Ijtimoiy sug‘urta tizimi zamonaviy jamiyatning muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Belgilangan vazifalarning barcha o‘xshashligi bilan har bir mamlakatda ijtimoiy sug‘urtaning rivojlanishi o‘ziga xos tarixiy noyob yo‘lni bosib o‘tdi. Davlat hukumati ijtimoiy siyosatini mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda olib boradi. Xorijiy mamlakatlarda ijtimoiy himoya asosiy 3 ta model xususiyatlariga moslab qurilgan: Bismark (kontinental, konservativ), Beveridj (anglosakson, liberal) modeli va xususiy-korporativ (aralash, skandinaviya) modeli.
Kontinental model Bismark modeli ijtimoiy sug‘urta mexanizmiga asoslangan bo‘lib, u mehnat qobiliyati yo‘qolishi bilan sug‘urtalanuvchilarga to‘liq yoki qisman kompensatsiya beriladi. Ijtimoiy ta’minot byudjet badallari, ishchi va ish beruvchining sug‘urta badallari hisobidan moliyalashtiriladi. Germaniya, Fransiya, Avstriya kabi mamlakatlar ushbu model asosida ish olib borishadi. Ijtimoiy sug‘urtaning Bismark modelining afzalligi ish stajiga va daromad miqdoriga qarab ijtimoiy nafaqalarning o‘sishi va bu orqali fuqarolarning mehnat faoliyati rag‘batlantiriladi. Bo‘sh mablag‘larni qo‘shimcha ravishda ijtimoiy sug‘urta fondlariga jalb qilish orqali, ijtimoiy to‘lovlar miqdorini ko‘paytirish mumkin. Ushbu modeldan foydalanishda ijtimoiy xarajatlarni davlat tomonidan moliyalashtirishning qoldiq tamoyiliga amal qilinadi. Bismark modelining kamchiligi ishchilar soni va ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari miqdoriga bog‘liqligidadir. Ishchilar sonining kamayishi bilan ijtimoiy to‘lovlar darajasi pasayadi yoki ijtimoiy ajratmalar miqdori oshadi.
Kontinental model quyidagi uch asosiy xususiyatdan iborat: Ushbu model insonning kasbiy faoliyati davomiyligi va ijtimoiy ta’minot darajasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni tavsiflaydi.
Asosiy tamoyil sifatida bozor va davlat nazorati ostida ijtimoiy sug‘urta tamoyiliga e’tibor qaratiladi.
Jamoat tashkilotlari va xayriya fondlari fuqarolarning ijtimoiy ta’minotida juda faol hisoblanadi.
Germaniya kontinental modelning barcha tamoyillarini amaliyotga to‘liq joriy eta olgani bilan ajralib turadi. Bu davlatda sug‘urta qonunchiligining asoschilaridan bo‘lib, mamlakat hayotida muhim siyosiy rol o‘ynagan kansler Otto fon Bismark hisoblanadi. U birinchi bo‘lib mamlakat aholisiga ma’lum ijtimoiy kafolatlar beradigan bir qator qonunlarni qabul qildi. Ulardan asosiylari “Sanoat xodimlarining kasalligini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun (1884), “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun (1885) hamda “Nogironlik va qarilikni sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun (1891). Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu qonunlar orqali shaxsning o‘z mustaqilligi, jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlanishi va hukumatning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uch tomon o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlar yuzaga kelishiga olib keldi.