Iqtisodiyotni modernizatciyalash va diversifikatciyalash strategiyasi


Kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish



Yüklə 3,9 Mb.
səhifə26/168
tarix22.12.2023
ölçüsü3,9 Mb.
#190480
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   168
portal.guldu.uz-IQTISODIYOTNI MODERNIZATCIYALASH VA DIVERSIFIKATCIYALASH STRATEGIYASI

4. Kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish

Ma’lumki, 20-asrning ikkinchi yarmidan boshlab, 21-asrning boshlanishida jahon ishlab chiqarishi, jahon iqtisodiyotining globallashuvi bilan hamma mamlakatlarda iqtisodiyotning ri­vojlanishi sotsial yo‘naltirilgan shaklda amalga oshirilmoqda. Tasodif emaski, Birlashgan millatlar tashkiloti jahon miqyosida aholining turmush darajasini ko‘tarish, ishsizlikka, qashshoq­likka qarshi kurash bo‘yicha keng miqyosda chora-tad­bir­larni amalga oshirmoqda va alohida mamlakatlardan bu muam­mo­lar­ni yechishni talab etmoqda.


O’zbekiston Respublikasida ham bu sotsial-iqtisodiy taraq­qiyot yo‘nalishi qabul qilindi va bu borada tegishli chora-tad­birlar amalga oshirilmoqda.
Respublika xalq xo‘jaligini bozor munosabatlariga o‘tkazish, respublikada bozor iqtisodiyotini shakllantirishga bag‘ishlangan iqtisodiy islohotlarning asosiy tamoyillaridan biri-bu res­publikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshirishdan iborat.
I.A. Karimov ta’kidlagan edilarki: «O’zbekistonning o‘z yangi­lanish va taraqqiyot yo‘liga asos bo‘lgan eng muhim qoi­da­lar­dan biri bozor iqtisodiyotiga o‘tishning barcha bosqichlarida oldin­dan kuchli ijtimoiy siyosatni o‘tkazishdir. Qolgan barcha qoidalar ijtimoiy vazifalarni hal etishda, aholini ijtimoiy himoyalash sohasida qat’iy kafolatni vujudga keltirishga bo‘ysundirilgan».29
Yuqorida ta’kidlanganidek, respublikada kuchli sotsial siyo­satni amalga oshirish maqsadida 15 dan ortiq respublika Qonun­lari, 25 dan ortiq Prezident Farmonlari va 20 dan ortiq Res­publika Vazirlar Mahkamasining Qarorlari qabul qilindi.
Qabul qilingan qonunlar nogironlarni himoya qilish, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish, davlat tomonidan fuqaro­larni pensiya bilan ta’minlash, iste’molchilar huquqini himoya qilish, fuqarolarning sihat-salomatligini himoya qilish, ta’lim, kadrlar tayyorlash, aholini mehnat bilan bandligi, budjet tizimi, uy-joy to‘g‘risida davlat siyosati, mehnatni himoya qilish, ayollarga qo‘shimcha imtiyozlar, aholi jamg‘armalari himoyasini kafolatlash va boshqa muammolarga bag‘ishlangan edi.
Qabul qilingan Prezident Farmonlarida soliq siyosatini ta­komillashtirish, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyani oshirish, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish, o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish va boshqa muammolar o‘z ifodasini topgan.
Vazirlar Mahkamasining Qarorlarida kommunal xo‘jalik xiz­matlari, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish, aholining sihat-salomatligi, respublika iste’mol mollar bozorini himoya qilish, narx-navoni erkinlashtirish, aholi daromadlarini indeksatsiya qilish, bolali oilalarni himoya qilish, ish haqini ko‘tarish, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish, soliq siyosa­ti­ni tako­millashtirish, pensiya fondi, savdo-sotiq tizimini rivojlan­tirish, kam ta’minlangan oilalarga yordam berish va bosh­qa mu­ammolar o‘z yechimini topgan.
Respublikada amalga oshirilayotgan kuchli sotsial siyosat te­gishli mazmunga va alohida xususiyatlarga ega.
Kuchli sotsial siyosat davlat siyosati bo‘lib, u davlat tomo­ni­dan bilvosita va bevosita yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda.
Davlatning bilvosita chora-tadbirlari quyidagilar:
– mamlakatda sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini bar­po etish;
– xalq xo‘jaligi, makroiqtisodiyot, uning sotsial sohalarini rivojlantirish;
– respublika iste’mol mollari bozorini himoya qilish;
– mehnat qobiliyatiga ega bo‘lgan aholini optimal darajada ish joylari bilan ta’minlash.
