Anhor kanali- Anhor- termini asli arabcha nahr so`zining ko`pligi. Arablar katta ariq, kanal, daryo kabilarni nahr deganlar.
Anjir- (Ficus carica) – tutdoshlar (anjirgullilar) oilasiga mansub subtropik meva turi. Turkiya, Jazoir, Yevropaning janubida, AQShda katta maydonlarni egallaydi, Kavkaz, O‘rta Osiyo, Qrimda ham yetishtiriladi. Yovvoyi holda O‘rta dengiz bo‘yi, Kichik Osiyo, Eron, Shimoli-g‘arbiy Hindistonda o‘sadi. Anjir juda qadimdan madaniylashtirilgan o‘simlik hisoblanadi (Osiyoda 5 ming yildan, Yevropada kamida 2 ming yildan beri). Anjir daraxtining bo‘yi 4 – 10 m, shoxlari qalin, yoyilib o‘sadi, novda, barg va mevasida sutsimon shira bor. Bargi yirik, 3 – 7 bo‘lmali, ba’zan bo‘lmasiz, to‘q yashil, orqasida tuklari bor. Bir yilda 2 – 3 marta gullaydi (aprel – may, iyun – iyul, avgust). Ammo uning gulini biz ko`rmaymiz. Anjir asosan bir yillik pishgan novda qalamchalaridan ko‘paytiriladi. 2 – 3 yoshdan meva tugib, 7 – 10 yoshda g‘arq hosilga kiradi, 50 – 80 yil meva beradi, 150 – 200 yilgacha yashaydi. Bir tupi 50 kg gacha meva qiladi. Anjir bir mavsumda ikki marta hosil beradi. Birinchi hosil (xoki anjir) ancha kam bo‘lib iyun – iyul oylarida, ikkinchisi (asosiy) hosil sentabr oyida pishadi. Anjir ho‘lligicha yoki qoqi hamda konserva holida iste’mol qilinadi, jem, murabbo tayyorlanadi. Anjir bargi uzum va mevalarni quritishda ishqor sifatida, "suti" teri kasalliklarini (kal, so‘gal, temiratki), chayon va ari chaqqan joylarni davolashda ishlatiladi. Anjir to‘plari sovuqqa chidamsiz bo‘lganidan O‘zbekiston sharoitida qishda ko‘milib, bahorda ochiladi. Anjir namga ancha talabchan, yengil va serunum tuproqda yaxshi o‘sadi. Sho‘rlangan yoki shag‘alli tuproqlarda deyarli o‘smaydi. Anjir tupiga 3 – 4 ta asosiy tanali buta ko‘rinishida shakl be-riladi. Yozda bir-ikki marta shu yili chiqqan qalinlashtiruvchi novdalar, g‘ovlagan novdalar, qurigan shoxlar kesib tashlanadi. O‘zbekistonda kadeta, sariq anjir, qora anjir, chapla va boshqa navlari ko‘p ekiladi.
Anor-(Punica granatum) anordoshlar oilasiga mansub, butasining balandligi 1,5 metrdan 6 metrgacha bo`lgan o`simlik bo`lib, barglari yaltirab turadi. Ingichka, qizg‘ish novdalarning uchida za’faron rangli gullari bo`ladi. Mevasining po`stlog‘i qizg`ish aralash to`q-sariq, kattaligi apelsinday keladi. Po`stloq ichida qizg‘ish, shirali urug‘lar bo`lib, ulardan asosan salqin ichimliklar tayyorlanadi. Anordan tayyorlangan ichimliklar issiqda chanqoqni qondirib, organizmga bardamlik bag‘ishlaydi.