Toy- Toza metall- Traktor-(inglizcha tractor, lotincha traho — tortaman, tashiyman degan ma`noni bildiradi) - dvigatel yordamida harakatlanuvchi gʻildirakli yoki gusenitsali (zanjirli) oʻziyurar mashina. Traktor qurilish, qishloq xoʻjaligi ishlari va boshqa ishlarni bajarish, tirkama, oʻrnatma va yarim oʻrnatma jihozlarni tortish va harakatlantirish, muqim mashinalarni ishga tushirish uchun moʻljallangan. Bugʻ mashinasi oʻrnatilgan birinchi g`ildirakli traktor 1830 - yilda Angliya va Fransiyada paydo boʻlgan, transport va harbiy ishda ishlatilgan. 1890-yilda AQSH da qishloq xoʻjaligi ishlarida qoʻllanilgan. Gusenitsali traktorni Rossiyada D. A. Zagryajskiy (1837) va A. P. Kostikov Almazovlar (1889) ixtiro qilishgan. 1912 yildan AQShda, keyinchalik Germaniya va boshqa mamlakatlarda gusenitsapi T. ishlab chiqarila boshlandi. Oʻzbekistonda 1967-yil Toshkent traktor zavodida paxtaga modifikatsiya qilingan gʻildirakli traktorlar ishlab chiqarila boshladi. Yurish qismining tipiga qarab, qishloq xoʻjaligi va sanoatda ishlatiladigan traktorlar farqlanadi. Qishloq xoʻjaligi traktorlarining oʻziga xos xususiyati shundaki, ular qishloq xoʻjaligidagi texnologik jarayonlarning agrotexnik talablariga mos boʻladi. Sanoat traktorlarining oʻziga xos xususiyati ekinlarni sugʻorish va botqoqliklarni quritish hamda yoʻllar qurish va boshqa ishlarida ishlatiladigan maxsus jihozlar (buldozer, trelyov oʻrnatiladigan va boshqalar)ning mavjudligi hisoblanadi. Qishloq xoʻjaligi traktorlari umumiy ishlarga moʻljallangan (tuproqqa yoppasiga ishlov berish, ekish va boshqa uchun), universal chopiq (egatlar orasiga ishlov berish uchun), maxsus (bogʻpoliz, tokzor va boshqa uchun) xillarga boʻlinadi. Umumiy ishlarga moʻljallangan traktor yer haydash, ekin ekish, yoppasiga kultivatsiya qilish, yigʻim-terim va boshqa ogʻir ishlarda qoʻllaniladi. Dvigateli kuchli, tortish kuchi katta, yoʻl tirqishi kichik boʻladi. Universal chopiq traktori, asosan, chopiq qilish va hosilni yigʻishda ishlatiladi. Tortish kuchi umumiy ishlarga moʻljallangan traktorlarnikidan kichik, yoʻl tirqishi ancha katta boʻladi.