Davlatning bu borada bevosita chora-tadbirlari quyidagilar:
– iste’mol tovar, mollarga narx-navoning ko‘tarilishi bilan aholi daromadlari, jamg‘armalari, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyasini indeksatsiya qilib turish;
– qishloq joylarda tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun tegishli yer resurslarini ajratib, bo‘lib berish;
– kam ta’minlangan, bolali oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish;
– maktab bolalariga kiyim-kechak, o‘quv qurollarini berish va ularni tekin ovqatlantirish;
– qariyalarni pensiya, nafaqa va boshqa moddiy yordamlar bilan ta’minlash;
– mehnatkashlar-jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini kamaytirish.
Ko‘rinib turibdiki, respublikada qabul qilingan kuchli sotsial siyosat ko‘p qirrali va murakkab jarayon bo‘lib, u respub­likaga taalluqli shart-sharoitlarda amalga oshirilmoqda. Bu respublika aholisining har yili 12-15 foizga ko‘payib turishi, aholi tarkibida 16 yoshgacha bo‘lganlar 55 foizni tashkil qilishi, respublika aholisining 49,0 foizining qishloq joylarda yashashi kabilardir.
Respublika kuchli sotsial siyosati bosqichma-bosqich amalga oshirilib, uning yo‘naltirilganligi, mazmuni takomillashib bor­moqda.
Umuman aholini sotsial ta’minlash bilan birga aholining kam ta’minlangan qatlamlariga kengroq e’tibor berilmoqda, umumiy qo‘llab-quvvatlashdan tashqari davlat tomonidan kam ta’­minlangan oilalarni sotsial himoyasi kafolatlanmoqda.
Bozor munosabatlari xususiyatlarini e’tiborga olgan holda res­publika aholisini, mehnatkashlarni davlat dotatsiya va subsi­diya tizimlaridan voz kechib, ko‘proq tadbirkorlikdan daromad to­pishga yo‘naltirilmoqda.
Yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha respublikada kuchli sotsial siyosat amalga oshirilmoqda va bu jarayon res­pub­li­ka­da bozor iqtisodiyoti shakllanishini tezlashtirmoqda, undan tashqari iqtisodiyotning yanada rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biriga aylanmoqda.
Bu borada avvalambor, respublikada sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shakllantirilmoqda. Buning uchun res­pub­li­ka­da xalq xo‘jaligi, makroiqtisodiyot strukturasi-tarkibi tubdan o‘z­gartirilmoqda.
Bu tarkibiy o‘zgarish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshi­rilmoqda:
– mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqlar yoki moddiy ishlab chiqarish tarmoqlari va xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar yoki nomod­diy ishlab chiqarish sohalari o‘rtasidagi nisbatni o‘zgartirish. Bu nisbat ilgari 70:30 bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda 60:40 ni tashkil etmoqda;
– ishlab chiqaruvchi tarmoqlar tarkibida bevosita mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqlar va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qayta ishlab chiqaruvchi tarmoqlar o‘rtasidagi nisbatni o‘zgarti­rish. Mustaqillik davrida qayta ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ulushi oshib bormoqda;
– ishlab chiqaruvchi tarmoqlararo nisbatning o‘zgarishi. Musta­qillik davrida ustuvor tarmoqlarning eksportga yo‘nal­ti­ril­gan tarmoqlari ulushi oshib bormoqda;

    • shuni ta’kidlash kerakki, respublikada bozor munosabat­lariga o‘tish davrining qiyinchiliklariga qaramasdan O’zbekiston Res-

publikasida sotsial sohalar rivojlanishining pasayishiga yo‘l qo‘yilmadi, ularni rivojlantirish davom ettirildi.
Bu o‘zgarishlar o‘z navbatida respublikada sotsial tarmoqlarni yuqori sur’atda rivojlantirish va respublika aholisini sotsial himoya qilish uchun imkoniyat bermoqda.
Ma’lumki, makroiqtisodiyotning sotsial sohalari tarkibiga xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, sotsial ta’minot, uy-joy xo‘jali­gi, fan, sport va boshqa sohalar kiradi.
Xalq ta’limi sohasi xohlagan jamiyatning taraqqiyot negizi hisoblanadi. Shu sababli xalq ta’limi sohasini rivojlanti­rishga respublika mustaqilligi davrida katta e’tibor beril­moqda.
Sotsial siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan xalq ta’limi sohasida keng miqyosda chora-tadbirlar amalga oshiril­moqda. Respublikada bozor munosabatlarining, iqtisodiy inqi­rozning qiyinchiliklariga qaramasdan ta’lim sohasi to‘xtovsiz rivojlanib borgan. Bu rivojlanish umuman ham miqdoran, ham mazmunan, ham tarkibiy takomillashib borgan.
