— iste’molchilarga sotuvga chiqarilgan tovar haqida xabar berish;
— mazkur tovar iste’molchilarning qaysi ehtiyojlarini qondirishi haqida
ma’lumot berish;
— iste’molchilarni tovarni sotib olishga undash va ularning moyilligini oshirish.
Reklama – iste’molchilarga tovar haqida ma’lumot berish orqali ularning
tovarga bo‘lgan talabini oshirishga qaratilgan tashviqot tadbiri.
Bozorda o‘rnashish bosqichida tovarni sotish uchun ham sotuvchiga, ham
xaridorga qulay bo‘lgan joy va vaqt tanlanadi. Shu bilan birga, bozorda firma o‘z
o‘rnini topib, o‘rnashib olishiga qaratilgan uzoqni ko‘zlovchi tadbirlar amalga
oshiriladi. Tovarni bozorga yetkazish, uni saqlash va sotish joylari aniqlanadi.
Xaridorlarni jalb etish va ularning tovarni sotib olishga bo‘lgan moyilligini oshirish
yoki saqlab turish maqsadida, tovarni sotishdan oldingi va sotishdan keyingi servis
xizmati turlari ko‘rsatiladi. Zamonaviy axborot texnologiyalarining, xususan,
internet tarmog‘ining jadal sur’atlar bilan kengayib borishi, marketing rivojiga
katta turtki bo‘ldi. Endilikda, marketing faoliyati jadallashib, uning samaradorligi
oshib bormoqda.
Televideniyadan berilayotgan reklamalarni tomosha qilasizmi? Ularning
sifati haqida nima deya olasiz? Reklamalar yaqin o‘tgan kunlarda qaysi tovarni
sotib olishingizga sababchi bo‘ldi?
Bu haqda o ‘
ylab ko ‘
ring! TOVARNI SOTISH YO‘LLARI VA NARXLAR Tovarni bevosita ishlab chiqaruvchi korxonaning o‘zi sotishi mumkin. Bu
holatda, korxona tovarni ishlab chiqarish uchun sarflagan xarajatlariga ustama
foydasini qo‘shib, tovarni ishlab chiqarish narxida sotishga harakat qiladi. Tovarni
ishlab chiqaruvchidan xaridorga yetkazish ishi bilan vositachi savdo tashkilotlari
ham shug‘ullanadi. Tovarni ishlab chiqaruvchidan sotib olib, katta-katta hajmda
sotuvchilar ulgurji savdo tashkilotlari deb ataladi. Ular tovarni ulgurji narxda
sotishadi. Tovarni donalab yoki kichik hajmlarda iste‘molchilarga sotuvchilar
chakana savdo tashkilotlari deb ataladi. Savdo do‘konlari chakana savdo
tashkilotlaridir. Odatda, tovarning chakana narxi ulgurji narxidan, ulgurji narxi
esa ishlab chiqarish narxidan baland bo‘ladi.
1. Nima sababdan marketing bozor iqtisodiyotiga xos tushuncha hisoblanadi?
2. Marketing faoliyatidan ko‘zlangan asosiy maqsadlarni sanang.
3. Marketing tadqiqotlari bosqichlarini sanang va biror firma misolida sharhlab
bering.
4. Tovarni reklama qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlarni sanang.
5. Reklamaning afzallik va kamchiliklarini aytib bering.
6. Biror tovarga bo‘lgan talabni oshirish maqsadida nimalar qilgan bo‘lar edingiz?
7. Zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanib borishi marketing tizimiga
qanday ta’sir qilmoqda?
8. Tovarni sotish yo‘llari haqida nimalar bilasiz?
9. Bozorda o‘rnashish deganda nimani tushunasiz?
10. Ulgurji va chakana savdo tashkilotlari haqida nimalar bilasiz?