mantiq - tafakkur qonunlari va shakllari to‘g‘risidagi taʼlimot;
aksiologiya - qadriyatlar haqidagi talimot;
falsafiy antropologiya – inson haqidagi talimot va boshqalar.
Falsafa ularning muhim xususiyatlari, birinchi sabablari va asoslarini aniqlashdan manfaatdor. U yoki bu munosabatni dunyoga yondashuv mezoni sifatida tanlash (masalan, dunyoga uyg‘unlik, go‘zallik, mutanosiblik nuqtai nazaridan yondashish) u yoki bu falsafiy fanni (ayni holda estetikani) belgilaydi. Dunyoga uni bilish imkoniyatlari va qonuniyatlari nuqtai nazaridan yondashish bilish nazariyasi – gnoseologiyani vujudga keltiradi.
«Inson – dunyo» tizimiga hokimiyat munosabatlari nuqtai nazaridan yondashish siyosatshunoslikning predmetini tashkil etadi. Munosabatlar o‘zagini axloqiy meyorlar tashkil qilishi etika sohasida namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, falsafaning asosiy masalasi falsafaning strukturasida namoyon bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, falsafaning asosiy masalasi xususida mulohaza yuritish jarayonida biz borliq nima, tafakkur nima degan savollarga turli xil javoblar olamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu javoblar o‘z dalillar tizimi, metodologik tamoyillarini shakllantiradi va falsafiy yo‘nalishlarga aylanadi. Masalan, borliqda eng avvalo faqat fan doirasida aniqlanishi va til tizimida belgilar yordamida ifodalanishi mumkin bo‘lgan aloqalar va qonuniyatlarni ko‘rish maxsus yo‘nalish – pozitivizm, aniqroq aytganda, uning oxirgi bosqichi – analitik falsafa nuqtai nazari bilan muvofiq keladi. Bu erda borliq nima degan masala u yoki bu bilimlarni to‘g‘ri ifodalash muammosiga, til tahliliga borib taqaladi. Analitik falsafa doirasida «lingvistik burilish» amalga oshirilgan va til falsafasi butun falsafaning asosi sifatida qabul qilingan.