Birinchi savolda mavzuning nazariy jihatlari, mazmuni, mohiyati, ahamiyati yoritiladi. Bunda turli iqtisodiy maktablar vakillari bo‘lgan iqtisodchi olimlar asarlarining qiyosiy tahlili amalga oshirilishi, davriy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalardan foydalanilishi, mavzuga oid asosiy darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarida keltirilgan nazariy fikrlarning qiyosiy tahlili amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, moliya tizimi va davlat moliyasi to‘g‘risida tushunchalar, davlat moliyasining mohiyati va uning roli ochib beriladi. Bunda mavzuning huquqiy asoslarini ham ochib berish mumkin. Ushbu savolni ko‘pi bilan 8-10 varaq hajmda yozish tavsiya etiladi.
Ikkinchi savoldamavzuga oid amaliyot holati tahlilini amalga oshirish va tahlil natijalariga asoslangan holda tegishli xulosalar shakllantirishdan iborat. Bunda jadvallar, diagrammalar, rasmlar shaklidagi amaliyot ma’lumotlaridan keng foydalanish, ularni batafsil tahlil etish talab etiladi. Tahlil jarayonida davriy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalarga, hukumat idoralarining rasmiy internet saytlarida keltirilgan ma’lumotlarga, talaba tomonidan malakaviy amaliyot davomida to‘plangan amaliyot ma’lumotlariga asoslanish tavsiya etiladi. Har bir jadval, diagramma va rasmlarning manbalari aniq ko‘rsatilishi talab etiladi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasi va uning tarkibi, daromadlar rejasi va uning bajarilishini aniq ma’lumotlar (3-4 yillik ma’lumotlar) asosida tahlili va ushbu tahlil natijasida olingan mavjud muammolar hamda xulosalar ko‘rsatiladi. Ushbu savolni ko‘pi bilan 10-12 varaq hajmda yozish tavsiya etiladi.
Uchinchi savolda mavzuga oid asarlarda tadqiq etilayotgan mavzuni takomillashtirish va rivojlantirish borasidagi fikrlarni umumlashtirgan holda ularga nisbatan talabaning mustaqil munosabatini bildirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni bayon etish va ularni mamlakatimizda qo‘llash imkoniyatlari bo‘yicha takliflar kiritish talab etiladi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasida qanday muammolar borligi va ushbu muammolarni bartaraf etish yo‘llari o‘rganiladi. Shuningdek, davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish yo‘llari ochib beriladi.Ushbu savolga javobni ko‘pi bilan 8-10 varaq hajmda yozish tavsiya etiladi.