Qayd qiluvchi o‘lchash asboblari natijani diagramma shaklida ko‘rsatuvchi o‘ziyozar asboblar (masalan, barograflar, termograflar, raqamli ossillograflar)ga va o‘lchash natijasini qog‘oz lentagan raqamli ko‘rinishda chiqaruvchi pechat qiluvchi asboblarga bo‘linadi.
Qayd qiluvchi asboblar fizik kattaliklarni o‘lchashda – jarayon yoki u yoki bu sharoitalarda uzluksiz o‘lchashda (temperaturani, bosimni va sh.k.), dinamik rejimdagi ob’yekt xususiyatlalarining parametrlarni o‘lchashda keng qo‘llaniladi.
O‘lchash o‘zgartkichi deb o‘lchash informasiyasi signalini ishlab berish, uzatish, keyinchalik o‘zgartirish, ishlov berish va uni saqlashga mo‘ljallangan, lekin kuzatuvchining ko‘rishi (kuzatishi) uchun moslanmagan o‘lchash vositasiga aytiladi.
O‘lchash o‘zgartkichlarining turlari juda ko‘p. Odatda, o‘lchash zanjirida birinchi bo‘lgan, ya’ni o‘lchanayotgan kattalik signalini qabul qiladigan o‘lchash o‘zgartkichiga birlamchi o‘lchash o‘zgartkichi deyiladi. Undan keyingi joylashgan o‘lchash o‘zgartkichlariga esa oraliq o‘zgartkichlar nomi berilgan.
O‘lchash o‘zgartkichlarining keng tarqalgan turlariga masshtabli va parametrik o‘lchash o‘zgatkichlari kiradi.
Birlamchi o‘lchash o‘zgartkichlari, ko‘pincha datchik deb yuritiladi. Uning bevosita o‘lchanayotgan kattalik ta’siridagi qismi sezuvchan (chuvstvitelnыy) element deyiladi. Masalan, termoelektrik termometrda-termojuftlik, monometrik termometrda-termoballon ana shunday elementlardir. Ba’zida datchik bitta yoki bir nechta o‘lchash o‘zgartkichlarining konstruktiv yig‘ilmasidan iborat bo‘ladi.
O‘lchanadigan kattalikning xarakteriga qarab, o‘lchash o‘zgartkichlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
Elektr kattaliklarni yana elektr kattaliklarga o‘zgartiruvchi o‘zgartkichlar E => E;
Noelektrik (elektrmas) kattaliklarni elektr kattaliklariga o‘zgartiruvchi o‘zgartkichlar NE =>E.
1-turdagi o‘lchash o‘zgartkichlariga masshtabli (shunt qarshiligi, qo‘shimcha rezistor, kuchlanish bo‘lgichlari, o‘lchash tok va kuchlanish transformatorlari, kuchaytirgichlar va h.k.) o‘zgartkichlar, hamda to‘g‘rilagichli o‘zgartkichlar (yarim o‘tkazgichli elementlardan ishlangan (diodli) o‘zgartkichlar) kiradi.
2-turdagi o‘lchash o‘zgartkichlariga noelektrik (elektrmas) kattaliklarni (masalan, mexanik, issiqlik, kimyoviy va boshqa turdagi) elektr kattaliklariga o‘zgartiruvchi o‘zgartkichlar kiradi. Bu turdagi o‘zgartkichlar datchiklar deb yuritiladi va o‘lchanayotgan kattalikning turiga qarab tegishli nomlarga ega bo‘ladi. Masalan, moment datchigi, siljish datchigi, satx, bosim, issiqlik datchiklari va h.k. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan parametrik o‘lchash o‘zgartkichlarida kirishdagi signal turlicha (mexanik siljish yoki ko‘chish, bosim, og‘irlik kabi) bo‘lib, chiqishdagisi esa faqat elektr signali (elektr qarshiligi, elektr sig‘imi, elektr yurituvchi kuch va boshqalar) bo‘ladi.
Har qanday o‘lchash jarayonining birdan-bir asosiy elementi operator-kuzatuvchi hisoblanadi.
O‘lchash o‘zgartkichlarining chiqishidagi o‘lchash informasiyasining signali kuzatuvchining ko‘rishi (kuzatishi) uchun moslanmagan bo‘lganligi sababli bu o‘zgartkichlar alohida (mustaqil) o‘lchash vositasi sifatida ishlatilmaydi. O‘lchash o‘zgartkichlari faqat o‘lchash asboblari bilan birgalikda yoki o‘lchash qurilmalari yoki tizimlarining tarkibida ishlatiladi.