NAZORAT TOPSHIRIQLARI:
1. Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixi fani nimani o`rganadi?
2. Ibtidoiy jamoa tuzumining o’ziga xos xususiyatlari qanday?
3. Qanday manbalar moddiy (ashyoviy) manbalar ekanligini tushuntiring.
Ibtidoiy jamoa tuzumining xronologiyasi deganda nimani tushunasiz?
Ibtidoiy jamoa tuzumini davrlashtirish masalasi necha xil tarzda amalga oshiriladi?
Arxeolog olimlar ibtidoiy jamoa tuzumi tarixini davrlashtirishda nimalarga e'tibor beradilar?
Urug`chilik tuzumi davri necha bosqichga bo`lib o`rganiladi?
Asosiy savollar :
Arxeologik ma’lumotlar.
Etnografik ma’lumotlar.
Tilshunoslik ma’lumotlari.
Antropologik ma’lumotlar.
Ibtidoiy jamiyat tarixini o’rganishda tabiiy fanlarning o’rni.
Tayanch tushuncha va iboralar: Ibtidoiy davrning tarixiy manbalari va ularning xususiyatlari. Arxeologiya manbalari va ularning imkoniyatlari. Etnografiya manbalari. Tarixiy antropologiya. Geologiya. Paleogeografiya, paleozoologiya. Ibtidoiy odamlarda nutq va til muammolari xususida.
1-asosiy savol: Arxeologik ma’lumotlar.
Darsning maqsadi: Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixini o’rganishda arxeologiya manbalari va ularning imkoniyatlari bilan talabalarni tanishtirish.
Identiv o`quv maqsadlari: 1.1. Talabalarda ibtidoiy jamoa tuzumi manbashunosligi to`g`risida mustaqil va erkin fikrlash, tahlil qilish qobiliyatlarini shakllantiradi.
asosiy savol bayoni: Ajdodlarimiz tarixining ilk davrini, ya’ni ibtidoiy jamoa tuzumi tarixini qayta tiklash, uni o’rganish nihoyat darajada murakkab, ayni vaqtda sharafli vazifadir. Uzoq davom etgan mazkur tarixiy davrda tabiatning turli-tuman hodisalari girdobida yashagan ibtidoiy kishilar yer sharining katta qismida hayot kechirib, xilma-xil tarzda tirikchilik o’tkazganlar. Shunday ekan ibtidoiy davr kishilari tirikchiligining asosiy manbai ularni o’rab turgan geografik muhitning turli shart-sharoitlariga muvofiq ovchilik, baliqchilik, termachilik, keyinchalik esa dehqonchilik va chorvachilikdan keladigan mahsulotlar bo’lganligi shubhasizdir. Ibtidoiy kishilar o’z tirikchilik vositalariga muvofiq keladigan qurol- yaroqlarni, asbob-uchkunalarni turar-joylarni va boshqa turli narsalarni yaratganlarki, ular yaratgan buyumlar, mehnat qurollari, turar-joylarning qoldiqlari, ayni vaqtda o’sha davr kishilarining butun skeletlari, yoki ular skeletining ayrim qismlari yer ostida saqlanib keladi. Bu vositalar kishilikning ibtidoiy davrini o’rganishda asosiy manba bo’lib hisoblanadi.
Shu narsa ravshanki, kishilikning keyingi davr tarixini bayon qilishda olimlar asosan yozma manbalarga suyanadilar. Lekin ibtidoiy davr tarixi bunday manbalarga ega emas. Chunki ibtidoiy davrda yozuv ham, yozma manbalar ham bo’lmagan. Lekin ibtidoiy davr tarixining shunday ajoyib, nodir manbalari mavjudki, mazkur manbalar qanday qilib odamzod hayvonlar dunyosidan ajralib chiqib, kishilik jamiyatini vujudga keltirganligini isbotlab bera oladi.
Ibtidoiy jamiyat tarixini qayta tiklashning ilmiy manbalari xilma-xil bo’lib, bular arxeologiya va etnografiya, antropologiya va lingvistika, paleobotanika va paleozoologiya, paleoklimatologiya va geologiya hamda qator boshqa aniq fanlar keltirgan dalillardir.
Kishilikning ibtidoiy davri hayotini o’rganishda tarixchilikning ajralmas bo’limini tashkil etgan arxeologiya fanining ahamiyati alohida o’rin tutadi. Moddiy manbalar yoki arxeologik yodgorliklar deb ataluvchi qadim zamonlardan saqlanib qolgan manbalar katta ahamiyatga egadir, moddiy manbalarga mehnat qurollari, qadimgi imoratlarning qoldiqlari, bezak buyumlari va boshqa ushbu jamiyat tomonidan yaratilgan moddiy madaniyat qoldiqlari
kiradi. Buyumlar eng qimmatli tarixiy manba hisoblanadi, ular o’sha davrning mahsulotidir, bu mahsulotlar o’sha davr turmush darajasini o’zida aks ettiradi.
Arxeologik manbalarga fakt buyumlar (topilma buyumlar) kirib qolmay, balki aholi istiqomat qilgan joylar va turar joylar, qabrlar, ustaxonalar, qadimgi odamlar yashagan g’orlar, muqaddas joylar, qadimgi sug’orish tarmoqlari, kanallar, to’g’onlar, yo’llar va hokazolar kiradi.
Turar joylarning evolyutsiyasini o’rganish oila va ijtimoiy tuzum evolyutsiyasi haqida fikr yuritish imkonini beradi. Kollektiv turar joylar o’rnini yakka oilalarning turar joylari egallagan, Ilgari muhofazalanmagan aholi qarorgohlari o’rnida muhofaza qilingan aholi punktlari paydo bo’lgan. Arxeologik yodgorliklarning ko’pi qazish ishlari davrida topilgandir.
Ibtidoiy arxeologiya umumiy arxeologiyaning tarkibiy qismini tashkil etib, yer ostidan, g’orlardan qoya toshlardan topilgan moddiy- madaniy va san’at buyumlarini sinchiklab o’rganish asosida kishilik jamiyati tarixining yozuvgacha bo’lgan ibtidoiy davri tarixini sinchiklab o’rganadi.
Odamlar yozishni bundan 5 ming yillar ilgari o’rgangan bo’lsalar, dastlabki oddiy tosh qurollar yasashni va ulardan foydalanishni esa qariyb bundan 3,5-3 million yil muqaddam, bila boshlaganlar. Ana shu katta davr tarixini tiklash va o’rganish ibtidoiy arxeologiya fani oldida turgan eng muhim va sharafli vazifadir. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki yozuv va yozma manbalar kishilikning ibtidoiy hayoti haqida juda oz ma’lumot beradi. Demak, bu sohada arxeologiya fanining ahamiyati hammadan kattadir. Mazkur fan mutaxassislari esa juda ko’p va xilma-xil arxeologik yodgorliklarni o’rganadilar.
Demak, arxeologiya kishilikning yer ostida qolib ketgan moddiy, madaniy qoldiqlarini qidirib topuvchi va ularni tekshiruvchi tarixiy fandir. Arxeologiya mutaxassisi tosh qurollarni, suyaklarni, ro’zg’or va turar joy qoldiqlarini, zeb-ziynat va ibtidoiy davrda yaratilgan san’at obidalarini qidirib topish, tekshirish va o’rganish asosida kishilikning eng qadimiy tarixini tiklashni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi.
Kishilik jamiyati tarixining ibtidoiy davrini o’rganishda mazkur davr kishilaridan qolgan hamma ashyolar orasida mehnat qurollarining ahamiyati kattaroqdir. Shunga binoan ibtidoiy kishilarning nimalarni, qanday ishlab chiqarganliklarini tiklash mumkin.
Faqatgina mehnat vositalarigina emas, ayni vaqtda ibtidoiy makonlar, turar joylarning qoldiqlari, qabrlar, shaxtalar, ustaxonalar, odamlar uchun boshpana bo’lgan g’orlar, ungurlar, sug’orish inshootlari, ibtidoiy qishloq xarobalarining qoldiqlari ham kishilikning ilk davri hayotini tiklash va o’rganish uchun qimmatli manba hisoblanadi.
Kishilik jamiyati tarixining ibtidoiy davrida yaratilgan san’at obidalari, xususan qoya toshlarga urib-o’yib ishlangan, g’orlarning devor hamda shiplarini tabiiy bo’yoq ohra (angob) bilan chizilgan odam, hayvon, qurol-yarog’ uy-ro’zg’or, mehnat qurollari va boshqa narsalarning rasmlari ham ibtidoiy tarixni o’rganishning muhim arxeologik manbasi hisoblanadi. Ularning ahamiyati shu bilangina kifoyalanmaydi, unda ibtidoiy kishilarning kundalik hayotidan olingan ayrim voqea va hodisalar haqqoniylik bilan aks ettirilgan.
