Fan – ilmiy dunyoqarash shakli. Fan taraqqiyoti ikki katta davr olib, birinchi davr dastlabki fan davri, ikkinchi davr esa - haqiqiy fan davri deb nomlanadi.
Dastlabki fan davri ilk fan bo‘sqichi bolib, u miloddan avvalgi I ming yillikdan XVI asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda asrlar mobaynida avloddan-avlodga o‘tib kelgan, hayot tajribasi va mehnat faoliyati jarayonida olingan amaliy bilimlar bilan bir qatorda juda umumiy va mavhum mushohadalarga asoslangan nazariyalar xususiyatiga ega bo‘lgan tabiat haqidagi dastlabki falsafiy tasavvurlar (naturfalsafa) vujudga kela boshlagan. Ilmiy bilim kurtaklari naturfalsafa doirasida uning elementlari shakllanib (matematik, astronomiya, tibbiyot va boshqalar) ularning masalalari yechilishi davomida falsafaga tegishli bo‘limlar vujudga kelgan. Keyinchalik esa asta-sekin shakllangan tabiiy fanlarning o‘rganish doirasi kengayganligi sababli matematika, astronomiya, tibbiyot va boshqa tabiiy fanlar falsafadan ajralib chiqgan.
Masalan, Aristotelning falsafiy asarlarida fizika, zoologiya, embriologiya, mineralogiya, geografiya kabi fanlarning kurtaklariga duch kelish mumkin. Miloddan avvalgi III-II asrlarda falsafiy bilim tarkibida statistik mexaniqa, gidrostatika, geometrik optika (xususan, ko‘zgular haqidagi alohida fan – «ka-toptrika») farqlanadi va nisbatan mustaqil ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo mutafakkirlari al-Xorazmiy matematika, al-Farg‘oniy astranomiya, al-Beruniy mineralogiya va geografiya, Ibn Sino tibbiyot, Mirzo Ulug‘bek astranomiya, Alisher Navoiy adabiyot ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shdi va ular ijodi mahsullari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Fan taraqqiyotining ikkinchi haqiqiy fan davri fan taraqqiyotining birinchi bosqichi bilan boshlanadi. XVI-XVII asrlar – birinchi ilmiy inqilob davri bo‘lib, u klassik fan bosqichi deb nomlanadi va XIX asrgacha davom etadi. U Koopernik va Galiley tadqiqotlaridan boshlanib, Nyuton va Leybnitsning fizika va matematika sohasidagi fundamental asarlari bilan o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Fanning buyuk ijodkorlari Galiley va Nyuton yashagan davr –kashfiyotlar, shuningdek sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi kurash olib borilgan romantik davrdir. Bu davrda hozirgi vaqt tabiatshunosligining asoslari yaratilgan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog‘liq bo‘lgan yangi meyorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o‘z metodologiyasini amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni yechishda yaratgan.
XVII asrda dastlabki ilmiy akademiyalar: London qirollik jamiyati (1660), Parij Fanlar akademiyasi (1666), Berlinda (1700), Sankt-Peterburgda (1724), Stokgolmda (1739) va Evropaning boshqa poytaxt shaharlarida ilmiy akademiyalar tashkil topa boshlagan. Ayniqsa, dunyoning eng yirig akademiyasi London qirollik jamiyati bo‘lib, u tashkil etilganda 55 a’zodan iborat bo‘lgan.
XIX asr oxiri XX asrning 70 yillar fani noklassik fan bosqichi deb ataladi. Bu davrda fanlarda ulkan dalili, asosli materiallaar to‘plangan hamda ilmiy tizimga solingan. Matematika, fizika, kimyo, geologiya, biologiya, psixologiya va boshqa fanlarda fundamental nazariyalar yaratilgan. Ayniqsa bugungi taraqqiyot negizi hisoblangan, texnika fanlarining vujudga kelishi, moddiy ishlab chiqarishni rivojiga katta hissa qo‘sha boshladi. Fanning ijtimoiy rolining ortishi, ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida etirof etildi.
XVIII asrning o‘rtalarida jahonda fan bilan shug‘ullanuvchi olimlar soni 10 mingdan oshmagan bo‘lsa-da, XIX asr oxiriga kelib ularning soni 100 ming kishiga etadi. XIX asrda fan ijtimoiy mehnatning mustaqil tarmog‘iga aylanadi va u bilan universitetlar va institutlarning maxsus fakultetlarini tamomlagan «dunyoviy» professional olimlar shug‘ullana boshladi. 1850 yilda jahonda mingga yaqin ilmiy jurnallar nashr etilgan bo‘lsa, 1950 yilga kelib esa ularning soni 10 mingdan oshgan. XIX asr oxiriga kelib ilmiy laboratoriyalar soni ko‘payib, fan tijoratchilar, tadbirkorlar etiborini o‘ziga tobora ko‘proq jalb eta boshladi. Ular olimlarning ishlab chiqarish, sanoat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarini mablag‘ bilan taminlay boshlaydilar.
