 18 chiziqning hammasi yozib o`tirilmaydi va sharoitga qarab faqat tegishlilari yonboshida raqam bilan ko`rsatiladi. Chiziqlarning osti -ustita nuqtalar qo`yilib, ularning ustma-ust yoki yonma-yon joylanishi tanbur zarblari ("yakka zarb", "qo`sh zarb"lar)ga ishora deb bilinadi. Pauza (jimlik) alomati "sukun" sifr (nol) belgisi(o) bilan ifodalanadi. Doyra usullari uzun - qisqa zarblarni anglatuvchi bo`g`inlar harakatida ko`rsatiladi: "gul", "taq", "ta-qa", "taq-qa" va hokazo. Kuy bo`laklari "xona", "bozgo`y", "hang" iboralari; to`xtov (jumla oxiri) yoyli chiziq (strelka) ishorasi vositasida belgilanib boriladi. Tanbur chizig`ida she’riy matnlar ham beriladi. Ular to`liq yoki lavha tarzida kuy yo`lini anglatuvchi nuqtalardan alohida, bir chekkada yoziladi. Aksariyat hollarda she’rlar-ning faqat boshlang`ich misralari keltiriladi. Unga qarab ashulachilar g`azalning qolgan qismlarini esga solib oladilar.
Tanbur notasi arab yozuviga o`xshab, o`ngdan chapga o`qiladi. Tanbur chizig`idan ko`zlangan asosiy maqsad Xorazm maqomlarining kuy, usul va ijro asoslarini qonunlashtirish bo`lgan. Zero, saroyda rasm etilgan mumtoz maqom yo`llari, el orasidaga kuy va ashulalardan farkli ravishda, qonun-qoidalarga bo`ysungan holda mukammal ijro etilishi taqozo qilinadi. Feruz sozandani koyib "Bizni uyni (uy-xona, kuy bo`lagi ham "xona" deyiladi) buzishga qanday jur’at qiddingiz" deganda, aynan shu tanbur chizig`ida rasmiylashtirilgan musiqiy nizomlar ko`zda tutilgan