S = P - I, bu erda; S – sof keltirilgan daromad;
P – investitsiya loyihasining ekspluatatsiya davridagi (yangi investitsiyalar kiritilmasdan avvalgi) pul mablag‘lari oqimi (hozirgi qiymatda). Agar mazkur obyektga yangi investitsiyalar kiritilguncha to‘liq ekspluatatsiya davrini aniqlash mushkul bo‘lsa, hisob-kitoblarda bu ko‘rsatkich 5 yil (bu muddat o‘tgandan so‘ng asbob-uskunalar almashtirilishi lozim bo‘lgan o‘rtacha amortizatsiya davri) deb qabul qilinadi;
I , K – investitsiya loyihasini amalga oshirishga kiritiluvchi investitsiya mablag‘lari miqdori;
N – natija;
X – xarajatlar;
t – davr;
d – diskontlash koeffitsienti, 1/(1+i)n. Bunda foydalaniluvchi diskont stavkasi tavakkalchilik darajasi va likvidlikni hisobga olgan holda differentsiyalanadi.
Misol. Investitsiya kompaniyasiga ikkita muqobil loyihaning biznes-rejasi kelib tushgan. Bu loyihalarni tavsiflovchi ma’lumotlar 12.1-jadvalda keltirilgan. Pul oqimlarining hisob-kitob qilingan hozirgi qiymatini hisobga olgan holda sof keltirilgan daromadni aniqlaymiz. Birinchi loyiha bo’yicha: 8758-7000=1758 AQSH doll. Ikkinchi loyiha bo’yicha esa: 8221-6700=1521 AQSH doll. Shunday qilib, ko’rib chiqilayotgan loyihalar bo’yicha sof keltirilgan daromad ko’rsatkichlarini taqqoslash shuni ko’rsatadiki, «A» loyihasining «B» loyihasiga nisbatan samaradorligi yuqori (garchi «A» loyihasi bo’yicha investitsiya qilinuvchi mablag’ miqdori ko’proq va ularning kelajakda pul oqimi sifatida qaytishi «B» loyihasiga qaraganda kamroq bo’lsada). «Sof keltirilgan daromad» ko‘rsatkichini tavsiflashda bu ko‘rsatkichni investitsiya loyihalarini solishtirma baholashdan tashqari, ularni amalga oshirishning maqsadga muvofiqli mezoni sifatida ham qo‘llash mumkin. Sof keltirilgan daromad ko‘rsatkichi nolga teng yoki manfiy bo‘lgan investitsiya loyihasi rad qilinishi lozim, chunki u kiritilgan kapital uchun investorga qo‘shimcha daromad keltirmaydi. Sof keltirilgan daromad ko‘rsatkichi nolga teng yoki musbat bo‘lgan investitsiya loyihalari investorning kapitalini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
«Sof keltirilgan daromad» ko‘rsatkichi amaliyotda boshqa bir necha xil nom bilan ham ataladi: «integral samara», «sof keltirilgan (yoki sof zamonaviy) qiymat», «sof keltirilgan samara».