Mavzu tanlash Kurs ishi yozishning asosiy jihatlaridan biri uning mavzusini to‘g‘ri tanlashdir. Talabalar kurs ishi yozishi kerak bo‘lgan mavzuni o‘qituvchi tomonidan avvaldan tayyorlangan mavzular ro‘yxatidan tanlashi kerak bo‘ladi (1-ilovaga qarang).
Tanlagan mavzular bir xil bo‘lib qolmasligi va talabalar uchun tanlash imkoniyati keng bo‘lishi uchun tayyorlangan mavzular ro‘yxati kurs ishi yozishi ko‘zda tutilgan talabalar soniga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘lishi tavsiya etiladi.
Kurs ishi mavzulari ro‘yxati har yili kafedra tomonidan yangi va dolzarb muammolarni yoritishga asos bo‘ladigan mavzular bilan yangilanib turishi va 1 oktabrga qadar talabalarga tanishish uchun berilishi kerak.
Talaba mavzu tanlashda o‘qituvchilar bilan maslahatlashib o‘zi uchun qiziqarli bo‘lgan moliyaviy muammolarni ochib beradigan mavzuni tanlash huquqiga ega. Bundan tashqari, talaba ro‘yxatda bo‘lmagan iqtisodiy, moliyaviy muammolarni ochishda muhim va qiziqarli bo‘lgan mavzularni taklif qilishi ham mumkin. Mavzu tanlangandan so‘ng, albatta, ilmiy rahbar bilan maslahatlashib keyin ish boshlanadi. Har bir talaba bitta mavzu tanlash huquqiga ega.
Adabiyotlar bilan tanishish Kurs ishini bajarish uchun mavzu tanlab olgan talaba uni yozishdan oldin darslik, o‘quv qo‘llanma, ilmiy-amaliy jurnallar, ommaviy ro‘znomalar, meyoriy-huquqiy hujjatlar va internet saytlari bilan tanishishi tavsiya qilinadi. Tanishishni birinchi navbatda, Prezidentimizning mavzuga oid asarlari, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Hukumat qarorlari va boshqa meyoriy hujjatlarni o‘rganishdan boshlash maqsadga muvofiq. Ushbu ma’lumotlar bilan “NORMA” va “PRAVO” kabi maxsus saytlardan foydalanib, tanishish mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining moliya sohasiga oid qonunlar va maxsus meyoriy hujjatlar to‘plamidan ham foydalanish mumkin. Shuningdek, zarur ilmiy, nazariy va amaliy adabiyotlarni Alisher Navoiy nomli Davlat kutubxonasi, Qarshi Muhandislik Iqtisodiyot instituti, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti va boshqa joylardagi kutubxonalardan ham topish mumkin.
Talaba mavzuga mos adabiyotlar bilan tanishib bo‘lgandan so‘ng, uni o‘rganishni boshlashi kerak. Ushbu mavzuga oid adabiyotlarni yig‘ib bo‘lib, undan foydalanish tavsiya qilinadi.
Kurs ishi yozishda adabiyotlardan foydalanish ikki bosqichga bo‘linadi. Uning birinchisi kurs ishi mavzusini tanlash va rejasini tuzishda adabiyotlarni foydalanish bo‘lsa, ikkinchisi kurs ishi yozish davomida adabiyotlardan foydalaniladi. Umuman olganda, adabiyotlardan foydalanish ikkala bosqichda ham bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanib ketadi. Chunki mavzuni tanlashda va rejasini tuzishda foydalanilgan adabiyotlardan, albatta, kurs ishini yozishda ham foydalaniladi.
Kurs ishi mavzusini tanlash va rejasini tuzishda adabiyotlardan foydalanish juda katta ahamiyat kasb etadi. Talaba kurs ishi yozishda o‘zi uchun qiziqarli va tushunarli mavzuni tanlaydi. Tanlangan mavzu bo‘yicha reja tuzishda, uning ahamiyatini, huquqiy asoslari yetarliligi, dolzarbligi va bu muamolarni bartaraf etish mumkinligini adabiyotlardan foydalangan holda o‘rganib chiqadi.
Kurs ishida mavzuga oid mavjud adabiyotlarni chuqurroq o‘rganib ulardagi mavzuga oida fikrlarni solishtirish jarayonida, ulardan keraklisini qo‘llashni va ba’zilarini inkor qilishni hamda mavzuga oid muammolarni bartaraf etishda qaysi adabiyotda keltirilgan fikrlar maqsadga muvofiq ekanligini aniq ta’kidlab o‘tish kerak bo‘ladi. Adabiyotlardan olingan fikrlarni kurs ishida aniq va ravshan keltirish kerak bo‘ladi. Shuningdek, talaba kurs ishi materiallarini tahlil qilishda e’lon qilingan statistik ma’lumotlardan keng foydalanishi lozim. Talaba O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha zarur ma’lumotlarni statistik to‘plam va internetning tegishli saytlaridan olib foydalanishi mumkin. Chunki statistik ma’lumotlar kurs ishi materiallarini keng tahlil qilishda va uning mazmunli bo‘lishida ahamiyati katta. “Moliya” fanidan foydalanish mumkin bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxatini 2-ilovada ko‘rishingiz mumkin.