Sirdaryo Tyanshan tizimining markazida joylashgan Oqshiroq tog’idan boshlanuvchi Norin daryosining Oloy tog’I va Farg’ona tog’idan boshlanuvchi Qoradaryo bilan qo’shilishidan vujudga keladi va Orolga borib quyiladi. Sirdaryoning uzunligi 2137 km, suv yig’adigan havzasi 150,1 ming km2.
Sirdaryoning Farg’ona vodiysida bir qancha irmoqlari bo’lsada, ularning suvi sug’orishga sarflanib daryoga kelib yetmaydi. Farg’ona vodiysidan chiqqach, unga o’ng tomondan Ohangaron, Chirchiq, Kelas, Aris kabi irmoqlari kelib qo’shiladi. Sirdaryo tekislik xususiyatiga ega bo’lib, nisbatan sekin, ilon izi o’zan hosil qilib oqadi.
Sirdaryo, Norin va Qoradaryoning qo’shilishidan vujudga kelganligi sababli oqimining xususiyati o’sha ikki daryoga o’xshash. Lekin Sirdaryo suvining 78 foizi Norin, 22 foizi Qoradaryo zimmasiga to’g’ri kelganligi tufayli Sirdaryo ko’proq Norindaryosi oqimi xususiyatiga o’xshashdir.
Sirdaryo qorli suvdan to’yinadigan turiga kirib, to’lin suv davri may-iyun oylariga, eng kam suvi esa yanvar-fevral oylariga to’g’ri keladi. Sirdaryoning o’rtacha yillik suv sarfi Bekobod yaqinida sekundiga 568 m3, Chirchiqdaryosi qo’shilgandan so’ng 724 m3 suv oqizadi. Eng ko’p suvi iyun oyiga to’g’ri kelib, sekundiga 1262 m3, eng kami esa 336 m3 suv oqizadi. So’ngi yillarda Sirdaryo suvi sug’orishga ko’plab sarflanishi oqibatida u Orolga juda kam suv quymoqda.
Sirdaryo Amudaryoga nisbattan loyqasi kamroq bo’lib, har kub m. suvida 2,17 kg loyqa mavjud. Sirdaryo muzlaydi, Farg’ona vodiysida 10 kungacha, o’rtacha qismida 110 kungacha, quyi qismida esa 140 kungacha muzlaydi.Sirdaryoning eng muhim irmoqlari Norin, Qoradaryo va Chirchiqdir.
Suv omborlari. O’rta Osiyo hududidagi daryolar hududidagi daryolar suv rejimini tartibga solib, bahorgi, qishki va kuzgi suvlarni to’plab, yozda ekin dalalariga berish maqsadida bir qancha suv omborlari barpo etilgan. Bulardan tashqari gidroelektrostansiyalarining bir xil ishlab turishi uchun ham suv omborlarining ahamiyati katta. O’lka hududida 50 ga yaqin suv omborlari mavjud. Ularning eng muhimlari quyidagilar: Chordara, To’xtag’ul, Qayroqqum, Chorvoq, Tuyamo’yin, Hovuzxon, Norak, Kattaqo’rg’on, Andijon, Tollimarjon, Janubiy Surxon va boshqalar.