-kuzatish davomida to`plangan omillar, ma`lumotlar, natijalarni matematik statistik metodlar yordami bilan hisoblab chiqish va miqdoriy tahlil yakunlari bo`yicha psixologik sifat talqinini amalga oshirish. Psixologik kuzatish olib borishdan ko`zlangan maqsad mana bulardan iborat: - kuzatiluvchi vaziyat, holat va ob`ektni maqsadga muvofiq tanlash, uning oqilona ekanligiga ishonch hosil qilish; - kuzatishning dasturini ishlab chiqish, uni amaliyotga tatbiq qilish, sxematik ifodalanishni yaratish, yig`ilgan natijalarni chizma asosida aks ettirish.
Kuzatishning ob`ekti va predmeti quyidagi tuzilishga ega:
-kuzatishning ob`ekti - inson, guruh, jamoa, shaxslararo munosabatlar, emotsional - hissiy kechinmalar, hayvonot olami, shaxsning faoliyati ijodiyoti, muomalasi kabilarni o`rganishdan iboratdir.
-kuzatishning predmeti - insonning xilma-xil holati, jarayoni, harakatining kuchi, jadalligi uzluksizligi, dinamikasi, o`ziga xosligi, uning hamkorlikdagi harakati, undagi onglilik, ongsizlik, ongosti holatlarining kechishi, faoliyat va muomala kabilarni eksteriorizasiyalashdan tashkil topgandir. Amaliy va gnostik holatlar; nutq aktlari: ma`nosi, mazmuni, mohiyati, yo`nalishi, chastotasi, ritmikasi, tempi, amplitudasi, davomiyligi, intensivligi, ekspressivligi, uning leksikasi, grammatikasi, fonetikasi, lingvistik qurilishi va boshqalar; noverbal nutq ifodasini: mimika, pantomima va vokal mimikasi (musiqa ma`nosini tana a`zolari orqali ifodalash); vegetativ reaksiyalarning ko`rinishi: rangni qizarishi, oqarishi, terlash, nafas olishning tezlashuvi, sekinlashuvi va qiyinlashuvi.
Kuzatishning bosqichma – bosqichliligi, tadrijiyligi (ierarxiyasi) tarkiblari quyidagilardan tashkil topadi: - kuzatishning maqsadi, vazifalari, dasturi, qaydnomasi: bunda umumiy talablarga rioya qilish, yaxlit qayd qilish, kundalik, texnika vositalari (faktik holatlar), natijalarning tahlili, talqini va g`oyalarni ilgari surish. Kuzatishni ifodalash uslublari: tajribalarda to`plangan ma`lumotlarni alomat, belgi va simvolika orqali aks ettirish (piktogramma, chizgi, jadval, anagramma) va turli shakl, xususiyatli bayonnomalar, qaydnomalar yuzaga keltirish.
Psixologiya fanida kuzatishning quyidagi turlaridan foydalanish mumkin:
- izchil, epizodli, dala sharoitli, laboratoriyaviy - sun`iy, tabiiy, xronologiyali, davriy, bir martali kabilar. Insonning mehnat faoliyatini kuzatishda quyidagi vositalarni qo`llash maqsadga muvofiq:
- F.Gilbertning “Ish kuni fotografiyasi” metodikasi (rasmlarda ifodalangan ishchining harakatini kuzatish, ko`zdan kechirish orqali ularni tahlil qilish (sa`i- harakatlari bo`yicha tizim vujudga keltirish, ulardagi o`zgarishlarga binoan muayyan ketma-ketlikda joylashtirish);
- A.K.Gostevning xronokartasi (ikki yoki uch marta yarim soatdan smenada va smenadan keyin tekshiruv o`tkazish); - talabalarda dars boshida, o`rtasida va oxirida yoki boshqa vaziyatlarda: yordamchi yumush bilan shug`ullanish holati, dam olish, uyqu va shu kabilar.
Kuzatish metodining bir necha xil shakllari mavjud bo`lib, vazifalariga qarab ularning har biridan foydalanish mumkin: aralashib yashirin kuzatish, kuzatiluvchining psixologik portretini yaratish, aralashib oshkora kuzatish (o`smirlarda yuqori natijalar beradi), xulq-atvor portretini tahlil qilish va hakazo.
Kuzatilgan ob`ektni qayd qilishning turlari va vositalari mavjuddir: kundaliklar, foto, video, kinoapparatlarning mahsullari, voqelikning musavvir tomonidan faktik ifodalanishi, ta`kidlovchi, ta`birlovchi, umumlashtiruvchi xususiyatlari majmuasi. Kuzatish natijalarini umumlashtirishda ma`lumotlar miqdor va sifat jihatidan tahlil qilinadi, tajriba yakunlari bo`yicha g`oyalar, umumlashmalar, xossalar, qonuniyatlar, mexanizmlar, holatlarning ilmiy psixologik talqini amalga oshiriladi. Kuzatish yakunida to`plangan ma`lumotlar ilmiy hisobot sifatida muayyan qoidalarga asoslangan holda quyidagi tartibda joylashtiriladi: kirish, metodikalarning tasnifi, natijalarning bosqichma-bosqich tahlili, ularning muhokamasi, izlanishlarning xotimasi va xulosalari, amaliy xususiyatga ega bo`lgan tavsiyalar, ko`rsatmalar berilishi, foydalaniladigan adabiyotlar ro`yxati va nihoyat ilovalar (har bir qism o`ziga xos yakunlangan, tugallangan ma`no anglatishi lozim). Kuzatish metodi yordami bilan hatto nizoli (konfliktli) vaziyatlarni kuzatish ham mumkin. Nizoli vaziyatlar turli-tuman bo`lishidan qat`iy nazar kuzatish jarayonida ushbu holatlarga e`tibor berish zarur: nizoning mohiyatiga kirish, nizoning kuchayishi va uning tashqi va ichki omillari, nizoni pasaytirishga qaratilgan ta`sir o`tkazuvchi vositalardan foydalanganlik, nizo echimining topilishi, nizoli vaziyat bartaraf qilingandan keyingi psixologik holatning tasnifi. Kuzatish jarayonida R.Beylzaning interaksiya metodikasini (bahs, munozara jarayonida o`zaro ta`sir o`tkazish imkoniyatini aniqlash uchun) qo`llash ijobiy natijalar beradi:
a) umumiy muammo mohiyatiga guruh a`zolarini yo`naltirish;
b) guruh a`zolari tomonidan muammoni yechish yo`llarini baholash;
v) bahs (munozara, diskussiya) jarayonini nazorat qilish;
g) umumiy fikrga kelish uchun guruhiy qaror qabul qilish;
d) muammo echimiga erishishdagi guruh a`zolarining birdamligi va hamjihatligi.
Kuzatish yakunlari bo`yicha umumpsixologik xulosalar chiqarish, milliy, etnopsixologik, hududiy xususiyatlarni qat`iy ravishda sharhlash, yosh davrlari, jinsiy xususiyatlariga taalluqli mulohazalar bildirish - psixologik bilimlarning boyishiga olib keladi. Tajribalarda, kuzatishlarda to`plangan materiallar qiymatini oshirish uchun vujudga kelgan barcha omillarni psixologik tahlil qilish, statistik metodlardan unumli foydalanish zarur, toki bu mezonlar ma`lumotlarning ilmiylik darajasini yuksaltirishga xizmat qilsin.