Iqtisodiy bilim asoslari


Тakrorlash uchun savollar va topshiriqlar



Yüklə 4,67 Mb.
səhifə88/254
tarix05.12.2023
ölçüsü4,67 Mb.
#173693
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   254
Iqtisodiy bilim asoslari

Тakrorlash uchun savollar va topshiriqlar:


1. Yaratilgan milliy mahsulotning qanday qismi ish haqi shaklini oladi?
2. Real ish haqi darajasi qanday omillar ta’siri ostida o‘zgaradi?
3. Тarif tizimi o‘z ichiga qanday tarkibiy qismlarni oladi?
4. Mehnat munosabatlari deganda nimani tushunasiz?
5. Kasaba uyushmasi nima va uning qanday turlari mavjud?
6. Mehnat shartnomasi nima va unda qanday masalalar o‘z ifodasini topadi?
7. Ishlab chiqarish sarf-xarajatlarining mohiyatini va tarkibini tushuntiring.
8. Ichki va tashqi xarajatlar o‘rtasidagi farq nimadan iboratligini misol orqali tushuntiring.
9. O‘rtacha doimiy, o‘zgaruvchi va umumiy xarajatlarning mazmuni hamda ularning ahamiyatini tushuntirib bering.
10. Foydaning mazmunini va manbaini tushuntiring.
11. Yalpi foydaning taqsimlanish tartibini tushuntirib bering.
12. Foyda massasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni izohlab bering.
8-mavzu. Agrar munosabatlar va agrobiznes.



  1. Agrar munosabatlar va ularning bozor tizimidagi xususiyatlari.

  2. Ijara haqi va renta munosabatlari.

  3. Agrosanoat integratsiyasi va uning asosiy ko‘rinishlari.

  4. Agrobiznes va uning turlari.

  5. O‘zbekistonda agrar islohotlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari.



Тayanch iboralar: agrar munosabatlar, yerga egalik qilish, tasarruf etish, undan foydalanish, ishlab chiqarish natijalarini o‘zlashtirish, renta munosabatlari, differensial renta i va ii, absolyut (mutloq) renta, monopol renta, undirma sanoatda renta, agrosanoat majmuasi, ishlab chiqarish infratuzilmasi, ijtimoiy infratuzilma, agrosanoat integratsiyasi, agrobiznes.



  1. Agrar munosabatlar va ularning bozor tizimidagi xususiyatlari.

Agrar sohada ishlab chiqarish ko‘p jihatdan yer bilan bog’liq bo‘ladi. Yerga egalik qilish, tasarruf etish va undan foydalanish bilan bog’liq bo‘lgan munosabatlar agrar munosabatlar deyiladi.


