9.1.Biznes-reja haqida tushuncha Tadbirkorlik faoliyatini rejalashtirish biznes-reja ishlab chiqish jarayonidan iborat bo‘ladi. Adabiyotlarda ta’kidlanishicha, biznes-reja faoliyatning barcha turdagi rejalarini - strategik va operativ rejalar, umumiy, xususiy va alohida rejalar, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rejalarni o‘z ichiga oladigan rejalar majmuyidir.
Bizne-reja tadbirkorlik subyektining o‘sib borish istiqbollarini ta’minlash, bozordagi mavqeyini ko‘tarish, yangi mahsulotni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish, yuksak natijalarga erishish yo‘llarini aniqlash va tanlashga xizmat qiladi. U tadbirkorga quyidagi masalalarda yordam beradi:
tadbirkorlik faoliyatining aniq yo‘nalishi va turlari, maqsadli bozori va uyerda o‘rnini aniqlash;
qisqa va uzoq muddatli maqsadlarini belgilash hamda ularni ro‘yobga chiqarish strategiyasi va taktikasini ishlab chiqish;
mo‘ljallangan maqsad va vazifalarni amalga oshiradigan xodimlar, ularning salohiyati va taqdirlash tartibini aniqlash;
ishlab chiqarish va sotish harajatlarini aniqlash;
talab va bozorni o‘rganish, reklama va taqdimotlar o‘tkazish, mahsulot sotishni tashkil qilish chora-tadbirlarini belgilash;
maqsadga erishish uchun kerakli moddiy-moliyaviy resurslarni
baholash;
uchrashi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularga tayyor bo‘lish;
o‘z ishining borishini nazorat qilib borish.
Tadbirkor biznes-rejadan ko‘proq bozordagi vaziyatni baholash va unga mos strategiyani aniqlash, investorlarni topish va jalb etish uchun foydalanadi. Shuning uchun sifatli tuzilgan biznes-reja tadbirkorlik faoliyatining samaradorligini ta’minlovchi vosita hisoblanadi. Biznes-rejaning muayyan vaqt mobaynida amal qilishi va bajarilishi investorlar va boshqa hamkorlar uchun juda muhimdir. Bizne-reja tadbirkorning biznes maqsadlarini belgilash va shu yo‘nalishda rivojlanishini barqarorlashtirishga yordam beradi. U biznesni butunsikl davomida yo‘naltirib turadi, tahlil qilib borish va kerakli o‘zgartirishlar kiritib borish uchun asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.