2. Matn asosida o’quvchilar nutqini o’stirish mazmuni va usullari Nutq o’stirish mashg’ulotlari o’quvchilarning tafakkurini o’stiradi, o’zbek tilida fikrlashga o’rgatadi, ko’z qarashlari doirasini kengaytiradi, nutqni mantiqan to’g’ri qurish malakasini shakllantirishga yordam beradi.
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 2-9-sinflari o’zbek tili darslarida o’quvchilarning nutqini o’stirish asosiy maqsadlardan biri bo’lib, buning zamirida “Davlag tili haqida”gi Qonunning ijrosi, davlatimizning ijtimoiy buyurtmasi talablari, ko’p millatli hamjamiyatda baynalminallikda yashash taqozosi yotadi. O’zbek tili darslarida matn ustida ishlash o’rganilayotgan leksik va grammatik materiallarni puxta o’zlashtirishga xizmat qiladi. O’qituvchi bu jarayondan o’quvchilarning o’zbekcha og’zaki va yozma nutqini rivojlantirishda foydalanishi tabiiy bir hol. Matnni o’qishning o’zi buni amalga oshirish imkonini bermasa-da, unda ishlatilgan so’zlar va grammatik vositalarga o’quvchilar e’tiborini qaratish, matn mavzusida fikr bayon qilish va fikr almashish mashqlarini tashkil etish kutilgan natijani beradi.
O’zbek tili darslarida o’quvchilarning og’zaki va yozma nutqini o’stirishga doir mashq va topshiriqlarning bir qismi matn bilan bog’liq ravishda tashkil egiladi. Matn asosida bajariladigan mujassam mashq va topshiriqlar, bir tomondan, til hodisalarini o’rganish orqali o’quvchilarning talaffuzini yaxshilash, imlo savodxonligini, so’z boyligini oshirish, grammatik vositalarga doyr bilim, ko’nikma va malakalarini shakllantirish, fikr mahsulini matn shaklida yuzaga keltirish bilan bog’liq ta’limiy maqsadlarga erishilsa, ikkinchi tomondan, og’zaki va yozma nutq o’stirish mashqlari orqali yuqorida esga olib o’tilgan bilim, ko’nikma va malakalar yanada mustahkamlanadi.
Ayrim metodist olimlar nutq o’stirish deganda uni til hodisalari bilan boyitishni nazarda tutadilar. Masalan, E.Sharipov o’quvchilarning nutqini o’stirish ishini quyidagi uch yo’nalishda tashkil etish lozim deb hisoblaydi:
so’z boyligini kengaytirish (ular uchun yangi bo’lgan so’zlarni o’zlashtirish, tanish so’zlarning ma’nolarini aniqlash, ularning qo’llanish chegaralarini aniqlash);
adabiy til me’yorlarini o’rganish;
o’quvchilarda o’z fikrlarini og’zaki va yozma shakllarda bog’lanishli bayon etish ko’nikma va malakalarini shakllantirish.
R.Yo’ldoshevning tushuntirishiga ko’ra, “...o’zbek tilida gapirish uchun birinchi navbatda so’zlarni va ularning talaffuzini bilish, fikr bayon qilish chog’ida kerakli so’zni xotiraga keltirib, grammatik jihatdan shakllantirish, hosil bo’lgan so’z shakli taqozo etgan navbatdagi so’zni xotiraga keltirish, uni ham grammatik jihatdan shakllantirish, shu tariqa ongda yuzaga keladigan sintagmani aytishning cheksiz zanjiri sodir bo’ladi”.
Manbalardagi fikrlarga ko’ra, so’z va grammatik vositalarni o’zlashtirilishida ikki bosqich ajralib turadi:
birinchisi - yangi leksik va grammatik materiallar bilan tanishish, ikkinchisi - ularni nutqda faollashtirish.
Birinchisini nutqni yangi so’z va grammatik vositalar bilan boyitish, ikkinchisini shu so’z va grammatik vositalarni qo’llashga o’rgatish asosida nutqni o’stirish deb hisoblash ham mumkin.