Bozor munosabatlarining talablariga moslangan holda hunar-texnika va o‘rta maxsus bilim yurtlari shaklini o‘zgar­ti­rib, kasb-hunar kollejlari va maxsus akademik litseylar tashkil etilmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, respublikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshirishda ta’lim sohasining rivojlanishi alohida aha­miyatga ega. Lekin bu borada yechilmagan muammolar mavjud. Bu maktabgacha tarbiya muassasalarining rivojlanish holati.
Respublikada sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shakl­lantirilar ekan, respublikada maktabgacha tarbiya muassasalarini rivojlantirish respublika rahbariyatining diqqat markaziga ko‘­tarilib, ularning rivojlanish sur’atlarini tubdan ko‘tarish lozim.
Kuchli sotsial siyosatning yana bir asosiy yo‘nalishi bo‘lib sog‘­liqni saqlash sohasini rivojlantirish hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash sohasini bozor munosabatlari sharoitida tashkil etish va uni rivojlantirish maqsadida respublikada te­gishli me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bular – «Fuqarolar sihat-salomatligini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Iste’molchilar huquqini himoya qilish to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlari, «Respublikada dori-darmonlarni sotishni tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Ayollar va yosh avlod sihat-salomatligini kuchaytirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, «Sotsial zaif aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash manzilli dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Respub­lika Prezidenti Farmonlari va «Respublika sog‘liqni saqlash tizimini ilmiy texnika potensialini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, «Davolash-profilaktika muassasalar-ni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi, «Dori-darmon va tibbiy tovarlarni sotishni tartibga solish to‘g‘risida»gi, «O’zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizi­mi­da boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida»gi, «Sog‘lom avlod» davlat dasturi to‘g‘risida»gi, «Sihat-salomatlik to‘g‘­ri­si­da»­gi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlaridir.
Respublika sog‘liqni saqlash tizimini yangi sharoitda tashkil qilish va uni rivojlantirishga yo‘naltirilgan davlat chora-tad­birlari ham bilvosita, ham bevosita yo‘llar bilan amalga oshi­rilmoqda.
Bilvosita yo‘l bilan respublika aholisi sihat-salomat­ligiga umuman ta’sir ko‘rsatuvchi shart-sharoitlarni, ya’ni aholi daro­madlarini ko‘tarib turish, ularni indeksatsiya qilib turish, meh­nat qobiliyatiga ega bo‘lgan aholini ish joylari bilan ta’minlash, bolalik va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa tadbirlarni amalga oshirishda o‘z ifodasini topmoqda.
Shu bilan birga davlat tomonidan bevosita yo‘l bilan keng miqyosda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu onalik va bola­likni himoya qilish, shoshilinch yordam ko‘rsatish markazlarini tashkil qilish, bola ko‘rishni istagan ayollarni tekshiruvdan o‘tkazish, 3000 ta qishloq tibbiy punktlarni tashkil qilish, qo‘­shimcha kasalxona, poliklinikalar qurish, tibbiy muassasa­la­rining moddiy bazasini kuchaytirish, sog‘liqni saqlashga ajra­tilgan mablag‘larni ko‘paytirib turish, shu maqsadda har xil man­balardan foydalanish va hokazo.
Respublikada sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shakl­lanar ekan, kelgusida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yanada ko‘proq e’tibor ajratilishi lozim.
Kuchli sotsial siyosatning yana bir yo‘nalishi bo‘lib respublika iste’mol mollar bozorini himoya qilish hisoblanadi.
Ma’lumki, O’zbekistonning sotsial-iqtisodiy rivojlanish da­rajasi va uning ishlab chiqarish resurslari bilan ta’minlan­ganligi boshqa qo‘shni respublikalarga nisbatan yuqori edi. Tabiiyki bu sharoitda ittifoq to‘zib ketishi bilan O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat tovarlari, oziq-ovqat mahsulot­lari­ga shakllanayotgan narx-navolar boshqa respub­likalardagi narx­lar­ga nisbatan 25-30 foizga pastroq bo‘lgan.
Natijada O’zbekistonga qadrsizlanayotgan rublning keng mi­qyosda migratsiyasi boshlandi. Bir chamadon pul kelib, respub­likadan bir vagon tovar va mahsulotlar chiqib keta boshladi.
Respublika iste’mol tovarlar, mollar bozorini himoya qilish ob’ektiv zaruriyatga aylandi va paydo bo‘lgan vaziyat kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etdi.
Aks holda, respublikada tovar va mollarga bo‘lgan tanqislik yanada kuchayib, narx-navolarning ko‘tarilishiga, demak, respub­lika aholisi turmush darajasining pasayishiga olib kelishi mumkin edi.