XX asrning 70 yillarida fan rivojlanishida yangi postnoklassik bosqich boshlanadi. XIX-XX asrlar chegarasida amalga oshirilgan inqilobiy kashfiyotlar bir qancha fanlarning asoslarini larzaga soladi. Matematikada to‘plamlar nazariyasi va matematik tafakkurning mantiqiy asoslari tanqidiy tahlil qilinadi, bir qancha yangi fanlar vujudga keladi. Fizikada klassik fizikaning falsafiy asoslarini qayta ko‘rishga majbur qilgan fundamental nazariyalar – nisbiylik nazariyasi va kvant mexaniqasi yaratiladi. Biologiyada genetika rivojlanadi. Tibbiyot, psixologiya hamda inson haqidagi boshqa fanlarda yangi fundamental nazariyalar paydo bo‘ladi. Ilmiy bilimning shakl-shamoyilida, fan metodologiyasida, ilmiy faoliyatning shakl va mazmunida, uning meyorlari va ideallarida olamshumul o‘zgarishlar yuz beradi.
XX asrning ikkinchi yarmi fanni yangi inqilobiy o‘zgarishlarida fan-texnika inqilobi sifatida misli ko‘rilmagan miqyosda amaliyotga – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kundalik hayotga joriy etila boshlangan. Fan energetikada (atom elektrostansiyalari), transportda (avtomobilsozlik, aviatsiya), elektronikada (televidenie, telefoniya, kompyuterlar) ayniqsa ulkan o‘zgarishlar yasaydi. Fanning rivojlanishi eng yangi harbiy texnikani yaratishning asosiy omiliga aylanadi va «ikki lager»ning urushdan keyingi qarama-qarshiligi sharoitida avj olgan qurollanish poygasi yirik davlatlarni ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarga ulkan mablag‘larni sarflashga majbur qiladi.
Davlat ham, xususiy firmalar ham fan rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga katta Harajatlar qilishi tabiiy bir hol bo‘lib qoldi. Natijada XX asrning oxirida fan jadal suratlarda o‘sib, ijtimoiy mehnatning muhim tarmoqlaridan biriga aylandi. «Katta fan» davri boshlandi. XX asr oxirida Yer yuzidagi olimlar soni 5 mln. kishidan oshgan bo‘lsa, XXI asrning birinchi o‘n yilligida 6 milliondan oshib ketdi. Fanda 15 ming yo‘nalish va bir necha yuz ming ilmiy jurnallar mavjud. Yangi energiya manbalari va axborot texnologiyalari – hozirgi zamon fanining istiqbolli yo‘nalishlari. Fanning internatsionalizatsiyalashuvi tendensiyalari kuchayib bormoqda, fanning o‘zi fanlararo kompleks tahlil predmetiga aylanmoqda.
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular:
-avvalo aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi;
-o‘rganilayotgan obektlar va hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo‘ljal oladi;
-kategoriyalar apparatini (o‘z tilini) yaratadi, o‘zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi.
Falsafa va fan o‘rtasidagi farq shunda namoyon bo‘ladiki:
falsafa doim u yoki bu faylasuf nomi bilan bog‘lanadi, bunda uning g‘oyalari, asarlari bo‘lishi va ularga boshqa faylasuflar qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligiga bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Fan esa, mohiyat etibori bilan, jamoa mehnati mahsulidir;
-falsafada (muayyan fanlardan farqli o‘laroq) yagona til va yagona tizim mavjud emas. Bu erda fikrlar rang-barangligi meyor sanaladi. Fanda esa monizm hukm suradi, chunki hech bo‘lmasa fanning u yoki bu muayyan sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi (til)ga nisbatan yondashuvlar birligi albatta mavjud bo‘ladi;
-falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng foydalanadi, biroq uning uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas, zero ular asosan faylasuflarning subektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan esa mohiyat etibori bilan isbotlangan va sinashta bilimlar olishga harakat qiladi, bunda olingan bilimlarni tekshirish yoki rad etish imkoniyatining mavjudligi bu bilimlar haqiqiyligi va ilmiy jihatdan asosliligining muqarrar sharti hisoblanadi;
-falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas (aks holda ular ilmiy bilimlarga aylanadi);
-falsafa aniq prognoz bera olmaydi, yani u ishonchli bilimlarni kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero unda bunday bilimlar yo‘q. Ayrim faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi yordamida faqat bashorat qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki modellashtirishga qodir emas.