Hozirgi kunda Germaniyada ijtimoiy sug‘urtaning 4 ta turi amal qiladi: pensiya sug‘urtasi, majburiy tibbiy sug‘urta, ishsizlik sug‘urtasi, baxtsiz hodisalardan sug‘urta. Ijtimoiy ta’minot tizimi shuningdek, bolalarga nafaqa (bola tug‘ilganda bir martalik to‘lovlar, kam ta’minlangan oilalarga va ko‘p bolali oilalarga dotatsiyalar), qochqinlarga yordam, ta’lim uchun nafaqalar, davolanish uchun nafaqalar, pensiya subsidiyalari, urush qurbonlariga, nogironlarga yordam, kam ta’minlangan fuqarolarga ijtimoiy yordam shaklida ajratilgan davlat mablag‘larini qamrab oladi. Germaniya sug‘urta tizimida birinchi o‘rinda mehnatga layoqatli aholi uchun yaxshi va mos iqtisodiy sharoitlar yaratishga urg‘u beradi. Ijtimoiy siyosatning ushbu shakli muvaffaqiyatli bo‘ldi. Lekin undagi muhim bir kamchilik – davlat byudjeti xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy himoyaga sarflanadi. Ushbu xarajatlarni qoplash uchun ishlayotganlardan olinadigan soliqlarni doimiy ravishda oshirishga to‘g‘ri kelmoqda. Soliqlarning ko‘pligi tufayli odamlar ishlash uchun rag‘batni yo‘qotadilar. Chunki odamlarning soliqlardan ajratib qolgan mablag‘i ishga yaroqsiz odam oladigan ijtimoiy himoya mablag‘iga teng bo‘lib qoladi.Ushbu masalani ijobiy hal qilish uchun hozirgi vaqtda siyosiy jihatdan ham bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, ulardan asosiysi sifatida ijtimoiy yordam oluvchilarni ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb qilishni tashkil etilayotganini aytib o‘tish mumkin.
Anglosakson modeli Davlatning ijtimoiy ta’minlashning anglosakson (liberal) modeli yuqorida tavsiflangan kontinental modeldan sezilarli darajada farq qiladi. Ushbu model asoschisi 1941-1942 yillarda Buyuk Britaniyada ijtimoiy sug‘urta islohotlari bo‘yicha ishchi guruhni boshqargan ingliz iqtisodchisi Uilyam Beveridj hisoblanadi. Beveridj ijtimoiy sug‘urta tizimiga badallarning yagona miqdorini va ijtimoiy ta’minotning har xil turlari uchun to‘lovlarning bir xil miqdorini belgilashni taklif qildi. Olingan badallar va to‘lovlar miqdori oluvchining ijtimoiy sug‘urta tizimidagi ishtiroki va u tomonidan o‘tkazilgan badallar miqdoridan qat’i nazar, ma’lum bir guruhga mansubligi asosida belgilandi. Yashash minimumi belgilash taklif qilindi. Agar fuqaro o‘zini yashash minimum bilan ta’minlay olmaydigan bo‘lsa, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
O‘sha davrdagi aksariyat mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Beveridj modeli urushdan keyin iqtisodiy va ijtimoiy farovonlikni tiklashga, mehnat unumdorligini va umuman iqtisodiyotni tiklash uchun sharoit yaratishga imkon berdi. Bundan tashqari, ob’yektiv sabablarga ko‘ra (homiladorlik, nogironlik va hokazo) sug‘urta badallarini to‘lay olmaganlar uchun ijtimoiy ta’minot olish imkoniyatini saqlab qolishga imkon berdi. Beveridj modeli dolzarbligi sababli mamlakat tashqarisida ham faol qo‘llab-quvvatlandi. Bu modelning muvaffaqiyatli tarzdagi amaliyotga tatbig‘ini AQSh, Fransiya, Yaponiya, Shveysariya kabi mamlakatlarida ko‘rish mumkin.