Bu vaziyatni e’tiborga olib respublikada kerakli chora-tad­birlar amalga oshirildi.
Avvalambor, bu borada respublikada iste’mol tovar va mollar bozorini himoya qilish huquqiy bazasi tashkil etildi. Shu maqsadda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir qator Qarorlar qabul qildi. Bular:
– 1992 yilda: qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasi iste’mol bozorini himoya qilish to‘g‘risida», «Iste’mol tovar­larni kuponlar bo‘yicha sotish tartibini takomillashtirish to‘g‘­risida», «Respublika iste’mol bozorini himoya qilishni va pul muomalasini kuchaytirish to‘g‘risida», «O’zbekiston Respublikasi territoriyasida so‘m-kuponni parallel holda to‘lov vositasi sifatida muomalaga kiritish to‘g‘risida», «Naqd pul muomalasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» va boshqa qator qarorlar shular jumlasidandir.
Ko‘rinib turibdiki, respublika iste’mol tovar va mollar bozori­ni himoya qilish har tomonlama o‘ylab ishlab chiqilgan jarayon bo‘lib, uning ob’ektiv zarurligi har tomonlama tasdiq­landi va bu jarayon amalga oshirildi.
Chora-tadbirlarning amalga oshirilishi quyidagi yo‘nalish­larda o‘z ifodasini topdi:
– bojxona nazoratini tashkil etish va respublikadan tashqa­riga olib chiqilayotgan tovar va mahsulotlarga bojxona poshlina­sini kiritish;
– tovar va mahsulotlarni respublikadan tashqariga olib chiqib ketish jarayonini nazorat ostiga olib, chegaralash;
– respublika iste’mol bozorida sotib olinayotgan tovar va mahsulotlarning ko‘pchiligiga talon va kupon tizimlarini o‘rna­tish. Demak, sotib oluvchilarda qadrsizlanayotgan rubl pullari bo‘lsada, ular talon va kuponsiz bu tovar, mahsulotlarni sotib olish va respublikadan olib chiqib ketish imkoniyatiga ega bo‘l­maydilar. Talon va kuponlar faqat respublika fuqarolari o‘rta­sida davlat nazorati ostida tarqatildi: kupon tizimi 1992 yil 10 yanvardan amaliyotga kiritilib, 1992-1993 yillarda foy­da­la­nil­di.
Lekin O’zbekistonda iste’mol tovar, mollar bozorini himoya qilish maqsadida, qadrsizlanayotgan, keng miqyosda respublikaga yo‘naltirilayotgan rublning muomalada bo‘lishi chegaralandi va 1994 yil 1 yanvardan boshlab 1961-1992 yillarda chiqarilgan rubl sifatidagi pullar umuman pul muomalasidan chiqarildi.
Bu amalga oshirilgan chora-tadbirlar shubhasiz respublika iste’mol tovar va mollar bozorini himoya qilish imkoniyatini berdi va respublika aholisini sotsial himoya qilishda asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Ijtimoiy ishlab chiqarishning hamma bosqichlarida mehnat qobiliyatiga ega bo‘lgan aholini ish joylar bilan ta’minlash eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan va shunday bo‘laveradi.
Ayniqsa, bu muammoning mohiyati bir jamiyatdan ikkinchi jamiyatga o‘tish davrida, masalan, rejalashtirish sotsial-iqti­so­diy tizimdan bozor munosabatlariga o‘tish davrida oshib boradi, uni yechilish jarayoni murakkablashadi. Chunki:
Masalan, O’zbekiston uchun Ittifoq tarqatilishi bilan res­publika, korxonalararo iqtisodiy aloqalar buzildi, natijada korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamaydi, korxo­nalarda band xodimlarning bir qismi ishdan bo‘shatildi.
Bozor munosabatlari raqobatga asoslangan bo‘lib, bozor muno­sabatlarining shakllanishida raqobat talablariga chiday olmagan korxonalar bankrotga uchraydi, demak yana xodimlar ishsizlikka uch­raydi.
Bozor munosabatlari raqobatga asoslangan ekan, raqobat ta­lablariga javob berish maqsadida korxonalarda ishlab chiqarish­ni tashkil qilish takomillashtiriladi, ishlab chiqarishga me­xani­­zatsiya va avtomatizatsiya, kompyuterizatsiya kiritiladi, natijada yana ishlab chiqarishda band xodimlarning bir qismi ortiqcha bo‘lib qisqartiriladi.
Rejalashtirilgan sotsial-iqtisodiy tizimdan bozor munosa­batlariga o‘tishda hamma korxona, tashkilotlar bozor munosabat­lari talablariga o‘z vaqtida moslasha olmaydi, bozor munosa­batlarini tushungan, ularni batafsil o‘zlashtirgan menej­ment­lar-boshqaruvchi xodimlar yetishmaydi va natijada bu korxonalar ham bankrotga uchrashi mumkin, pirovardida yana ishsizlar tarkibi kengayadi.
Bu vaziyatni o‘z vaqtida tushungan respublika rahbariyati res­publika mustaqilligining birinchi kunlaridanoq respublika aholisining bandlik muammosiga ko‘p e’tibor berib kelmoqda.
Bu muammoni yechish yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida «Aho­li bandligi to‘g‘risida» Respublika Qonuni qabul qilindi, u qaytadan ko‘rib chiqildi, «Mehnatni himoya qilish to‘g‘risida» Respublika Qonuni qabul qilindi.
Respublikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshirish maqsa­dida respublikada mavjud mehnat qobiliyatiga ega bo‘lgan aholini ish joylari bilan ta’minlash muammosi quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda:
– Xalq xo‘jaligida tashkil etilgan ish joylarini o‘tish davri­ning qiyinchiliklariga qaramasdan saqlab qolish.
Shu maqsadda 1990-1995 yillarda, ya’ni iqtisodiy inqiroz davrida O’zbekistonda ishlab chiqarishning haddan tashqari orqaga ketishiga, pasayib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. 1990-1995 yillarda O’zbekiston Respublikasida yalpi ichki mahsulotning kamayishi 19 foizni tashkil etdi. Shu davrda boshqa hamdo‘stlik mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning kamayishi 35-55 foizni tashkil etgan. Demak, boshqa hamdo‘stlik mamlakatlarida ishlab chiqarishning kamayishi O’zbekiston Respublikasiga nisbatan 2-3 marotaba yuqo­ri bo‘lgan.
Bu holat O’zbekiston Respublikasida aholi bandligi muammo­sini yechishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
– o‘tish davrining, boshlang‘ich yillaridagi iqtisodiy davr­ning qiyinchiliklariga qaramasdan respublikada ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish masalalari respublika rahbariya­tining e’tibor markazida bo‘lib keldi.
Bozor munosabatlariga o‘tish davrida xalq xo‘jaligining aso­siy tarmoqlari bo‘lmish qurilish, energetika, yengil va oziq-ovqat sanoatlari orqaga ketmasdan, aksincha o‘z rivojlanishini davom ettirdi.
Ma’lumki, respublikada mehnat resurslari har yili 1,2-1,5 foizga ko‘payib bormoqda. Bu holat aholini mehnat bilan bandlik muammosini yanada murakkablashtirmoqda. Shu sababli respubli­kada yangi ish joylari barpo etish respublika rahbariyatining e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
Ma’lumki, jamiyat hayotida qandaydir muammo paydo bo‘lsa u o‘rganiladi va uni yechish mexanizmi, yo‘nalishlari aniqlanadi. Bu hodisa aholi bandligi muammosiga ham taalluqli edi. Bu muammo­ni qabul qilib uni yechish maqsadida respublikada mehnat birja­lari tashkil etildi. Mehnat birjalari respublikaning hamma mintaqalarida tashkil etilib, ular orqali ish qidira­yot­gan­lar ro‘y­xatga olinib, ish bilan ta’minlanmoqdalar. Buning uchun mehnat birjalari respublikada mehnat resurslariga eh­tiyoji bor korxona va tashkilotlar bilan doimiy aloqada bo‘lmoqdalar.
Agarda ishsizlarning ro‘yxatdan o‘tkandan so‘ng 10 kun orasida bandlik organlari ularga ish joylarini topib bera olmasa, max­sus komissiya ularga ishsizlikdan nafaqa belgilaydi va bu nafaqa ro‘yxatga o‘tilgan kundan yarim yil mobaynida beriladi.
Respublika aholisini mehnat bilan bandligini ta’minlash imkoniyatlaridan biri bo‘lib mehnat resurslarini respublikadan tashqariga eksport qilish hisoblanishi lozim. Lekin respublika bu imkoniyatdan hali to‘liq foydalanayotgani yo‘q.
Respublika aholisini sotsial himoya qilish maqsadida uni mehnat bilan bandligini ta’minlash borasida respublikada amal­ga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri – bu respublikada kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishdir. Barpo etilayotgan yangi ish joylarining 70-80 foizi shu sohada amalga oshirilmoqda.
Lekin respublikada mehnat bilan umumiy bandlik hali kerak­li darajaga ko‘tarilganligi yo‘q.
Ma’lumki, respublikada mehnat bilan umumiy bandlik 1990 yili 73 foizni tashkil etgan. Mustaqillik davrida bu ko‘rsatkich 75 foizgacha ko‘tarildi, lekin bu daraja keyingi yillarda pa­saydi.
