7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining tabiatni muhofaza qilishga oid huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
-tabiatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
-davlat ekologiya dasturlarini tasdiqlash;
-tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
-hududlarni favqulodda ekologik vaziyat, ekologik ofat va ekologik halokat zonalari deb e’lon qilish, bunday zonalarning huquqiy rejimini va jabrlanganlarning maqomini belgilash;
-tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni muvofiqlashtirib borish;
-tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun haqning chegara miqdorlarini belgilash, shuningdek to‘lovlarni undirish bo‘yicha imtiyozlar belgilash;
8-modda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasidagi davlat boshqaruvi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari Tabiatni muhofaza qilish sohasida:
-tabiatni muhofaza qilishga doir yagona siyosat yuritish;
-tabiat resurslaridan foydalanishni tartibga solish;
-tabiiy resurslarga nisbatan tabiat kadastri yuritilishi tartibini belgilash va bunday kadastr yuritilishini ta’minlash, respublika ahamiyatiga molik tabiiy resurslarning zaxiralarini tasdiqlash;
ekologiya jihatidan tang vaziyatlar, tabiiy ofatlar va falokatlarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
-tabiiy ofatlar va yirik avariyalarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
-tabiiy resurslardan foydalanganlik, atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik,chiqindilar, zararli ta’sir etuvchi boshqa narsalar joylashtirib tashlaganlik uchun haq to‘lash tartibini, shuningdek tabiiy resurslardan foydalanish, chiqindilar joylashtirish limitlarini belgilash;
-ekologiya maorifi va tarbiyasi tizimini yaratish hamda uning amal qilishini ta’minlash;
-tabiatdan alohida tartibda foydalaniladigan hududlarning chegaralarini, tabiatni muhofaza qilish va xo‘jalik faoliyati rejimlarini tasdiqlash;
-tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish;
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolat doirasiga kiradi.