3-seminar mashg’uloti. YER QOBIG’I: LITOSFERA, GIDROSFERA (2 soat) Umumiy ma’lumot. Litosfera. Yerning ichki tuzilishi va tashqi qobiqlari.
Yerning ichki tuzilishi haqida zil - zilalar ta’sirida hosil bo’ladigan seysmik to’lqinlarni kuzatish aniq ma’lumotlar beradi. Yer qimirlaganda uch xil seysmik to’lqinlar hosil bo’ladi:
- yuza to’lqinlar, ular yer yuzasi bo’ylab tarqaladi va tezligi kam bo’ladi;
- bo’ylama to’lqinlar, moddalarning o’rtacha holati yaqinida to’lqinlar yo’nalishi bo’yicha elastik tebranishi, ya’ni ketma - ket qisilib cho’zilishidir. Bunday to’lqinlar har qanday muhitda ham tarqalaveradi, eng katta tezlikka ega bo’ladi va seysmik stansiyalarga eng oldin yetib keladi;
- ko’ndalang to’lqinlar, moddalarning to’lqin tarqalish yo’nalishiga nisbatan perpendikulyar tebranishlardir. Bular moddalarning siljishi bilan bog’liq, ya’ni moddalarning shaklini o’zgarishi bilan bog’liq. Bu to’lqinlar faqat qattiq moddalardan o’tadi, suyuq va gazsimon muhitlardan so’nib qoladi, chunki suyuq va gazsimon moddalar shakl o’zgarishiga qarashlik qilmaydi.
O’rta va quyi mantiyada moddalar zichligi yuqoridir. Yer po’sti yerning tashqi qatlamlari majmuasidir. U mantiyadan Moxo chegarasi bilan ajralib turadi. Bu yerda moddalar qattiq holatda bo’ladi. Mazkur Moxo chegarasi aniq chegara bo’lib, yer yuzasining hamma joyida bor. Mantiyadan yer po’stiga o’tishda bosim shunchalik pasayib ketadiki, gabbrodan bazalьtga o’tiladi. Bundan moddalar hajmi 15% ga oshadi va shunga mos ravishda zichlik kamayadi.
Yerning tashqi va ichki qobiqlari doimo o’zaro ta’sirda bo’ladi. Mazkur ta’sir quyidagilarda namoyon bo’ladi:
- dastavval o’zaro ta’sir yer yuqori qatlamlarining ichki qatlamlariga yuqori bosimda namoyon bo’ladi. Mazkur bosim shunchalik kattaki, u zich yadro va qalin mantiyaning vujudga kelishiga sabab bo’ladi;
- yuqori bosim radiaktiv parchalanish bilan birga issiqlik hosil qiladi. Bu issiqlik Yerning ichki qismidan uning yuzasiga chiqib keladi va yiliga 50 - 60 kal sm2 ni tashkil qiladi. Bu issiqlikning yer yuzasi uchun bevosita ahamiyati katta, u yer Quyoshdan oladigan issiqlikning 0,001 ulushini tashkil qiladi. Lekin mazkur issiqlik tufayli yer po’sti ostidagi mantiya qizigan holatda bo’ladi. Bu esa yer po’sti va mantiyada tektonik jarayonining faoliyatini ta’minlaydi.
Yerning tashqi qobiqlari. Ilgari aytganimizdek, georafik qobiqda moddalar og’irligiga qarab qatlam - qatlam bo’lib joylashgan. Og’irroq moddalar quyi qatlamni, o’rtacha og’irliqdagi moddalar o’rta qatlamni va yengil moddalr yuqori qatlamni tashkil qilgan. Har bir qatlam yoki qobiq nisbatan bir xil molddalardan tuzilgan. Litosfera qattiq moddalardan, atmofera gazsimon moddalardan, gidrosfera suyuq moddalardan, biosfera esa tirik moddalardan iborat.
Qattiq moddalardan, ya’ni tog’ jinslaridan tuzilgan litosfera quyida, o’rtacha zichlikka ega bo’lgan gidrosfera o’rtada, gazlardan iborat atmosfera yuqorida, tirik organizimlardan iborat biosfera esa ularning ichida joylashgan.
Demak, yerning ichki qobiqlari yadro, mantiya, tashqi qobiqlariga esa Yer po’sti, gidrosfera, atmosfera va biosferadan iborat. Yerning yadrosi 2900 km. dan boshlanadi va ichki hamda tashqi yadroga bo’linadi. Tashqi yadroning qalinligi 2080 km, u 2900 km, dan 4980 km chuqurliklar orasida joylashgan. Ichki yadro 4980 km dan Yerning markazigacha bo’lgan chuqurliklarda joylashgan. Yadro asosan temir va nikeldan iborat
Mantiya Moxo chegarasidan (70 - 80 km) 2900 km chuqurlikkacha davom etadi. Mantiya asosan magniy, kislorod, temir, kremniy va boshqa moddalardan iborat. Mantiya uchta qatlamdan iborat: quyi (1000 - 2900 km), o’rta (300 - 1000 km), yuqori dunit (70 -300 km) Yuqori mantiya dunitlardan - magniy bilan temirga boy bo’lgan silikat jinslardan tashkil topgan.
