Nazorat savollari: Bugungi kunda ta’lim jarayonida o‘zgarishlar haqida gapiring.
Matn va uning turlarini o‘rgatish metodikasi haqida nimalarni bilasiz?
Ona tili darsliklarida matn bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish metodikasi haqida gapiring.
Ona tili darsliklarida berilgan matnlarning qanday turlari bor?
Umumta’lim maktablarida ona tili fanini fanlararo integratsiya asosida o‘qitish metodikasi haqida ayting.
3. TIL MASHG‘ULOTLARINI REJALASHTIRISHDA O‘QUVCHI-TA’LIM-O‘QITUVCHI SISTEMASIGA ASOSLANISH O‘zbek tili mustaqil O‘zbekiston Respublikasining davlat tili bo‘lib, uning o‘rta ta’lim maktablarda o‘qilishi davlat ahamiyatiga molik ijtimoiy, iqtisodiy va ma`naviy ahamiyatga ega. yoshlarda ijodiy tafakkur, ijodiy izlanish, mavjud imkoniyatlardan eng maqbulini tanlash, tilimizning boy imkoniyatlaridan nutq sharoitiga ko‘ra to‘g`ri o‘rinli va samarali foydalanish malaka va ko‘nikmalarini singdirish, ularni milliy qadriyatlarimiz, udum va an`analarimiz ruhida tarbiyalashda maktab ona tili kursining tutgan o‘rni va imkoniyatlari benihoya kattadir. Ayniqsa, mustaqil Respublikamiz uchun tadbirkor va ijodkor insonni tayyorlash masalasi o‘ta muhim vazifa bo‘lib turgan bir sharoitda bu fanning o‘qitilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktabda “ona tili”ni o‘quv fani sifatida o‘qitishning ijtimoiy ahamiyati shundaki, jamiyatimiz, xalqimiz, millatimiz ravnaqining kelajagi, uning gullab yashnashi bugun maktab partasida o‘tirgan yoshlarning mustaqil turmushga, nutqiy faoliyatga, yuksak madaniyat bilan so‘zlasha olishga qay darajada tayyorlanganiga bog`liq. Chunki so‘z qudrati insoniyat tarixida hamma vaqt yuksak qudratga ega bo‘lgan.
Jamiyat rivojlangan sari xalqning madaniyat darajasi ortib boradi. Madaniy hayotning rivoji, avvalo, jamiyat a`zolarining madaniy so‘zlashuvga bo‘lgan ehtiyojining ortib borishi bilan belgilanadi. Yoshlarda yuksak nutq odobini tarbiyalash maktab ona tili kursi zimmasiga tushadi.
Maktabda ona tilini fan sifatida o‘qitish qanday moddiy manfaat berishi mumkin, qanday qilib ona tili ta’limini moddiy jihatdan manfaatli, foydali qilish mumkin?
“Ona tili fani moddiy manfaat keltirmaydi” degan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki ona tili ta’limi natijasida o‘quvchi DTS talablari darajasida muayyan malaka va ko‘nikmalar hosil kiladi va bu ko‘nikma hamda malakalarning davr talablariga mosligi bevosita iqtisodiy ko‘rsatkichlar-moddiy manfaat ko‘rsatkichlari bilan o‘lchanadi. Ona tili fanining moddiy ko‘rsatkichlari bolalarning imlo savodxonligini, so‘z boyligi va undan foydalanish mahorati, mustaqil ijodiy fikrlay olishi kabilarda namoyon bo‘ladi.
Maktabda ona tilini fan sifatida o‘qitmay turib, ma`naviy barkamol shaxsni tarbiyalab bo‘lmaydi. Chunki ona tili fani o‘quvchilarni milliy til va uning tarixi, boy madaniy o‘tmishi bilan tanishtiradi,milliy qadriyatlarimiz, an`analarimiz, urf-odatlarimizni qadrlashga o‘rgatadi. Ona tili avlodlarni avlodlarga bog`lovchi zanjirdir. Agar yozuv, yozma nutq bo‘lmaganda edi, madaniy boyliklarimiz, fan, texnika va xalq xo‘jaligining boshqa sohalarida qo‘lga kirtilgan ulkan yutuqlarimizni avlodlardan-avlodlarga o‘tkaza olmagan bo‘lardik.
“O‘zbek tili”ning maktabda o‘quv predmeti sifatida shakllanish va rivojlanish jarayoniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uni taxminan quyidagi davrlarga ajratish mumkin:
Birinchi davr-1910-1930-yillar. Bu davrda madrasalarda o‘qigan bolalarga savod chiqarganlaridan keyin, qofiya (grammatika) va qofiyaning bo‘limlari: sarf (morfologiya) va nahv (sintaksis) o‘rgatilgan. Bolalarning xat-savod chiqarishi, qiroatxonligiga katta e`tibor berilgan. XX asrning boshlari shu bilan e`tiborliki, garchand hali maktablarda “Ona tili”ni fan sifatida o‘qitish muayyan izga tushmagan bo‘lsa-da, ammo o‘quvchilarga til qoidalarini o‘rgatish ularning savodxonligini chiqarish va uni takomillashtirishga qaratilgan harakatlar kuchayadi. 1913 yilda mashhur o‘zbek ziyolisi M.Faxriddinovning “Turkcha qoida”, 1916 yilda A.Zaxiriyning “Imlo” o‘quv qo‘llanmalarining nashr etilishi o‘sha davr uchun katta tarxixiy voqea edi. bir qator jadid maktablarida 1913-1914-yillardan boshlab turkcha qoidalarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi: 2-,3-,4-, o‘quv yillarida o‘quvchilarning savodxonligi ustida ishlash bo‘yicha maxsus dars mashg`ulotlari o‘tkazila boshlandi. 1916-1917-yillarga kelib shu jadid maktablarida A.Zaxiriyning “Imlo” kitobini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Ikkinchi davr-1930-1960-yillar. Bu davrda maktablarda ona tilini fan sifatida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi: til ta’limidan maxsus o‘quv dasturlari va darsliklari chiqarila boshlandi. “O‘zbek tili” maktabda o‘qitilgan etakchi o‘quv predmeti sifatida o‘quv rejalaridan mustahkam o‘rin oldi va bu fanning o‘qitishiga katta miqdorda soat ajratadi.
Ona tilining o‘rta umumta’lim maktabalarida o‘quv predmeti sifatida o‘qitila boshlanishi uning taraqqiyoti uchun keng yo‘l ochib berdi. Uchinchi davr-1960-1970-yillar. Bu davrga kelib ona tilidan ta’lim mazmuni ancha takomillashdi va mazkur fandan yangi o‘quv dasturlari va darsliklari chiqarila boshlandi. Ayniqsa, maktablarningyuqori sinflarida ona tilining o‘qitilishiga e`tibor kuchayadi.
To‘rtinchi davr-1970-1990-yillar. Bu davrga kelib, o‘zbek tilshunosligida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni maktab darsliklariga kiritishga urinish ancha kuchayadi. Ona tilidan V sinfda (o‘quv yilining boshida) sintaksis va punktuaciyadan dastlabki zaruriy ma`lumotlar berish ko‘zda tutildi va mazkur bo‘limni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. So‘z yasalishi tilshunoslikning alohida bo‘limi sifatida ajralib chiqdi va bu bo‘lim 16 soat davomida V sinfda o‘qitiladigan bo‘ldi.
Beshinchi davr-1991-yildan keyingi davr. O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyin ona tili ta’limi oldida tamomila yangi talablar qo‘yila boshlandi. “O‘zbek maktablarida ona tili ta’limi Koncepciyachi” (1993) ishlab chiqildi. Ona tilidan DTS me`yorlari belgilandi va u davlat hujjati sifatida qabul qilindi, DTSga muvofiq keladigan “Ona tili” dasturlari yaratildi maktab darsliklari yangilana boshlandi.
Ona tili ta’limining mazmuni, asosan, 50-yillarning o‘rtalarida shakllantirilgan bo‘lib, o‘shandan beri dasturlar juz`iy o‘zgarishlar bilan 1998-1999 o‘quv yiliga qadar amalda bo‘lib keldi. 60-yillarga kelib “Fan yutuqlari-maktabga” shiori o‘rtaga tashlangach, maktab ona tili ta’limi shu qadar nazariylashib, grammatizm hokimligi yuzaga keldiki, o‘qish ham, o‘qitish ham zerikarli bo‘lib qoldi. Ona tili mashg`ulotlarida o‘quvchi nutqni rivojlantirishga qaratilgan foydali amaliy ishlar o‘rniga son-sanoqsiz grammatik talqin, qoida va ta`riflarni ko‘r-ko‘rona “o‘zlashtirish”, ya`ni ularni qorilarcha yodlab olishdan nariga o‘tilmadi. Ona tili ta’limidagi yana bir murakkablik grammatik talqinlar bilan bog`liq chalkashliklar edi. jumladan, olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki, fe`l, ravish taqlidiy so‘z, undov gap va hatto matnni almashtira olishi, ularga ishora etish xususiyati hisobga olinmagan edi. Mavjud chalkashliklardan yana biri bir so‘z turkumidan ikkinchi so‘z turkumiga o‘tish talqini edi. “Dono qiz dono so‘zlaydi” gapida birinchi dono ravish so‘z turkumiga kiritilgan edi. Sintaksisda ulkan chigallik to‘g`dirgan masalalardan biri gap tilqini masalasi edi. Shaxs-son, zamon ko‘rsatgichiga ega bo‘lmagan kimsalar ham “kesim” deb atalib, “Men borganda. . .”, “U kelganidan keyin. .” tipdagi gaplar ham qo‘shma gap sifatida qaraldi.