Ibtidoiy san’atning bunday ajoyib namunalari yer yuzining hamma burchaklarida keng tarqalgan.
Shuni nazarda tutish kerakki, har bir arxeologik yodgorlik va buyumning o’ziga xos xususiyati bo’lib, ular kishilik (tarixining) hayotining u yoki bu tomonini tiklashga xizmat qiladi. Mehnat qurollari kishilarning nimalar ishlab chiqarganliklari va qanday qilib tirikchilik
o’tkazganliklarini o’rganish imkoniyatini bersa, o’lik ko’mish tartiblari, ba’zi san’at obidalari esa ularning e’tiqodi qanday bo’lganini aks ettirishi mumkin.
Ibtidoiy odamlar yashagan turar joylar, makonlar, manzillar va qishloq xarobalarini o’rganilishi esa oila va ijtimoiy hayotda sodir bo’lgan o’zgarishlar haqida ham fikr yuritish imkonini beradi.
Bu hol ibtidoiy kishilarning umumiy ravishda yashaydigan turar joylarining oilaviy turar joylar bilan almashinuvini, oddiy, mustahkamlanmagan qishloqlarning murakkab, mustahkam istehkomli qishloqlarga aylana borishi jarayonini kuzatishga imkon beradi.
asrning oxiriga kelib arxeologiya fanida arxeologik madaniyat tushunchasi vujudga keldi. Arxeologik madaniyat deb muayyan territoriyada joylashib, o’zining mahalliy xususiyatlariga ega bo’lgan, ayni vaqtda muayyan davrga mansub arxeologik yodgorliklar majmuasiga aytiladi. Arxeologik madaniyatning ahamiyati va eng muhim vazifasi shundaki, u qabilalar va xalqlar turmushining o’ziga xos xususiyatlarini hamda o’zaro mushtarak bo’lgan umumiy tomonlarini aks ettirishdan iboratdir.
Arxeologiya boshqa fanlarga nisbatan juda yosh bo’lib XIX asrning ikkinchi yarmida vujudga keldi va rivoj topa boshladi. Mazkur fanning qadimgi tosh asrini o’rganish sohasidagi dastlabki qadamlari ham XIX asrning ikkinchi yarmiga to’g’ri keladi. Bu sohadagi ishlar G’arbiy Yevropada Bushs-de Pert, Larte, Martile Vankil, G.Chayld, Rossiyada esa F.I.Kalinskiy, I.S.Polyakov, I.D.Cherskiy, A.A.Chekanovskiy, V.V.Dakuchaev, A.S.Uvarov, Melejkovskiy va boshqalarning nomlari bilan chambarchas bog’liqdir.
asr birinchi yarmi, ayniqsa 60-90 yillarida arxeologik tekshirish ishlari keng quloch yoyib, arxeologiya materiallari ibtidoiy jamiyat tarixini o’rganishning asosiy bosh manbaiga aylandi. Ibtidoiy jamiyat tarixini o’rganish P.P.Efimenko, S.N.Zamyatnik, Ya.Bryusov, M.E.Foss, V.A.Gorodkov, O.N.Bader, P.I.Boriskovskiy, A.P.Okladnikov, S.P.Tolstov, B.B.Piotrovskiy, D.A.Kraynov va boshqalarning nomi bilan uzviy bog’liqdir.
Shunday qilib, yer ibtidoiy davrning o’ziga xos arxivi bo’lib, mazkur arxivdan chiqqan moddiy-madaniy yodgorliklar ibtidoiy kishilar hayotini o’rganishning asosiy manbasi hisoblanadi. Jahondagi mamlakatlarda ilmiy asosda olib borilayotgan sistematik qazish ishlari kishilikning ibtidoiy davr tarixiga doir boy, ko’pdan-ko’p materiallar bermoqda, mazkur materiallarning tadqiq qilinishi ibtidoiy jamiyat kishilarining turmush tarzi, diniy e’tiqodi va boshqa masalalarini hal qilish uchun xizmat qilmoqda.
Dostları ilə paylaş: |