Oldingi tahrirga qarang. 24. Pedagog kadr o‘zi kelib murojaat etganda, davlat xizmatlari markazlari tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Pedagog kadr Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda so‘rovnoma pedagog kadr tomonidan dasturga kiritilgan telefon raqamiga yoki elektron pochta manziliga avtomatik tarzda yuboriladigan SMS-xabarnoma orqali tasdiqlanadi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 541-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son) 25. Noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi aniqlangan har qanday bosqichda pedagog kadrning hujjatlarini qabul qilish va attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni to‘xtatiladi, topshirilgan hujjatlar va to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatning qalbaki ekanligini aniqlash Ta’lim inspeksiyasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Ta’lim inspeksiyasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, Ta’lim inspeksiyasi tomonidan tegishli vakolatli tashkilotlarga so‘rovnoma yuboriladi.
Pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatlar qalbaki ekanligi aniqlangan taqdirda, mazkur hujjatlar Ta’lim inspeksiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
26. Quyidagi holatlarda davlat xizmatlari markazi yoki Ta’lim inspeksiyasi tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rad etilishi mumkin:
pedagog kadrlar tomonidan so‘rovnomaning elektron raqamli imzo yoki imzoni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari yoxud SMS-xabarnoma bilan tasdiqlanmaganligi;
pedagog kadrlar tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani ma’lum bo‘lib qolganligi;
so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning to‘liq taqdim etilmaganligi;
attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning to‘lanmaganligi (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish holatlari bundan mustasno).
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni mazkur bandda ko‘rsatilgan asoslardan boshqa holatlar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
27. Pedagog kadr davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortishga haqli (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish holatlari bundan mustasno).
Pedagog kadr davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Pedagog kadrga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (pedagog kadrning vafot etishi, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi yoki pedagog kadr bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi tufayli davlat xizmatidan foydalanish zarurati mavjud emasligi) sababli davlat xizmatidan foydalanilmagan taqdirda, to‘langan yig‘im pedagog kadrga yoki uning qonuniy vakiliga qaytariladi.
28. Pedagog kadr davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etgan taqdirda, uning so‘rovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, pedagog kadr tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, avtomatik tarzda Ta’lim inspeksiyasiga elektron shaklda yuboriladi.
29. Hujjatlar to‘liq taqdim etilganda Ta’lim inspeksiyasi tomonidan hujjatlar qabul qilinganligi to‘g‘risida davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali pedagog kadrlarga xabarnoma yuboriladi.
Ushbu xabarnoma QR-kodga ega bo‘lib, bunda pedagog kadrni attestatsiyaga jalb qilish sanalari, jalb qilinadigan fani, pedagog kadrning shaxsiy ma’lumotlari aks ettiriladi hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan elektron yoki bosma ravishda taqdim etilganda, attestatsiya jarayoniga kirish uchun ruxsatnoma sifatida foydalaniladi.
30. Hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda Ta’lim inspeksiyasi tomonidan hujjatlar qabul qilinmaganligi to‘g‘risida davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali pedagog kadrlarga xabarnoma yuboriladi.
Pedagog kadrlar hujjat qabul qilish to‘xtatilgunga qadar kamchiliklarni tuzatgan holda hujjatlarni qayta topshirishlari mumkin. Bunda pedagog kadrdan davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im takroran undirilmaydi.
31. Pedagog kadrlardan hujjatlarni qabul qilish har yili 1-mart va 1-oktabr sanalarida to‘xtatiladi.
Oldingi tahrirga qarang. Ta’lim inspeksiyasi tomonidan pedagog kadrlarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlarini o‘tkazish shakli hamda jadvali har yili 10-mart va 10-oktabrga qadar tasdiqlanadi, Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi, tegishli vazirliklar va idoralarga hamda SMS-xabarnoma orqali pedagog kadrlarga yuboriladi.
(31-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 612-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son) 32. Mazkur Nizomning 8 — 10-bandlarida ko‘rsatilgan pedagog kadrlar har yili 1-yanvardan 31-dekabrga qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish uchun bevosita davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladilar.
Mazkur Nizomning 8 — 10-bandlarida ko‘rsatilgan pedagog kadrlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
Bevosita davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda mazkur Nizomning 8 — 10-bandlarida ko‘rsatilgan pedagog kadr nomidan davlat xizmatlari markazi xodimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilinganda esa pedagog kadrning o‘zi mustaqil ravishda ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi.
Oldingi tahrirga qarang. Ta’lim inspeksiyasi tomonidan mazkur Nizomning 8 — 10-bandlarida ko‘rsatilgan pedagog kadrning to‘g‘ridan to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish bo‘yicha so‘rovnomasi 20 kun muddatda ko‘rib chiqiladi va ijobiy qaror qabul qilinganda ularga mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikat beriladi.
(32-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 612-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son)