1991 yili respublikada ishlab chiqilgan dasturga binoan umu­miy mehnat bilan bandlik darajasi 85 foizga ko‘tarilishi kerak. Bu masala demak, hozircha yechilgani yo‘q. Lekin kerakli chora-tad­birlar amalga oshirilmoqda.
Respublikada amalga oshirilayotgan kuchli sotsial siyosat yo‘na­lishlaridan yana biri bo‘lib respublikada bozor munosabatlariga moslangan narx-navo siyosatini shakllantirish va aholi daromad­larini indeksatsiya qilish hisoblanadi.
Bozor munosabatlariga o‘tish davrida narx-navo siyosatini takomillashtirish bu tabiiy holat. Bu vaziyat butun sobiq so­tsialistik mamlakatlarning, sobiq ittifoqdosh respublika­larning bozor munosabatlariga o‘tish borasidagi tajribasida tasdiqlandi. Chunki rejalashtirilgan tizimdan bozor iqtisodiga o‘tish munosa­bati bilan narx-navo siyosatini tashkil etishning nazariy, ob’ektiv asoslari tubdan o‘zgaradi. Ilgari narx-navo davlat tomonidan ma’muriy aniqlanadigan bo‘lsa, bozor munosa­batlari davrida narx-navo talab va taklif o‘rtasidagi nisbatga asoslanadi.
Undan tashqari, bu ham sobiq sotsialistik mamlakatlar, sobiq ittifoq respublikalari faoliyatida tasdiqlandiki, bozor muno­sabatlariga o‘tish davrida narx-navo iste’mol tovar, mollarga ko‘tariladi va bu holat aholi turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Demak, bozor munosabatlariga o‘tish davrida bozor munosabat­larining talablariga javob beradigan, ularga moslangan narx-navo siyosatini shakllantirish va shu bilan birga narx-navo ja­rayonining salbiy ta’siridan aholini himoya qilish zaruriyati kelib chiqadi.
Bu muammo O’zbekiston Respublikasida o‘z ifodasini topdi va u kerakli darajada yechildi.
Bu muammoning yechilishi O’zbekiston Respublikasida ikki yo‘nalishda amalga oshirildi.
Birinchidan, bozor munosabatlariga moslangan narx-navo siyosati shakllantirildi.
Ikkinchidan, iste’mol tovar, mollarga narx-navolarning ko‘ta­rilishini respublika aholisi turmushi darajasiga salbiy ta’si­rining oldini olish maqsadida respublika aholisi daromadla­rini – ish haqi, jamg‘arma, pensiya, nafaqa, stipendiyalar indek­satsiya qilinmoqda.
Respublikada narx-navoni erkinlashtirish, bozor munosabat­lariga moslangan narx-navo siyosati revolyutsion yo‘l – «shokovaya terapiya» yo‘li bilan emas, evolyutsion yo‘l bilan, asta-sekin, bos­qichma-bosqich shakllantirildi.
Davlat tomonidan tasdiqlanadigan, rejalashtiriladigan narx-navolardan erkin, shartnoma asoslarida aniqlanadigan narx-navolarga o‘tish respublikada bir vaqtda, bir kunda emas, asta-sekin 3-4 yil mobaynida amalga oshirildi.
Bozor munosabatlarining talablaridan kelib chiqib ishlab chiqariladigan mahsulotlarga, ko‘rsatiladigan xizmatlarning aso­siy qismiga shartnoma asosida aniqlanadigan narx-navolar shakl­lantirilmoqda.
Ma’lumki, xorijiy rivojlangan mamlakatlarda iste’mol, to­var, mollarga shakllanadigan narx-navolardan 10-20 foizi davlat tomonidan tasdiqlanadi.
O’zbekiston Respublikasida uning iqtisodiy-tashkiliy xusu­siyatlarini e’tiborga olib iste’mol tovar, mollarning asosiy qismiga erkin va shartnoma narxlari shakllantirilgan.
Hozirgi paytda davlat tomonidan tasdiqlanadigan narxlar faqat bir guruh dori-darmonlarga, bir guruh iste’mol tovarla­riga, kommunal xizmatlarga, paxta va don mahsulotlari bo‘yicha davlat buyurtmasi hajmida saqlanib qolgan.
Lekin respublikada shakllanayotgan bozor munosabatlarini e’tiborga olib alohida tarmoq mahsulotlariga shakllanayotgan narxlarni davlat tomonidan tartibga solish amalga oshiril­moqda. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkama­si­ning qa­ror­lariga binoan dori-darmonlar bo‘yicha aniqlanadigan ustama­lar ulgurji savdo bo‘yicha 25 foizdan, chakana savdo bo‘yicha 30 foiz­dan oshiq bo‘lmasligi tasdiq­lan­di.
