Inson nima uchun hammadan kuchli? “Kunlardan bir kuni qirg‘ovul soy bo‘yiga suv ichish maqsadida kelibdi. Suv muzlab qolgan ekan, uni tumshug‘i bilan teshib, ozroq suv ichibdi. Biroq shu ozgina vaqt ichida qanoti muzga yopishib qolibdi.
– Ey muz, juda kuchli ekansan-ku! – xitob qilibdi qirg‘ovul.
– Yo‘g‘-e, – javob beribdi muz, – mendan yomg‘ir kuchli. Qachon yomg‘ir yog‘sa, men shu zahoti eriy boshlayman.
Bu suhbatni ko‘kdagi bulutlar bag‘rida eshitib turgan yomg‘ir ham tilga kiribdi:
– Nahotki, men kuchli bo‘lsam? Yo‘q, yer ancha kuchli. Qancha ko‘p yog‘may, u meni o‘ziga shimib oladi, – debdi. Shunda yer tilga kirib:
– O‘rmon mendan kuchli. U mening ustimda turadi, tomirlarini suqib vujudimdagi bor quvvatni so‘rib oladi, – debdi.
– Yo‘q, mening kuchim uncha ko‘p emas, – debdi o‘rmon. – Olov mendan kuchli. U alanga olsa bormi, ho‘l-quruq baravar yonadi!
Bu so‘zlarni eshitgan olov shunday debdi:
– Men shamoldan qo‘rqaman. U meni osongina o‘chirishi mumkin.
– To‘g‘ri, men daraxtni ildizi bilan qo‘porishim, alangani bir zumda o‘chirishim mumkin, – debdi shamol. – Lekin bir oddiy maysaning oldida ojizman. Qanchalar kuchli esmay, u qaddini tiklab olaveradi. Menimcha, maysa hammadan kuchli! Bunga maysa e’tiroz bildiribdi:
– Menda hech qanday kuch yo‘q. Qo‘y meni yeb qo‘yadi-ku! Shuning uchun qo‘y hammadan kuchli bo‘lsa kerak.
Buni eshitgan qo‘y bosh chayqabdi:
– Menda qanday kuch bo‘lsin? Bo‘ri kelib qolsa bormi, dumbamdan ayrildim deyavering! Yaxshilab o‘ylab ko‘ring! Hammadan kuchli o‘sha emasmikan? – debdi.
Birdaniga bo‘ri paydo bo‘lib qolibdi.
– E, sizlar hech narsani bilmaysizlar, – debdi u. – Dunyoda inson hammadan kuchli! U qirg‘ovullarni tutadi, muzni eritadi, yomg‘irga ham bo‘sh kelmaydi, yerni chopadi, o‘rmonni kesadi, olovni o‘chiradi, shamolni o‘ziga bo‘ysundiradi, maysa-o‘tlarni o‘radi, qo‘yni so‘yadi, biz bo‘rilarni ham otib o‘ldiradi.
Bularning barini eshitgan inson debdi:
– Yo‘q, adashasiz, aslida birimiz ikkinchimizdan kuchli emasmiz. Men sizlardan kuchli bo‘lishim mumkin. Lekin ko‘magingizga doim muhtojman. Siz qiladigan ishlarni men bajara olmayman. Birortangiz bo‘lmasangiz, men o‘z kuchimni yo‘qotaman. Demak, tabiatdagi hamma narsa bir-biriga zanjirdek bog‘langan. Biz faqat birlashsakkina, kuchli bo‘la olamiz”.