asosiy savol: Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixi fanining xronologiyasi va davrlashtirish.
Darsning maqsadi: Talabalarda ibtidoiy jamiyat tarixini davrlashtirish masalasi to`g`risidagi bilimlarni shakllantirish va chuqur bilim berish.
Identiv o`quv maqsadlari: 2.1. Ibtidoiy jamiyat tarixini davrlashtirish mavzusini o`tish jarayonida ajdodlarimizning hozirgi aqli zukko qiyofali insonga aylanishigacha bo`lgan juda uzoq davrni bosib o`tganligini ko`z oldiga keltirish va shu orqali inson-insonga do`st va birodarlik hamda o`zaro yordam ruhida tarbiyalash. 2.2. Talabalarda ibtidoiy jamiyat tarixini davrlashtirish to`g`risida mustaqil va erkin fikrlash, tahlil qilish qobiliyatlarini shakllantirish.
2-asosiy savol bayoni:Kishilik jamiyati tarixini, shu jumladan ibtidoiy jamiyat tarixini davrlarga bo`lmay turib o`rganish mumkin emas. Davrlashtirishda tarixiy jarayon zamon va davrlarga bo`linib, ular muhim voqealar bilan bir-biridan ajraladi. Tarixni, xususan ibtidoiy jamiyat tarixini davrlarga bo`lish juda murakkab bo`lib, hali bu ilmiy jihatdan nihoyasiga yetgani yo`q.
Kishilik jamiyati tarixini davrlashtirishga intilish, qadimgi dunyodayoq er.avv. I asrda yashagan Rim faylasufi Lukretsiy Kar o`zining «Narsalarning tabiati» nomli poemasida odamzod madaniyatining rivojlanish manzarasini, tosh qurollarining mis qurollar bilan, undan so`ng temir qurollar bilan almasha borganini dastlab tasvirlab bergan. Lekin bu fikr tezda unutib yuborilgan. Shotlandiya faylasufi A.Fergyuson kishilik tarixini uch davrga: yovvoyilik, varvarlik va sivilizatsiyaga bo`lib o`rganishni tavsiya qilgan.
Arxeologlar ibtidoiy davr kishilaridan qolgan moddiy va madaniy buyumlarni o`rganish asosida kishilikning ibtidoiy tarixini uch davrga: tosh, bronza va temir asrlariga bo`ladilar.
Tosh asri esa o`z o`rnida yana qadimgi va yangi tosh davrlariga bo`linadi. Qadimgi tosh asri qazilma odamlarning yashagan davri hisoblanadi. U vaqtda yerning iqlimi, o`simliklar va hayvonot dunyosi hozirgidan farq qilar edi. Qadimgi tosh asri kishilari silliqlangan tosh qurollar va sopol idishlarni bilmaganlar. Ular yog`ochdan tayyorlangan so`yil va oddiy tosh qurollardan foydalanganlar. Qadimgi tosh asri kishilari ovchilik va termachilik bilan shug`ullanganlar, baliqchilik esa endi shakllana boshlagan bo`lib, ular dehqonchilik va chorvachilikdan mutlaqo xabarsiz edilar. Kishilik jamiyati tarixining juda katta davrini o`z ichiga qamrab olgan tosh davri ikki bosqichga: eng qadimgi (quyi, ilk) va keyingi (yuqori) tosh asrlariga bo`linadi.
Eng qadimgi tosh asri olduvay, shel, qadimgi ashel, keyingi va o`rta ashel hamda muste davrlariga bo`linadi. Uning eng quyi sanasi 3,5-3 mil., yuqorisi esa 100-120 – 40-35 ming yilga kelib taqaladi.
So`nggi paleolit esa orinyak, solyutre va madlen davrlariga bo`linib 40-35 ming yilliklardan 15-12 ming yilliklargacha bo`lgan tarixiy davrni o`z ichiga oladi.
So`nggi tosh asridan so`ng esa o`rta tosh - mezolit asri boshlanib, 15-12 – 7-5 ming yilliklar orasidagi davrni qamrab oladi.