Respublika aholisi daromadlarini indeksatsiya qilish masala­siga o‘tsak, bu borada davlat tomonidan kerakli chora-tad­bir­lar bir necha yo‘nalishlarda amalga oshirildi.
Avvalambor, bu respublika aholisini omonat kassa, bank­lar­dagi va davlat sug‘urtasidagi jamg‘armalarini indeksatsiya qilish.
Ma’lumki, respublika aholisining jamg‘armalari omonat kas­salarda, banklarda va davlat sug‘urta polislarida saqlanar edi va ular davlat tomonidan xalq xo‘jaligini rivojlantirish uchun foydalanilardi. Lekin bu jamg‘armalar narx-navoning erkinlash­tirilishi, inflyatsiyaning yuqori sur’atlarda bo‘lganligi sababli qadrsizlana boshladi. Shu sababli bu borada aholini qo‘llab-quv­vatlash zaruriyati kelib chiqdi.
Bu muammoni yechish maqsadida 1995 yili 20 dekabrda O’zbe­kiston Respublikasi Prezidentining «Aholining omonat va dav­lat sug‘urtasidagi pul mablag‘larini indeksatsiya qilish to‘g‘risida» Farmoni qabul qilindi.
Bu Farmonga binoan:
– 1992 yil 1 yanvarga shakllangan va 1 yanvar 1996 yilgacha hara­katda bo‘lgan aholi jamg‘armalari indeksatsiya qilishga qabul qilindi.
– Aholi pul jamg‘armalarining hajmi 4000 marta ko‘payti­rilib qo‘yildi, chunki 1990-1994 yillarda iste’mol tovarlarga narx-navo 4000 foizga ko‘tarilgan edi.
– 1996 yil 1 yanvardan boshlab 10 yil mobaynida jamg‘arma­larni indeksatsiya qilib aholiga qaytarib berish aniqlandi, amal­ga oshirildi.
Demak, respublika aholisining jamg‘arma pul mablag‘lari 1991-1995 yillarda narx-navolarning ko‘tarilish sur’atlarini e’tiborga olib indeksatsiya qilindi.
1995-2009 yillarda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyani indeksatsiya qilish maqsadida 45 dan ortiq O’zbekiston Respubli­kasi Prezidenti Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorla­ri qabul qilindi. Ular iste’mol tovar, mollarga narx-navo­larning ko‘tarilishining aholi turmush darajasiga salbiy ta’si­rini kamaytirishga albatta yordam berdi.
Shunday qilib, bozor munosabatlariga moslangan narx-navo siyosatini shakllantirish, respublika aholisi daromadlarini indeksatsiya qilish respublikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlardan biri bo‘l­moqda.
Respublika qishloq joylarida shaxsiy tomorqa – dehqon xo‘­jaliklarini rivojlantirish ham respublikada kuchli sotsial siyosat yo‘nalishlaridan biri sifatida amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, Sovet davrida tomorqa xo‘jaliklari har xil va­ziyat­da bo‘lgan. Bir xil yillarda ular rivojlantirilgan, boshqa bir yillarda ular chegaralangan, «Xrushevlik» davrida esa ular yo‘q qilishgacha olib kelingan. Lekin shaxsiy tomorqa xo‘jaliklar aholi turmush darajasi uchun zarur bo‘lganligi sababli, ular saqlandi, lekin yaxshi sur’atlarda rivojlantirilmadi .
Sovet davrining oxirgi yillarida O’zbekistonda shaxsiy to­mor­qalar uchun ajratilgan va bo‘lib berilgan yerlar hammasi bo‘lib 200 ming gektarni tashkil etgan edi. Bu respublikada sug‘ori­ladigan yerlarning faqat 5 foizini tashkil etgan bo‘lib, ularning o‘rtacha maydoni 8 sotik edi.
Bozor munosabatlariga o‘tish munosabati bilan, respublika aholisini bozor munosabatlarining salbiy ta’sirlaridan himoya qilish maqsadida Respublika rahbariyati respublikada tomorqa xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish masalasini respublika mus­taqillikka erishmasdan oldin ko‘tardi va uni hal eta bosh­la­di.
O’zbekiston mustaqillikka erishmasdan oldingi davrda Res­publika Oliy Soveti Prezidiumi, respublika Ministrlar Soveti qarorlariga binoan respublika qishloq joylarida shaxsiy tomor­qa xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadida 360 ming gektar ajratildi va bo‘lib berildi. 1989-1993 yillarda hammasi bo‘lib shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun 500 ming gektar yerlar ajratildi, bo‘lib berildi.
Ajratilgan, bo‘lib berilgan yerlardan samarali foydalanish maqsadida ajratilgan maydonlarda uy-joy qurish, qishloq xo‘ja­ligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun kerakli shart-sharoit­lar barpo etildi va chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Respublika tomorqa xo‘jaliklari o‘zlarining iste’mol mol­larga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish bilan birga, ular tovar ishlab chiqarish shakliga aylanmoqdalar, hamda jamoa ehtiyoj­larini qondirishda ham yetarli faoliyat olib bormoqdalar.
Respublika shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari respublika qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 65 foizini yetkazib bermoqdalar. Demak, ilgari tomorqa yerlari asosan uy-joy qurish maqsadlari uchun yo‘naltirilgan bo‘lsa, endi bozor munosabatlari davrida, dehqon xo‘jaliklarining o‘rtacha maydoni kengayib borib, dehqon xo‘jaliklari tovar xo‘jaliklariga aylanib, bozorga mahsulotlar chiqarmoqdalar.
Respublikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshirish natija­sida respublika aholisining turmush darajasining haddan tashqa­ri orqaga ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bank muassasalaridagi aholi jamg‘armalari, oylik, pensiyalar hajmi, ijtimoiy nafaqalarning o‘rtacha hajmi, uy-joy fondini, uy-joy fondi obodonlashtirish ko‘rsatkichlarini yildan-yilga o‘sib borishi, bu respublikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshi­rilishini tasdiqlovchi ko‘rsatkichlardir.
Respublikada kuchli sotsial siyosatning amalga oshirilayotgan­ligini tasdiqlovchi yana bir asos – bu 1997 yildan boshlab respub­lika rivojlanishidagi yillarga tegishli nom berib, bu maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdir, ya’ni:
1997 yil – Inson manfaati yili
1998 yil – Oila yili
1999 yil – Ayollar yili
2000 yil – Sog‘lom avlod yili
2001 yil – Onalar va bolalar yili
2002 yil – Qariyalarni qadrlash yili
2003 yil – Obod mahalla yili
2004 yil – Mehr va muruvvat yili
2005 yil – Sihat-salomatlik yili
2006 yil – Homiylar va shifokorlar yili
2007 yil – Ijtimoiy himoya yili
2008 yil – Yoshlar yili
2009 yil – Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
2010 yil – Barkamol avlod yili.
2011 yil – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
2012 yil – Mustaxkam oila yili
2013 yil – Obod turmush yili
2014 yil – Sog‘lom bola yili
Bu yillarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Kari­movning Farmonlariga binoan bu sohalarda, bu muammolar bo‘yicha maxsus Davlat dasturlari ishlab chiqilib, ular amalga oshirildi.
Respublikada kuchli sotsial siyosatni amalga oshirish tahlili bizni quyidagi xulosalarga olib keldi:
Birinchidan, respublikada kuchli sotsial siyosat ishlab chiqil­gan, u amalga oshirilmoqda.
Ikkinchidan, kuchli sotsial siyosat bir qancha yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda.
Uchinchidan, kuchli sotsial siyosatni amalga oshirish respub­li­ka iqtisodiyotining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
To‘rtinchidan, kuchli sotsial siyosatni amalga oshirishda keng miqyosda ijobiy natijalar, yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Beshinchidan, bu ijobiy natijalar bilan birga, kuchli sotsial siyosatni amalga oshirishda, ayniqsa, ta’lim sohasini rivojlan­tirishda, aholini mehnat bilan bandligini ko‘tarish sohasida, respublika aholisi turmush darajasini ko‘tarish sohasida hali yechilmagan muammolar mavjud.
Oltinchidan, demak, kelgusida respublikada kuchli sotsial siyo­satni amalga oshirishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, yechilmagan muammolarni yechishga yanada ko‘proq e’tibor ajratish zamon talabidir va bu vazifani kun tartibiga qo‘yish va amalga oshirish respublika iqtisodiyotining rivojlanish sur’atlarini ko‘tarish omillaridan biridir.
I.A. Karimov respublikada kuchli sotsial siyosatning amalga oshirilayotganligini tasdiqlab shunday deydilar: «Mustaqilligi­mizning birinchi kunlaridan boshlab amalga oshirilayotgan bu siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida shuni ta’kidlash kerakki, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar davlatimiz budjetining umumiy xarajatlariga nisbatan 2006 yilda 51,9 foizni, 2007 yilda 53,8 foizni tashkil etdi. 2008 yilda esa bu ko‘rsatkich 54,6 foiz darajasida bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Bunday ko‘rsatkichlar boshqa davlatlar tajribasida kamdan-kam uchraydigan hol desak, bu – ayni haqiqatdir»30



Yüklə 3,9 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   168




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin