O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh.,
2021-yil 17-sentabr,
572-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga
1-ILOVA
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom davlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda — ta’lim tashkilotlari) pedagog kadrlarini (keyingi o‘rinlarda — pedagog kadrlar) attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlari pedagog kadrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son) 2. Quyidagilar pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning vazifalari hisoblanadi:
pedagog kadrlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatida ko‘rsatilgan tayyorlov, ta’lim yo‘nalishi, mutaxassisligi yoki ixtisosligi bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish;
pedagog kadrlarning o‘z fanini bilishi, faoliyati samaradorligi, pedagogik mahorati, psixologik tayyorgarligini o‘rganish va xolisona baho berish hamda ularni rag‘batlantirish;
maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini yuqori bilim saviyasiga ega bo‘lgan, iste’dodli va iqtidorli pedagog kadrlar bilan to‘ldirish.
3. Attestatsiyaning asosiy prinsiplari majburiylik, davriylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish hamda xolislik hisoblanadi.
4. Pedagog kadrlar har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Ilgari attestatsiyadan o‘tmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlarga yoki oliy ta’lim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlar kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.
Navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga ko‘ra amaldagi malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan, saqlangan yoki tushirilgan, shuningdek, navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga ko‘ra amaldagi malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga besh yildan so‘ng jalb etiladi.
Pedagog kadrlarning majburiy attestatsiyaga o‘z muddatida jalb etilishi uchun pedagog kadr faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Pedagog kadrlarning attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari o‘z xohishiga ko‘ra mazkur Nizom talablariga muvofiq navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishi mumkin.
5. Attestatsiyaga ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog kadrlari jalb etiladi.
Ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan pedagog kadrlari, shuningdek, ishlab chiqarish ta’limi ustalari kasbiy standartlar hamda xodimlarning har bir lavozim va kasb bo‘yicha malaka darajasiga qo‘yiladigan talablar asosida tizimida maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar (keyingi o‘rinlarda — manfaatdor vazirliklar va idoralar) tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan pedagog kadrlari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
6. Quyidagilar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlar;