Anglosakson modelining ba’zi bir asosiy xususiyatlari quyidagilar: - ijtimoiy xizmatlar “umumiylik” tamoyiliga asoslanadi va bir xil miqdordagi nafaqalar beriladi (hamma sug‘urta badali to‘laganlarga teng miqdordagi nafaqa beriladi);
- hukumat faqat aholi daromadlarining minimal miqdorini saqlash va zaif qatlamlar farovonligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, shu orqali ijtimoiy sohada minimal ishtirok etadi;
- ushbu model aniq sug‘urta dasturlari uchun alohida sug‘urta mukofotlarini hisobga olmaydi. Yagona ijtimoiy to‘lovlar yordamida daromadlar yig‘iladi va ma’lum ijtimoiy ta’minot sohasining zarur ehtiyojlariga taqsimlanadi;
- ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishning moliyaviy asosi bo‘lib birinchi navbatda davlat byudjeti emas, balki xususiy sug‘urta badallari hisoblanadi.
Buyuk Britaniyada zamonaviy ijtimoiy sug‘urta tizimida ikkita tarmoq mavjud: a) milliy ijtimoiy sug‘urta, unga pensiya sug‘urtasi dasturlari, nogironlarni sug‘urtalash, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urta qilish, onalikni qo‘llab-quvvatlash, kasallik uchun nafaqalar;
b) mamlakat rezidentlariga, shuningdek, Angliyada uzoq vaqt yashagan chet elliklarga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan milliy sog‘liqni saqlash tizimi.
Dastlab AQShda ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonuni 1935 yil 14 avgustda qabul qilingan edi. Vaqt o‘tishi bilan ushbu qonun ijtimoiy sug‘urtaning yangi qoidalari bilan to‘ldirildi va qo‘shimchalar qilindi. Qo‘shma Shtatlarda yagona, umummilliy, markazlashgan ijtimoiy ta’minot tizimi mavjud emas. U federal qonun yoki shtat qonuni bilan tartibga solinadigan har xil dasturlardan tashkil topgan. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi davlat ijtimoiy ta’minoti tizimi aniq ikki sohaga bo‘linadi: ijtimoiy sug‘urta (to‘lovlar ishchilardan olinadigan ijtimoiy sug‘urta badallaridan hosil bo‘lgan sug‘urta mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi) va ijtimoiy yordam (to‘lovlar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bu federal yoki shtat byudjeti bo‘lishi mumkin). Shuningdek, bugungi kunda AQShda tibbiy sug‘urtadan tashqari ijtimoiy sug‘urta tizimi ham ancha rivojlangan bo‘lib, ijtimoiy sug‘urta orqali ishsizlik, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik, boquvchisini yo‘qotganlik, qarilik kabi sug‘urta hodisalari sug‘urta qilinadi.
Tizimning tashkil qilinishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har bir fuqaro ijtimoiy sug‘urtalanish huquqiga egaligini tasdiqlovchi muhim hujjat – “Social security number” ga ega. Shuningdek, u fuqarolarning hisob kartochkasi bo‘lib xizmat qiladi. Sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan paytda, nafaqa miqdori ish stajga, daromadga va hokazolarga bog‘liq holda hisoblab chiqiladi. Shu bilan birga sug‘urta bilan bog‘liq bo‘lmagan kambag‘allarga, yetim va boshqa ehtiyojmandlarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy ta’minot mablag‘lari (masalan, ayrim toifalarga maktabda bepul ovqatlanish, uy-joy va boshqalar beriladi) alohida hisoblanadi.