Bizning mamlakatimizda esa yer davlat mulki bo‘lib, u uzoq muddatli ijara sifatida foydalanishga berilayapti.
Qishloq xo‘jaligida takror ishlab chiqarishning muhim xususiyatlaridan biri shundaki, bu yerda ishlab chiqarish jarayoni bevosita tirik mavjudotlar - yer, o‘simlik, chorva mollari bilan bog’liq bo‘ladi va tabiiy qonunlar iqtisodiy qonunlar bilan bog’lanib ketadi. Bunda yer mehnat quroli va mehnat predmeti sifatida qatnashadi. Yerning boshqa ishlab chiqarish vositalaridan farqi shundaki, undan foydalanish jarayonida u yeyilmaydi, eskirmaydi. Aksincha, agar undan to‘g’ri foydalanilsa, uning unumdorligi oshib boradi.
Yerning hosil berish qobiliyatiga tuproq unumdorligi deyiladi. U tabiiy yoki iqtisodiy bo‘lishi mumkin.
Uzoq yillar davomida kishilarning hech qanday aralashuvisiz, tabiiy o‘zgarishlar natijasida yerning ustki qatlamida o‘simlik «oziqlanishi» mumkin bo‘lgan turli moddalarning vujudga kelishi yerning tabiiy unumdorligi deyiladi.
Agar tuproq unumdorligi kishilarning tabiatga ta’siri natijasida, ya’ni tuproq tarkibi va dehqonchilik usullarini yaxshilash sun’iy yo‘l bilan, masalan, yerni organik va kimyoviy o‘g’itlash, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash, ilmiy asoslangan sug’orish, irrigatsiya va melioratsiya kabi ishlab chiqarish usullarini joriy qilish hamda boshqa shu kabi yo‘llar bilan amalga oshirilsa, bu iqtisodiy unumdorlikni tashkil qiladi.
Yerdan olinadigan hosil ko‘proq mana shu yerning tuproq unumdorligini saqlash va uni oshirish, ya’ni insonning, aniqrog’i ishchi kuchining, jonli mehnatning yerga faol ta’siri bilan bog’liq bo‘ladi. Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari kabi qishloq xo‘jaligida ham ishlab chiqarish uning omillarining bevosita birikishi asosida sodir bo‘ladi. Bunda ishchi kuchi faol bo‘lib, asosiy rolni o‘ynaydi. Qishloq xo‘jalik korxonalarida yerdan boshqa barcha ishlab chiqarish vositalari xususiy, shaxsiy, jamoa mulk shaklida bo‘lishi mumkin. Hozirgi paytda qishloq xo‘jaligida xo‘jalik yuritishning asosiy ko‘rinishlari shirkat, fermer, dehqon xo‘jaligi shakllarida bo‘lib, ularda turli iqlim va tuproq sharoitlarida ishlab chiqarish olib boriladi.
Qishloq xo‘jalik korxonalarida ham asosiy kapital turli xil traktorlar, mashinalar, transport vositalari, bino, inshootlar, ko‘p yillik daraxtlar, mahsuldor chorva hamda ish hayvonlari, shuningdek, xizmat muddati bir yildan ortiq bo‘lgan turli xil asbob-uskunalardan tashkil topadi.
Qishloq xo‘jaligida muhim ishlab chiqarish vositasi hisoblangan yer pul bilan bilan baholanmasligi, ya’ni qiymati o‘lchanmasligi tufayli, kapital qiymati tarkibida hisobga olinmaydi. Qishloq xo‘jaligida mavjud bo‘lgan asosiy kapitalning ayrim turlari, masalan, ko‘p yillik daraxtlar, mahsuldor chorva, ish hayvonlari, sug’orish inshootlari va boshqalar sanoat tarmoqlarida bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish vositalari hisoblangan binolar, sug’orish inshootlari va boshqalar ishlab chiqarish natijasini oshirishga faol ta’sir o‘tkazadi, sanoat tarmog’ida esa ular birmuncha sustroq va bilvosita ta’sir o‘tkazadi. Shunga binoan qishloq xo‘jaligidan kapitalning tarkibida turli inshootlar, binolar, uzatma mexanizmlar va boshqalarning hissasi ko‘proq. Qishloq xo‘jaligida takror ishlab chiqarishni amalga oshirishda asosiy kapital ham qatnashadi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarida aylanma kapital quyidagilardan tashkil topadi: yosh va boquvdagi hayvonlar, yem-xashak, urug’lik fondlari, kimyoviy o‘g’itlar, xizmat muddati bir yildan kam bo‘lgan turli xil ishlab chiqarish vositalari – inventarlar, yoqilg’i va moylash materiallari hamda shu kabilar. Ishlab chiqarish jarayoni qishloq xo‘jaligida aylanma kapitalning ko‘pgina qismi hali tugallanmagan ishlab chiqarish shaklida bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning miqdori yerning hosildorligi, uning sifatiga bevosita bog’liq bo‘ladi. Yerning tabiiy, biologik, iqtisodiy va texnikaviy sharoitlarini yaxshilash ham qishloq xo‘jaligida mavjud bo‘lgan kapitalning doiraviy aylanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bu omillardan to‘laroq foydalanish har bir xo‘jalikning muhim vazifasidir.
Тabiiy omillar qishloq xo‘jalik mahsulotining bevosita ko‘payishiga ta’sir etsa ham, mahsulotning qiymatini oshirmaydi, ya’ni qiymat yarata olmaydi. Ishlab chiqarish tabiiy sharoitlar bilan bog’liq bo‘lganligi uchun ham bu yerda ish davri va umumiy ishlab chiqarish vaqti o‘rtasidagi muddat sanoatga nisbatan birmuncha uzoqroq bo‘ladi. Masalan, qishloq xo‘jaligida turli ekinlarni ekib bo‘lingandan to hosil yig’ishtirib olinguncha ishlab chiqarish vaqti davom etadi. Ish davri esa shu vaqt ichida qishloq xo‘jalik ekinlari mehnat ta’sirida bo‘lgan kunlar hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish jarayoni mavsumiyligi bilan xususiyatlidir. Bu hol qishloq xo‘jaligida mavjud bo‘lgan mehnat vositalaridan, ya’ni kombayn, turli ekish asboblari va shu kabilardan foydalanish vaqtiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Boshqacha qilib aytganda, bu mehnat vositalaridan yilning ma’lum muddatlaridagina foydalaniladi, qolgan vaqtda esa ular bekor turadi. Masalan, seyalkadan ekish davomida foydalanilsa, g’alla o‘rish kombaynlari, paxta terish mashinalari esa yiliga 20-30 kun yig’im-terim paytida ishlatiladi, xolos. Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligida mehnatning kapital va energiya bilan qurollanish darajasi moddiy ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlariga nisbatan yuqori bo‘lishini taqozo qiladi, lekin bu yerda asosiy va aylanma kapital harakati sustroq.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil qilishda yuqorida sanab o‘tilgan xususiyatlarni hisobga olib, ishni tashkil qilish uning samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir. Bizning mamlakatimizda aholining nisbatan zichligi va qishloq xo‘jaligiga yaroqli yerlarning cheklanganligini hisobga olib, yerga xususiy mulkchilik joriy qilinmadi, unga davlat mulki saqlanib qoldi. Lekin, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqib, oqilona agrar islohotlar amalga oshirilmoqda va bu jarayon chuqurlashtirilmoqda.
O‘zbekistonda yer davlat mulki hamda umummilliy boylik bo‘lganligi sababli yerga bo‘lgan mulkchilik, yerga egalik qilish va yerdan foydalanish masalalari alohida ajratib tahlil qilinishi lozim.

Yüklə 4,67 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   254




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin