5-DARS. Amaliy ish №1 Organik moddalar tarkibida vodorod, uglerod va galogen borligini aniqlash. (Darslikdan 32 -bet)
Darsning maqsadi: O‘quvchilarda nazariy bilimlarni amalda tadbiq eta olish malakasini shakllantirish. Kimyoviy reaktivlardan tejab-tergab foydalanish, kimyo laboratoriyasida va tajribalar o‘tkazishda texnika havfsizligiga amal qilish malakalarini shakllantirish. Qilingan amaliy ishlar yuzasidan qisqa, umumlashtiruvchi ilmiy xulosalar tayyorlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Dars rejasi: O‘quvchilarni darsga tayyorgarligini aniqlash.
O‘quvchilarni ishni bajarishlari uchun zarur bo‘lgan nazariy tayyorgarliklarini aniqlash.
Ishni amalda bajarish.
Ish o‘rinlarini tozalash.
Bajarilgan ish yuzasidan hisobot tayyorlash.
Organik moddalar asosan uglerod, vodorod, kislorod va azotdan tashkil topgan bo‘ladi.
Bulardan tashqari ularda oltingugurt, fosfor va galogenlar ham uchrashi mumkin. Bu elementlarni aniqlash uchun mavjud organik moddalar suvda eruvchan holatga o‘tkaziladi, so‘ngra ularga xos bo‘lgan sifat va miqdoriy analiz reaksiyalari olib boriladi.
Sifat analizida toza organik moddalarning tarkibidagi elementlar (С, H, O, N, S, Cl va boshqalar) noorganik birikmalarga o‘tkaziladi va ularning mavjudligi analiz usullari yordamida aniqlanadi.
Organik modda tarkibidagi elementlarni aniqlashda dastlab, namuna yondiriladi yoki kuchli qizdiriladi. Uglerod karbonat angidrid holiga o‘tadi, uni ohakli suv orqali o‘tkazilganda loyqalanishidan bilib olinadi. Vodorod suv bug‘lari holida ajralib chiqib, shisha idishning sovuq devorida tomchilar holida kondensatlanishidan bilinadi, galogenlarni aniqlash uchun esa organik birikma namunasi kuydirib tozalangan mis sim uchiga olinib, alangaga tutilganda, alangani yashil, ko‘k, binafsha ranglarga bo‘yashidan bilib olinadi.
Sifat analiz orqali topilgan organik birikmalar tarkibidagi elementlarning gramm yoki foiz miqdorini aniqlash “miqdoriy analiz” deb ataladi. Elementlarni aniqlashda ikki xil analiz usulidan foydalaniladi: makroanaliz - bunda analiz uchun 0,1 - 0,5 g modda va mikroanaliz - analiz uchun 0,001 - 0,005 g modda sarflanadi. Elementlarning miqdoriy analizida sifat analizidagi kabi reaksiyalardan foydalaniladi.
Uglerod, vodorod va kislorod miqdorini aniqlash. Bu elementlarning miqdorini aniqlash usulini birinchi bo‘lib nemis kimyogari Yu.Libix taklif qilgan. Тarozida tortib olingan noma’lum birikma mis (II)-oksid bilan aralashtirib, maxsus shisha naychada qizdiriladi. Ajralib chiqadigan suv va karbonat angidrid og‘irligi ma’lum yutgichlar - kalsiy xlorid va o‘yuvchi kaliyning konsentrlangan eritmalaridan o‘tkaziladi. So‘ngra kalsiy xlorid va o‘yuvchi kaliy qaytadan tarozida tortiladi va keyingi og‘irligidan oldingi og‘irligi ayriladi. Ayirma suv va karbonat angidridning og‘irligini tashkil etadi.
Organik birikma C, H va O elementlaridan tashkil topgan bo‘lsa, analizda topilgan uglerod bilan vodorodning mg foizlari yig‘indisi 100 foizdan ayriladi va kislorodning foiz miqdori aniqlanadi. Masalan: uglerod 69,5 % va vodorod 7,5 % bo‘lsa, u holda moddada 100-(69,5 7,5) 23 % kislorod bo‘ladi.