Falsafada substansiya muammosi. Materiya va uning mavjudlik shakllari (Harakat, fazo va vaqt) Substansiya. Substansiya (lotincha— substantina — mohiyat; falsafada narsalaming mohiyati) deyilganda falsafada dastlabki vaqtlarda borliq, tabiat, jamiyat, inson va bir butun dunyoda barcha narsa hamda hodisalarning asosini tashkil etadigan moddiy yoki ruhiy birlamchi narsa tushunilgan. Olamning substantsiyasini axtarishning bu usuli go’yoki meva iste’mol qilayotgan kishi, uning kelib chiqishini axtarib, dastlab daraxtga, so’ngra uning guliga, bargiga, ko’chatiga va urug’iga nazar solganidek, atrofimizdagi moddiy olamning o’zagida dastlabki yaratuvchi modda sifatida nima yotishini, ya’ni ilk materiyani, azaliy materiyaning «bobokolonini», «pramateriyani» axtarish usulidir.
Moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish falsafada materiya haqidagi tasavvurlarning maydonga kelishiga va rivojlanishiga sababchi bo’ldi. Materiya tushunchasi moddiy unsurga nisbatan ham, atomga nisbatan ham, pramateriyaga nisbatan ham umumiyroq bo’lgan tushunchadir. Materiya olamdagi barcha moddiy ob’ektlarni, butun ob’ektiv reallikni ifoda etuvchi eng umumiy tushunchadir. Faylasuflar «Tom ma’nodagi materiya faqat fikrning maxsuli va abstraktsiyasidir» deb yozishadi. Faylasuflar barcha moddiy ob’ektlarga xos xususiyatlarni umumiy tarzda ifodalash uchun qo’llaydigan tushuncha materiya deb ataladi. Demak, materiya moddiy ob’ektlarga xos eng umumiy tushuncha, falsafiy kategoriyadir.
Borliqning atributlari. Muayyan jismning aynan shu jism ekanligini belgilovchi xususiyatlari uning atributlari bo’ladi. Borliqning ham bir qancha atributlari mavjuddir. «lar: harakat, fazo, vaqt, in’ikos, ong va boshqalar. Borliq o’zining xossalari, xususiyatlari orqali namoyon bo’ladi. Endi borliqning atributlari, ya’ni ajralmas tub xususiyatlari haqida to’xtab o’taylik.
Harakat. Borliqning atributlari ichida uning asosiy mavjudlik usulini ifoda etuvchi xususiyati harakat hisoblanadi. Chunki borliq harakatsiz o’zining strukturaviy yaxlitligini saqlay olmaydi. Buni moddiy borliq misolida qarab chiqaylik. Faraz qiling, qarshimizda biror jism turibdi. Agar harakat bo’lmaganida edi, yorug’lik nurlari shu jismga urilib bizga qaytmagan bo’lar edi, ya’ni biz uni ko’rmagan bo’lar edik. Shuningdek, bu jismning yaxlitligini saqlab turgan molekulalar, atomlar, elementar zarrachalar o’rtasidagi o’zaro ta’sirlar ham bo’lmasdi. Natijada bu jismning strukturaviy birligiga putur etgan bo’lar edi. Tevarak-atrofimizdagi predmetlar va hodisalar harakat tufayli o’zining muayyan tartibini va birligini saqlab turadi, shu tufayli, o’sish, ulg’ayish, ravnaq topish, rivojlanish mavjuddir.
Harakat, bir tomondan, moddiy jismlar o’rtasidagi va ularni tashkil etuvchi elementlar o’rtasidagi aloqadorliklarning natijasi, boshqa tomondan esa, ulardagi o’zgarishlar sifatida sodir bo’ladi. Shu nuqtai nazardan ham falsafaning harakat bu umuman har qanday o’zgarishdir, deyilgan ta’rifi juda o’rinlidir. Harakatning manbai haqida gap ketganda, ana shu o’zgarishlarning asosida yotuvchi o’zaro ta’sirlar va ular orasidagi munosabatlar nazarda tutiladi.
Demak, har qanday harakatning manbai shu sistemadagi ichki o’zaro ta’sirlar ekan, har qanday jismning mavjudligini, eng avvalo, uning ichki aloqadorliklari ta’minlaydi.
Harakatning turlari haqidagi mulohaza, asosan, o’zgarishlarning xususiyatiga asoslangan. O’zgarishlar oddiy fazoviy siljishdan tortib, murakkab ijtimoiy o’zgarishlargacha takomillashib borgan. Shu tufayli harakatga faqatgina fazoviy siljish, deb qaramaslik lozim. Bunday qarash olamdagi barcha jarayonlarga mexanik harakat nuqtai nazaridan yondashishni vujudga keltiradi. Aslida olamda o’zgarishning xilma-xil ko’rinishlari mavjud bo’lib, ular bir-biridan sifatiy farq qiladi.
Mexanik, ximiyaviy, biologik, fizik o’zgarishlar bilan ijtimoiy o’zgarishlarni aslo taqqoslab bo’lmaydi. To’g’ri, bu o’zgarishlar uchun umumiy bo’lgan fazoviy siljishlar harakat shakllarining hammasida ham, u yoki bu ko’rinishda namoyon bo’lishi mumkin. Lekin hamma o’zgarishni ham, faqatgina fazoviy siljishdan iborat, deb bo’lmaydi. Masalan, Erning Quyosh atrofidagi, Oyning Er atrofidagi harakatini fazoviy siljishning yaqqol ko’rinishi deyishimiz mumkin. Lekin Er bag’rida ro’y berayotgan murakkab geologik jarayonlarni, Er sirtidagi biosferaning yashash usulini birgina mexanik siljish bilan izohlab bo’lmaydi. Harakatning shakli qanchalik murakkab bo’lsa, u bilan bog’liq bo’lgan o’zgarishlar ham shu qadar murakkab bo’ladi. Materiyaning tashkiliy struktura darajasi qanchalik yuqori darajada bo’lsa, unda fazoviy siljish ham shu qadar kam seziladi.
