1. Iqtisodiy faoliyat konsepsiyasi unig asoslari Inson ehtiyojlari turli-tuman bo’lib, ularni turli usullar, vositalar orqali qondirishga harakat qiladi.
Insonning ehtiyojini qondirish, ya’ni tirikchilik, hayot kechirishini ta’minlashning vosita va usullari majmui iqtisodiy faoliyat deb ataladi.
Agar iqtisodiy faoliyatni insonni hayot kechirishini ta’minlovchi faoliyat tarzida qarasak, uni kishilik jamiyati taraqqiyoti tarixi davomida rivojlanishini ikki asosiy tipga bo’lishimiz mumkin:
1) o‘zlashtiruvchi va 2) ishlab chiqaruvchi.
Kishilik jamiyatining dastlabki bosqichida insonlar tabiatdagi bor narsalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirish bilan hayot kechirganlar.
Insoniyat ma’lum bir paytdan esa obyektiv zarurat tufayli tabiatdagi tayyor ne’matlarni o‘zlashtiruvchidan ishlab chiqaruvchiga aylandi. Shu paytdan boshlab, uning mehnati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Mehnat iqtisodiy jarayonga aylandi. Endi insonlar tabiat ne’matlarini ehtiyojlariga moslashtirishga o‘tdilar.
Iqtisodiy faoliyat inson hayotining asosini tashkil etadi. U juda murakkab, turli hodisa va jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Kishilik jamiyati yashar ekan, bu jarayonlar uzluksiz davom etadi.
Iqtisodchilar iqtisodiy faoliyatni nazariy jihatdan to‘rt fazaga bo‘lishadi: ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimot, iste’mol. Insonlarning xo‘jalik yuritish faoliyatining natijasi ijtimoiy mahsulot bo’lib, uning harakati ana shu to’rt fazani bosib o‘tadi va uzluksiz takrorlanadi.
Ishlab chiqarish. Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanadi. Bu jarayondan ishlab chiqarish omillari o’zaro birikib, insonlarning turli-tuman ehtiyojlarini qondiradigan ne’matlar yaratiladi.
Iqtisodchilar ishlab chiqarishda uch marta yirik inqilob yuz bergan va u muvofiq tarzda iqtisodiy taraqqiyotda uch marta yangi davrni boshlab berganini e’tirof etadilar. Bunda o‘ziga xos boshlang‘ich nuqta rivojlangan industrial (sanoat) ishlab chiqarishning vujudga kelishi bo’lib u markaziy o‘rinni egallaydi, undan so‘ng: industrial ishlab chiqarishga qadar bo’lgan davr, ya’ni toindustrial va postindustrial (lotincha post - keyin) davrlarga bo‘linadi.
Ishlab chiqarishning industrial rivojlanishga qadar bo’lgan (toindustrial) bosqichi quyidagi xususiyatlarga ega:
— iqtisodiyotning dastlabki sferasi — qishloq xo‘jaligi ustun bo‘ladi;
— aholi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan band;
— asosan qo‘l mehnatiga tayanadi;
— mehnat taqsimoti nihoyatda past, natural xo‘jalik yuritishga asoslanadi;
— aholi ehtiyojlari turg‘un holatda bo‘lgan ishlab chiqarishga xos.
Ishlab chiqarishning bu bosqichi hozir ham ayrim Afrika mamlakatlari (Mali, Gvineya)ga xos bo‘lib, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar mehnat unumi 2 kishini boqishga etadi.
Yer shari aholisining ko’payishi, ehtiyojlarning o‘sishi, ularni qondirish yo’llarini qidirishga majbur qildi. Bu oxir-oqibat sanoat to‘ntarishiga olib keldiki, u Angliyada XVIII asrning 60-yillarida boshlanib, AQShda XIX asrning 50-60- yillarida yakunlandi. Qo‘l mehnati mashinalar zimmasiga yuklatildi.