Mezolitdan so`ng tosh asrining so`nggi bosqichi – neolit (yangi tosh) asri boshlanib, Yevropaning markazi, g`arbi, sharqi va janubiy o`lkalarida, Osiyoda uning sanasi 7-5 – 5-3 ming yilliklarga mansubdir.
Neolit davridan so`ng eneolit va undan so`ng bronza asri boshlanadi. Eneolit er.avv. IV ming yillikka mansub bo`lsa, bronza davri III ming yillikning oxiridan er.avv. I ming yillik boshlarigacha davom etadi.
Bronza asridan so`ng Yevropa, Osiyo va boshqa joylarda temir asriga o`tish boshlanadi. Ibtidoiy jamiyat tarixini arxeologik jihatdan davrlashtirish mazkur davrni ishlab chiqarish kuchlarini puxta o`rganish uchun muhim ahamiyatga egadir. Lekin bu masalani oydinlashtirish uchun yetarli emas.
Ayni vaqtda mazkur arxeologik davrlar yer tarixining geologik bosqichlari bilan zamondosh bo`lishi ham mumkin. Odamning paydo bo`lishi zaminimiz tarixining to`rtlamchi bosqichiga to`g`ri keladi. Geologik jihatdan to`rtlamchi davr: neogen, eopleystotsen, pleystotsen va golotsen bosqichlariga bo`linadi.
Mazkur davrda Shimoliy Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning ko`p joylarini vaqti-vaqti bilan Dunay, Gyunts, Mindel, Riss va Vyurm muzliklari qoplab turgan. Lekin golotsenga kelib mazkur joylardagi muzlar erib u yerlarning tabiati o`zgarib ketdi. Arxeologik nuqtai-nazaridan neogen va eopleystotsen qadimgi tosh asrining Olduvay, pleystotsen qadimgi shell, o`rta va so`nggi ashel, muste va so`nggi paleolit davrlariga to`g`ri keladi. Golotsen esa mezolit va neolit asrlariga mos tushadi.
Kishilikning ibtidoiy bosqichini to`g`ri davrlashtirish uchun arxeologiya, geologiya, klimatologiya va boshqa fanlar qo`lga kiritgan yutuqlarini joriy qilish ijobiy natijalar berishi mumkin. Bu hol ibtidoiy jamoa tuzumi davridagi ishlab chiqarish kuchlarini to`laroq o`rganish uchun imkon beradi.
XIX asrda qator olimlar jamiyat tarixini davrlashtirishga intilib ko`rdilar. Ulardan biri shved olimi Nilson bo`lib, u jamiyat tarixini yovvoyilik, ko`chmanchilik, dehqonchilik va madaniylashgan bosqichga ajratadi.
Mashhur Amerika etnografi L.G.Morgan ham A.Fergyuson kabi tarixni yovvoyilik, varvarlik va madaniylashgan bosqichlarga ajratadi. L.G.Morgan ibtidoiy jamiyat tarixini yovvoyilik va varvarlik davrlariga bo`lar ekan bu ikki davrning har birini tirikchilik vositalarining ishlab chiqarish sohasidagi muvaffaqiyatlariga qarab quyi, o`rta va yuqori bosqichlarga bo`ladi.
L.G.Morganning fikricha yovvoyilikning quyi bosqichida insoniyat shakllandi.
«Odamlar yirtqich hayvonlar orasida yashab, yovvoyi mevalar, yong`oqlar va ildizlarni ovqat sifatida iste'mol qilganlar» - deydi. Bu davrning eng muhim yutug`i ma'noli nutqning vujudga kelganligidir.
O`rta bosqich esa baliqchilikning kelib chiqishi va olovni hosil qilish va undan foydalanish bilan harakterlanadi.
Yovvoyilikning yuqori bosqichi esa o`q-yoyning kashf qilinishi bilan mashhurdir. Varvarlikning quyi bosqichida kulolchilik joriy qilingan bo`lsa,
o`rta bosqichda hayvonlar qo`lga o`rgatilib xonakilashtirildi, sug`orma dehqonchilik vujudga keladi.
Yuqori bosqich esa temir rudasini eritish bilan boshlanadi.
Arxeologiya, antropologiya, etnografiya, lingvistika, xalq og`zaki ijodiyoti va boshqa fanlarning 100 yildan ko`proq vaqt ichida qo`lga kiritgan yangiliklari, Morganning
davrlashtirilishida kamchiliklar borligini ko`rsatdi. Keyingi davrdagi arxeologik kashfiyotlar ibtidoiy kishilar olovdan Morgan faraz qilgan vaqtdan ilgariyoq foydalanganliklarini isbotlab berdi. XIX asrning ikkinchi yarmida zaruriy dalillarning yo`qligi tufayli Morgan va boshqalar ibtidoiy jamiyat tarixi, uning o`ziga xos xususiyatlariga yetarlicha darajada yuqori baho bera olmadilar.
Ibtidoiy jamoa tuzumini ijtimoiy munosabatlar jihatidan ikki bosqichga bo`lib o`rganish maqsadga muvofiq deb biladilar. Ulardan biri ibtidoiy gala, to`da bosqichi bo`lsa, ikkinchisi esa, urug`chilik jamoasi bosqichi. Lekin tarixchilarning ko`pchiligi mazkur jamiyatni 3 bosqichga bo`ladilar: ular kishilikning ibtidoiy to`da, urug`chilik jamoasi va ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi davrlaridir.
Ibtidoiy to`da ibtidoiy jamiyat tarixi rivojlanishining eng dastlabki bosqichini tashkil etadi. Bu davrda eng dastlabki inson vujudga keldi, uning qo`li bilan esa, dastlabki tosh qurollar yasaldi. Odamlar birgalashib mehnat qilishlari, sodda bo`lsa ham mehnat qurollari yasashda, binobarin madaniyatga asos solishga hayvon ajdodlaridan tubdan farq qilib, ulardan uzoqlashib ketgan edilar. Ular gala-gala bo`lib yashar edilar. U davr kishilari bir-biri bilan mustahkam bog`langan edilar. Gala soni 25-30 kishi bo`lib tez-tez o`zgarib turardi. Arxeologik jihatdan bu davr ilk tosh davriga mansub bo’lib, juda uzoq davom etgan. Morgan bu davrni yovvoyilikning quyi bosqichiga kiritadi.
Ibtidoiy jamoa tarixining ikkinchi bosqichi ibtidoiy urug`chilik jamoasi bo`lib, inson ongining rivojlana borishi va ishlab chiqarish kuchlari taraqqiyotining olg`a qarab siljishi bilan boshlanadi. Ishlab chiqarish kuchlarining yuksalishi natijasida kishilik jamiyatining ancha barqaror tashkiloti urug`chilik jamoasi vujudga keladi. Ibtidoiy urug`chilik jamoasi davri ibtidoiy jamoa tuzumi shakllanishi, rivojlanishi va taraqqiyotning asosiy bosqichi hisoblanadi. Bu arxeologik jihatdan so`nggi, o`rta va yangi tosh davrlariga to`g`ri kelib, Morganning ta'rifi bo`yicha yovvoyilikning o`rta va yuqori, varvarlikning quyi va o`rta bosqichlariga to`g`ri keladi.
Ibtidoiy jamiyat tarixining uchinchi bosqichi mazkur jamiyatning buzila boshlashi davri bo`lib, tosh qurollar o`rnini metallar egallashi munosabati bilan ishlab chiqarish kuchlari yanada yuksaladi. Mazkur bosqichda xo`jalik tarmoqlarining hamma sohalarida yuksalish bo`lib, ortiqcha mahsulot to`planadi. Jamg`arilgan boyliklar hisobiga esa talonchilik urushlari keng yoyiladi. Rivojlanib borayotgan ishlab chiqarish kuchlari bilan urug`chilik tuzumining ishlab chiqarish munosabatlari o`rtasidagi ziddiyatlar borgan sari chuqurlashadi. Natijada urug`chilik buzilib, oilaviy qo`shnichilik jamoalar vujudga kela boshlaydi. Urug`chilik aloqalari susayib, qo`shnichilik munosabatlari kuchaya boshlaydi. Ibtidoiy jamoa tuzumi buzila borib, alohida ishlab chiqarish munosabatlari paydo bo`ladi. Mazkur jamiyat negizida xususiy mulk, tabaqa, tabaqaviy jamiyat va nihoyat davlat kelib chiqadi.