«Qiyoslashga tayyorgarlik» bosqichida qiyoslovchi tayyorgarlik ishlari ro‘yhati va ularni bajarish usullari bilan tanishadi. Bunday ishlar jumlasiga qiyoslanadigan o‘lchash vositalarini o‘rnatish va tayyorlash; qiyoslanayotgan o‘lchash vositalarini ta’sir etuvchi kattaliklar ta’siri ostida ochiq ushlab turish, o‘lchovlarni yuvish; moylash qobig‘ini tozalash; asboblarni tok ostida isitish (qizdirish); ekranlash, germetiklikni, ulanish kontaktlarini (birikmalarini), yoritilganlikni tekshprish; tutashtirib ulash qurilmalarini ulash; yerga ulash; xavfsizlik texnikasi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish va boshqalar kiradi. Tashqi ko‘rikdan o‘tkazishda o‘lchash vositalarining butligi, sanoq qurilmalari bo‘limlarining qiymati tekshirilib, o‘lchash vositalarining qoplamalari va elementlaridagi nuqsonlar aniqlanadi, ular mavjud bo‘lgan taqsirda bu vositalarni qo‘llashga ruxsat etish mumkin emas.
Qiyoslovchi har bir operasiya uchun metrologik parametrlarga oid standartlarda belgilangan ruxsat etiladigan og‘ishlar chegaralarini bilishi zarur. Ishlatilganidan keyin qiyoslashga keladigan o‘lchash vositalari uchun nazorat organlari ruxsati bilan metrologik parametrlarning ishlab chiqarishdan kelgan o‘lchash vositalariga oid texnik hujjatlarda ko‘zda tutilganidan farqli og‘ish me’yorlari belgilashga ruxsat etiladi. Qiyoslash o‘tkazish chog‘ida qiyoslovchi bu xususiyatga, chunonchi o‘lchash vositasi qiyoslashga ishlatishdan yoki ishlab chiqarishdan kelgan-kelmaganligiga va tegishli texnik hujjatlarga biror-bir o‘zgartirish kiritdimi-yo‘qligiga alohida e’tibor berishi kerak.
«O‘lchash natijalarini ishlab chiqish» bosqichi, odatda, qiyinchilik tug‘dirmaydi, chunki butun operasiya mos texnik hujjatlar bilan qat’iy reglamentlangan.
2.Qiyoslash natijalarini rasmiylashtirish
Qiyoslash natijalarini rasmiylashtirish bosqichida qiyoslovchi o‘lchash vositalarini ishchi yoki namuna vositalar sifagida qo‘llanilishini hisobga olib belgilangan talablarni yaxshi bilishi kerak.
Ijobiy qiyoslash natijalarini qiyoslovchi bunday yo‘l bilan ta’minlaydi:
- o‘lchash vositalarini ularning konstruktiv xususiyatlari, tamg‘a qo‘yish usullari va joyiga bog‘liq ravishda tamg‘alash;
- «O‘zstandart» belgilagan shaklda davlat qiyoslashi haqida guvohnoma berish;
- idoraviy qiyoslash haqida guvohnoma berish;
- asbobsozlik yoki asbob ta’mirlash korxonasining attestatida (pasportida) davlat qiyoslash natijalarini yozish va qiyoslash tamg‘asini bosish bilan tasdiqlash;
- davlat qiyoslash natijalarini ishlatish pasportida (yoki uning o‘rnini bosadigan hujjatda) yozish va qiyoslash tamg‘asi bilan tasdiqlash;
- namuna o‘lchash vositasini qiyoslash haqida guvohnomani old tomonida yoki ishlab chiqarish attestatida «namunaviy» muhrini yoki yozuvini qo‘yish.
Qiyoslash jarayonida, odatda, dalolatnoma yuritiladi va unda quyidagilar aks ettiriladi:
qiyoslanayotgan o‘lchash vositasining nominal xarakteristikalari va parametrlari hamda formal belgilari, jumladan, o‘lchash vositasining nomi, ishlab chiqargan zavod, zavod belgisi, tartib raqami, o‘lchash diapazonlari va h.k.;
qiyoslash sharoitlari, shu jumladan, bino va: muhit temperaturasi (zarur hollarda havo bosimi va uning nisbiy namligi), shuningdek, boshqa o‘ziga xos sharoitlar;
qiyoslashda qo‘llanilayotgan namuna o‘lchovlar va asboblar (ularning tartib raqamlari ko‘rsatiladi), shuningdek, qurilmalar va yordamchi apparatura nomlari;
o‘lchash jarayonida amalga oshirilgan har bir operasiyaning natijalari.
Keyin bu natijalarni tahlil qilinadi va matematik ishlov beriladi, masalan, xatoliklar, ko‘rsatishlar variasiyasi, o‘rtacha qiymatlar, tuzatmalar, tuzatish ko‘paytmalari hisoblanadi va h.k.
Qiyoslash natijalari salbiy bo‘lganida va zarur bo‘lganda tahlil qilishdan so‘ng qiyoslovchi o‘lchash vositasining yaroqli yoki yaroqsizligi haqida xulosa chiqaradi va tamg‘alarni o‘chirish bo‘yicha operasiyalarni bajaradi hamda hujjatlarda qiyoslangan o‘lchash vositalarining yaroqsizligi haqida qiyoslash natijalarini va ularni ishlab chiqarish va qo‘llashni taqiqlash haqidagi natijalarni rasmiylashtirish bo‘yicha tegishli yozuvlarni kiritadi.
Qiyoslash dalolatnomasi yuridik qiymatga ega hujjat bo‘lib, shu sababli uni yuritishga tegishli e’tibor qaratilishi zarur. Masalan, ularni ayrim qog‘oz varaqlariga yozib, keyin ko‘chirib yozish yoki shubhali tuyuladigan natijalarni tashlab yuborish mumkin emas, bunda dalolatnoma birlamchi hujjat sifatidagi ahamiyatini yo‘kotadi (ko‘chirib yozishda xatoliklar bo‘lishi mumkin).
Qiyoslash tugatilganidan so‘ng uning natijalari o‘lchash vositalarining pasportlariga, attestatlarga, guvohnomalarga va boshqa hujjatlarga kiritiladi. (dalolatnomalarga, kuzatish natijalariga ishlov berish bo‘yicha hisob-kitoblarga kiritiladi, ularga jadvallar, grafiklar va boshqa hisoblash ma’lumotlari ilova qilinishi mumkin).