O’zgarishlarning shunday bir shakli borki, uni falsafada rivojlanish deb ataladi. Rivojlanish bu — muayyan sistemaning muayyan vaqt va fazodagi yaxlit, kompleks, orqaga qaytmaydigan, ilgarilanma yo’nalishga ega bo’lgan, miqdoriy va sifatiy o’zgarishidir.
Shu jihatdan harakatning ikki xil turi bir-biridan farq qilinadi. Harakatning birinchi turi jismda uning sifati va turg’unligini saqlagan holda ro’y beradigan ichki o’zgarishlarni o’z ichiga oladi. Ya’ni har qanday jismda beto’xtov ichki o’zgarishlar ro’y berib turadi, lekin bu o’zgarishlar shu jismning tashqi sifatiga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi.
Borliqning asosiy yashash shakllariga fazo va vaqt kiradi. Fazo narsalarning ko’lamini, hajmini, o’zaro joylashish tartibini, uzlukli yoki uzluksizligini ifodalasa, vaqt hodisalarning ketma-ketligi, jarayonlarning davomiyligini ifodalaydi.
Ma’lumki, har qanday moddiy jism joyga, ko’lamga, hajmga ega. Fazo — vaqtning muayyan lahzasida olamni tashkil etgan nuqtalarning o’zaro joylashish tartibini aks ettirsa, vaqt esa fazoning muayyan nuqtasida ro’y beruvchi hodisalar ketma-ketligi tartibini ifodalaydi.
Fazo va vaqt tushunchalari, ko’p hollarda, forsiy til ta’sirida yozilgan adabiyotlarda makon va zamon deb ham ataladi. Bu tushunchalar fazo va vaqtning tashqi, nisbiy xususiyatlarinigina aks ettiradi, xolos. Fazo narsalar joylashadigan joy ma’nosida, vaqt esa hodisalar bo’lib o’tadigan muddat ma’nosida ishlatiladi.
Fazo va vaqtni tushunish bo’yicha substantsial va relyatsion yondashishlar mavjud. Substantsial kontseptsiya tarafdorlari fazoni narsalar joylashadigan idish, bo’shliq deb bilishadi. Ularning fikricha, hamma narsa fazo ichiga joylashtirilgan. Fazo o’ziga narsalarni sig’diruvchi substantsiya. Hech narsasi yo’q, ya’ni narsalar solinmagan fazo ham bo’lishi mumkin, deyiladi. Relyatsion kontseptsiya tarafdorlari esa, narsalar fazoviy o’lchamga ega, deyishadi.
Hech narsasiz fazoning bo’lishi mumkin emas. Bu farqni relyativistik fizika asoschisi Albert Eynshteyn shunday tushuntirgan edi. Faraz qilib, bir kazarma soldatlarni ko’z oldingizga keltiring. Ilgarigi, Nyuton fizikasiga ko’ra, soldatlar chiqib ketishi bilan kazarma bo’sh qoladi, ana shu substantsial kontseptsiyadagi fazodir. Yangi fizikaga ko’ra, soldatlar chiqib ketishi bilan kazarma ham yo’qoladi. Bu relyatsion kontseptsiyadagi fazodir.
Fazo va vaqtning xususiyatlari. Fazo va vaqt borliq miqdoriy va sifatiy jihatlarni ifodalashiga qarab, metrik va topologik xususiyatlarga ega. Fazo va vaqtning metrik xususiyatlari borliqning miqdoriy munosabatlarini aks ettirib, o’lchanadigan, ko’zga tashlanadigan va nisbiy tabiatli xususiyatlaridir. Ularga ko’lam, bir jinslilik, izotroplik (anizotroplik) kabi xususiyatlar kiradi.
Fazo va vaqtning topologik xususiyatlari esa, borliqning tub sifatiy jihatlarini ifodalaydi. Bunday xususiyatlarga uzuksizlik, bog’langanlik, o’lchamlilik, kompaktlik, tartiblanganlik singari xususiyatlar kiradi. Vaqtning topologik xususiyatlariga orqaga qaytmaslik, bir o’lchamlilik kabi xususiyatlar qo’shiladi.
Fazo (vaqt) ning metrik o’zgarishlari borliq strukturasini jiddiy o’zgartira olmaydi, topologik o’zgarishlar esa borliqning sifatiy o’zgarishiga sababchi bo’ladi. Masalan, bir bog’langan sistemaning ko’p bog’langan sistemaga o’tishi fazo topologiyasini tubdan o’zgartiradi, ya’ni fazoning ikki nuqtasini tutashtiruvchi turlicha yo’llar paydo bo’ladi. Bunday fazoda katta idishning ichiga kichik idishni sig’dirish mumkin bo’ladi. O’lcham darajasi ko’p bo’lgan sistema o’lchov darajasi kam bo’lgan sistemaga nisbatan ko’rinmas va murakkab bo’ladi. Shuningdek, fazo va vaqtning metrik xususiyatlarini kuchli o’zgarishi topologik xususiyatlarining o’zgarishiga olib kelishi mumkin. Masalan, fazoning egrilik darajasi kuchli o’zgarsa, bir bog’langan fazo ko’p bog’langan fazoga aylanishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |