1-MAVZU. TALAB VA TAKLIF NAZARIYASI. BOZOR MUVOZANATI Reja: 1. Talab tushunchasi va uning miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar. Talab
qonuni
2. Taklif tushunchasi. Taklif miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar. Taklif
qonuni
3. Talab miqdori va taklif miqdori o‘rtasidagi nisbatning o‘zgarishi.
Bozor muvozanati
4. Talab va taklif elastikligi
Talab va taklif iqtisodiyot nazariyasining eng ko‘p ishlatiladigan
tushunchalari. Talab va taklif bozor iqtisodiyoti mexanizmini harakatga
keltiruvchi kuchdir. Ular ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarning
miqdorini hamda ushbu mahsulot narxini aniqlab beradi. Bu mavzuda
avvalo talab va taklifga narx ta’sirini ko‘rib chiqamiz. Keyin talab va
taklif ta’sirida muvozanatli narxning o‘rnatilishi tushuntirib beriladi. Bu
yerda talab va taklif qonunlari, ularning miqdoriga ta’sir etuvchi
omillarni, ular o‘rtasidagi mutanosiblikni tushuntirishga alohida e’tibor
beriladi. Mavzuning yakunida elastiklik tushunchasi, hamda talab va
taklif elastiklik hisoblanishi bilan tanishib chiqamiz.
1. Talab tushunchasi va uning miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar. Talab qonuni Talab iqtisodchi uchun sehrli so‘z, chunki bu tushunchaning ichida
xavflilik va quvonch, samaradorlik va falokat yashirinib turadi.
Haqiqatdan ham qondirilmagan talab ishlab chiqarishning o‘sishini
rag‘batlantirish yoki narxlar o‘sishini yuzaga keltirishi mumkin; talabning
kamayishi iqtisodiyot tuzilishdagi o‘zgarishiga yoki ortiqcha ishlab
chiqarishga sabab bo‘lishi mumkin. Xullas, talab – iqtisodiyotning
«joni»dir, shuning uchun ham uning tahlili o‘ta muhim.
Talab va taklif tushunchalari bevosita bozor tushunchasi bilan bog‘liq
bo‘lgani uchun, uning ta’rifini beraylik.
Bozor – bu muayyan tovar va
xizmatlarning sotuvchi va xaridorlarini birlashtiradigan institut yoki
mexanizm. Bu yerda biz ko‘p sonli mustaqil ravishda amal qilayotgan
sotuvchi va xaridorlardan iborat bo‘lgan raqobatli bozorlarni ko‘rib
chiqamiz.