Litosfera. Litosfera (grekcha litos - tosh, sfera - qobiq) murakkab tuzilishga ega bo‘lgan asosan qattiq tog‘ jismlaridan tashkil topgan yerning qattiq tosh qobig’idir. U o’z ichiga yer po‘stini va yuqori mantiyaning astenosferasigacha bo‘lgan qismini olib 200 km chuqurlikkacha davom etadi.
Litosfera geografik qobiqning bir qismi sifatida juda mhum ahamiyatga ega. Chunki, yer yuzida sodir bo‘ladigan barcha tabiiy geografik jarayonlar litosfera va uning rivojlanish evalyutsiyasi bilan bog‘liq holda vujudga keladi. Bundan tashqari kishilik jamiyatining butun hayoti litosfera yuzasida u bilan o‘zaro aloqada sodir bo‘ladi.
Litosfera yuqori mantiyadagi yumshoq, yopishqoq xamirga o’xshagan astenosfera qatlami ustida joylangan. Litosfera astenosfera qatlami ustida izostatik ravishda muvozanatlashgan, ya’ni litosfera bo’laklari og’irligi va zichligiga qarab Arximed qonuniga binoan joylashadi.
Litosferaning quyi qismiga yuqori mantiya qatlamining bir qismi ham kiradi. Mazkur qatlam yer po’stidan Moxo chegarasi bilan bo’lingan. Mazkur chegarada yuqorida aytilganidek, moddalarning zichligi keskin o’zgaradi. Astonosferaga ta’sir etadigan litosfera va gidroferaning uchta ustuni tasvirlangan. Ular astenosferaga bir xil bosimda ta’sir etadi. Litosferaning yuqori qismini yer po’sti tashkil qiladi. Unda hayot 3 - 4 km chuqurlikgacha masofada tarqalgan.
Litosfera uzoq vaqt davom etgan gealogik jarayonlar ta’sirida vujudga kelgan magmatik cho‘kindi va metamorfik jinslarning yig‘indisidan tashkil topgan.
Yer po’stining tuzilishi va tarkibi.Yer po’stining tuzilishi. Yer po’sti tuzilishiga ko’ra uch turga bo’linadi: materik, okean va oraliq.
Materik yer po’sti asosan quruqlikda tarqalgan va uchta qatlamdan iborat:
- cho’kindi qatlam, qalinligi 10 km, cho’kindi jinslardan iborat;
- granitli qatlam, qalinligi 10 - 15 km, zichligi yuqoridagi qatlamga nisbatan ancha yuqori;
- bazalt qatlami, qalinligi 15-35 km.
Materik yoki yer po’stining o’rtacha qalinligi 30 - 40 km., tog’li o’lkalarda esa 70-80 km o’rtacha zichligi 2,7 gg’sm3 .
Okean Yer po’sti ikki qatlamdan iborat:
- cho’kindi qatlam, qalinligi 2-5 km cho’kindi jinslardan iborat;
- bazalt qatlami, qalinligi 5-10 km.
Okean yer po’stining umumiy qalinligi 6 km dan 15 km. gacha O’tkinchi yoki oraliq yer po’stida materik va okean yer po’sti xususiyatlari ham uchrab turadi. Bu yerda okean po’stini materik yer po’stiga aylanishi sodir bo’lib turadi.
Yer po’stining tarkibi. Yer po’sti kimyoviy elementlardan, minerallardan va tog’ jinslaridan iborat. Yer po’sti tarkibida quyidagi kimyoviy elementlar uchraydi: kislorod (47%), kremniy (29,5%), alyuminiy (8,05%), temir (4,65%) kalьsiy (2,96%), natriy (2, 5%) kaliy (2,5%), magniy (1,87%), titan (0,45%) va boshqalari-0,52% Demak, yer po’stida tarqalgan 9-ta asosiy element 99,48% ni tashkil qiladi.
Kimyoviy elementlar birlashmasiga mineral deb ataladi. Tog’ jinslari esa bir necha minerallarni tabiiy birikmasidir. Tog’ jinslari monomineralli va polimineralli bo’ladi. Monomineralli tog’ jinslari bitta mineraldan tashkil topadi, masalan, kvars, kvars mineralidan iborat. Polimineral tog’ jinslari bir necha minerallardan iborat. Masalan, granit quyidagi minerallardan tashkil topgan: kvars, slyuda, dala shpati.