Sho‘ro ta’limi sharoitida nafaqat ta’lim mazmuni, balki o‘qitish usulida ham dogmatism hukmron edi. Ona tili ta’limi o‘quvchilarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og`zaki va yozma shakllarda bayon qilishga o‘rgatishdan ancha yiroq bo‘lib, ona tili ta’limining asosiy maqsadi- nutqni shakllantirish va rivojlanish uning soyasida qolib ketgan edi. Chunki sho‘rolar tuzumiga labbay go‘yo, itoatkor shaxslar kerak edi.
Milliy istiqlol maktab ona tili oldiga ham yangi ufqlar ochdi. O‘zbekiston olamga yuz tutdi; ijtimoiy, ma`naviy, iqtisodiy jabhalarda ulkan ijobiy qadamlar tashlandi. Mustaqil Respublikamizning xalq ta’limi sohasidagi islohotlari bugungi kunda naqadar katta ijodiy natijalar berganligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bu islohotlar avvalo millatning g`ururi, uning iftixori-tiliga bo‘lgan e`tibordan boshlandi.
1989- yil 21- oktyabr kuni “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilindi. “O‘zbek tili O‘zbekiston Respublikasining davlat tilidir”, deb davriy ravishda e`lon qilindi.
Tilimizga davlat tili maqomi berlishi Respublikamiz maktablarida o‘zbek tilining o‘qilishiga e`tiborni kuchaytirdi. Tarixiy ahamiyatga molik bu Qonun 1987- yilda tuzilgan, bir qator maktablarda muvaffaqiyatli ravishda sinovdan utkazilgan “Ona tili”(V-IX-sinflar uchun) dasturining takomillashtirishiga turtki bo‘ldi hamda O‘zbekiston Respublikasi XTV tomonidan 1989- yili 25- sentyabr 386-raqamli buyruq bilan ta`sis etilgan “O‘zbek tili” doimiy anjumani 1-yig`inida “Induktiv-2” ramzi bilan muqobil dastur sifatida muhokamaga chiqarildi.
O‘TDAning 1-yig`ini 1991-yilning aprelida Samarqandda o‘tkazildi. Yig`inda 400ga yaqinda o‘qituvchi va olimlar ishtirok etdi. birinchi yig`inning tarixiy ahamiyati benihoya katta bo‘ldi. U o‘sha davrda amalda bo‘lgan “stabillashgan” ona tili ta’limi usuli, ta’lim mazmunini tubdan yangilash zarurligini, qotib qolgan andazalar bilan ishlash mumkin emasligini baralla aytdi va mavjud tannazuldan chiqish yo‘llarni belgilab berdi. Yig`in “Induktiv””, “Ijod”, “O‘qituvchi” ramzli muqobil dasturlarni muhokamaga chiqarildi va “Induktiv-2” ramzli dasturda qo‘yilgan ona tili ta’limi maqsadi, mazmuni va usulini ma`qul deb topdi.
Milliy istiqlol sharofati bilan ona tili ta’limini takomillashtirish davom ettirildi.
O‘zbek tilining grammatik qurilishidagi “ruslashtirish” samarasi bo‘lgan juda ko‘p ilmiy grammatik talqinlar turkona talqinlar bilan almashtirildi, o‘zbek tili grammatikasi buyintirig`dan ozod qilindi. Ana shu yo‘nalishda “Ona tili” o‘quv fanidan darsliklar yaratish ishga kirishildi.
Modomiki, ona tili ta’limidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarni nutqiy faoliyatga tayyorlash ekan, so‘z boyligini oshirish birinchi galdagi vazifa sanaladi. Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan O‘TDAning 3-yig`ini (1995 yil) xuddi mana shu masalaga bag`ishlandi. anjumanda barcha sho‘balar bo‘yicha 283 ta ma`ruza tinglandi. bu ma`ruzalarning ko‘pgina qismi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning so‘z zaxirasini oshirishning samarali yo‘llari, vositalari va usullariga bag`ishlandi. Yig`in ona tilidan sinov darsliklari nashrini tezlashtirish xususida tavsiya qabul qildi.
1997- yil ona tili ta’limidagi muhim qoidalardan biri Vatanimiz poytaxti Toshkentda O‘TDA 4-yig`inning o‘tkazilishi bo‘ldi. Mazkur anjuman ijodiy matn yaratish muammosiga bag`ishlandi. Respublikamizning 700 dan ziyod o‘qituvchisi uch kun davomida o‘quvchilarni ijodiy matn yaratish o‘rganish yo‘llari, vositalari va usullarini muhokama etdilar.
2000-2001 yillarda bu darsliklar ommaviy nashrdan chiqdi va hozirgi kunda amaldadir.
Xullas, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach barcha o‘quv fanlari qatori ona tilidan ham ta’lim mazmuni va usulini yangilashning benihoya ulkan imkoniyatlari yuzaga keldi.