O`rgimchakkana-o`rgimchaksimonlarga mansub kanalar oilasiga kiruvchi hasharot. Ular texnika, poliz ekinlari hamda mevali daraxtlar ashaddiy zararkunandasi. O`rgimchakkananing oddiy o`rgimchakkana o`rgimchakkana atlant o`rgimchakkanasi, bog` o`rgimchakkanasi meva qo`ng`ir kanasi, meva qizg`ish kanasi kabi 100 ga yaqin turi maʼlum. O`rta Osiyoning sug`orma dehqonchilik mintaqalarida ko`p uchraydigan oddiy o`rgimchakkana hammaxo`r zararkunandadir. Tanasining uzunligi 0,4—0,5 mm, 4 juft oyoqli, tanasining ustki qismida 26 ta ingichka tukchalari bor, rangi yozda sarg`ish-ko`kimtir, kuzda, qishda va erta bahorda qizg`ish yoki qizil bo`ladi. O`simlik shirasi bilan oziqlanadi, o`simlik bargining orqa tomoniga uya yasaydi, shu joyda rivojlanadi. Natijada barglarda qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi, keyinchalik dog`lar bir-biriga qo`shilib barglar qo`ng`ir tusga kiradi va vaqtidan erta to`kilib ketadi, o`simlik mevalari yaxshi rivojlanmay nobud bo`ladi.
O`rik- raʼnoguldoshlar oilasiga mansub mevali daraxt. Vatani — Oʻrta Osiyo. O`rikning Osiyoda 10 turi maʼlum. Oddiy o`rik (Armeniaca vulgaris), manchjuriya o`rigi (A. mandshurica), sibir o`rigi (A. sibirica), david o`rigi (A. davidiana) va qora o`rik (A. dasycarpa) turlari keng tarqalgan. Shimoliy Hindiston, Eron, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Shimoliy va Janubiy Afrika, Shimoliy Amerika mamlakatlari va Avstraliya, Oʻrta Osiyo, Zakavkazye hamda Rossiyaning Yevropa qismi janubida yetishtiriladi. Oʻrta Osiyoda va Xitoyda 5 ming yil, Janubiy Yevropada 2 ming yil oldin madaniylashtirilgan. O`rikning 500 dan ortiq navi bor. Oʻzbekistonda, asosan, oddiy o`rik turi ekiladi. Boʻyi 5–8 m, shox-shabbasi keng. Bargi keng tuxumsimon, guli oq yoki pushti, barg yozishdan oldin ochiladi. Mevasi etli, yumaloq, tuxumsimon, oq, sariq, qizgʻish; danagidan ajraladigan va ajralmaydigan xillari bor, shirin, shirinnordon bo`ladi. O`rik yangiligida yeyiladi, turshak, bargak solinadi, konserva (murabbo, jem, kompot) qilinadi. Danagidan danakshoʻrak tayyorlanadi, xalq tabobatida mevasi va turshagidan yurakqon tomir tizimi kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Ekilganidan soʻng 4—5yili hosil beradi, 15—17 yoshda toʻliq hosilga kiradi. Oʻzbekistonda mart—aprelda gullaydi, naviga qarab may—iyulda pishadi. Oʻrik issiqsevar, yorugʻsevar, qurgʻoqchilik va issiqlikka chidamli, lekin namlik yetishmaganda hosilli shoxlari meva tugmaydi. Gullagan paytda bahorgi qorasovuqlardan zararlanadi.