Islom dinining vujudga kelishi. Islom jahon dinlari ichida eng yoshi hisoblanadi. “Islom” – (arabcha - “bo‘ysunish”, “itoat etish”) – Allohga til bilan imon keltirib, dil bilan tasdiqlash, uning ko‘rsatmalariga bo‘ysunishni anglatadi.
Muhammad payg‘ambar hayoti. Muhammad ibn Abdulloh ibn Abd al-Muttalib Arabiston tarixida “fil voqeasi” nomi bilan mashhur jangdan 50 kun keyin tavallud topgani haqida ilk islom manbalarida xabar beriladi. Misrlik astronom Mahmud poshoning ta’kidlashicha, Payg‘ambarning tavallud sanasi milodiy 571 yil 21 aprelga to‘g‘ri keladi. Otalari Abdulloh o‘z o‘g‘li Muhammad tug‘ilmasidan oldin savdo ishi bilan Shomdan qaytayotib Yasribda (hozirgi Madina shahrida) vafot etgan. Onalarining ismi Omina bint Vahb bo‘lib, Banu Zuhra urug‘idan edi.
Manbalarda Payg‘ambarning tavallud kunlarida turli mo‘‘jizalar ro‘y bergani haqida xabar beriladi. Ushbu hodisalar haqida ko‘plab tarixchilar o‘z asarlarida rivoyatlar qoldirganlar. U kishining onalari homilador bo‘lganida tushida “Sen butun insonlarning ulug‘iga homilador bo‘lding, u dunyoga kelgach, ismini Muhammad qo‘ygin” degan ovoz eshitdi. Shunga ko‘ra tug‘ilgan paytlarida bobolari “Muhammad”, ya’ni “g‘oyat maqtovli” degan ismni qo‘ydilar. Islom ta’limotiga ko‘ra, Muhammad payg‘ambar nomlari zikr etilganda “sallallohu alayhi vasallam” (qisqacha: s.a.v.: “unga Allohning rahmat va salomi bo‘lsin”) yoki “alayhis-salom” (qisqacha: a.s.: “unga salom bo‘lsin”) iborasi hurmat yuzasidan aytiladi..
Arablarda bola sog‘lom va ziyrak bo‘lib o‘sishi uchun sahroyi ayollardan sut-ona topib emizish odati bor edi. Ana shu odatga ko‘ra, Muhammad (a.s.)ga Bakriy qabilasidan bo‘lgan Halima ismli ayol sut-ona bo‘ldi. Rasulullohni to‘rt yildan ortiq vaqt ichida emizgan Halimaning oilasiga baraka yog‘ilib turgan edi.
Besh yoshli Muhammad o‘z onasi Omina bilan birgalikda Yasribga ota qabrini ziyorat qilish uchun boradilar. Bu safardan qaytib kelayotganlarida Abvo degan joyda onalari Omina vafot etadi. Makkaga otalarining cho‘risi Ummu Ayman bilan birga yetib keladilar. Shundan so‘ng Muhammadni sakkiz yoshgacha bobosi Abdulmuttalib o‘z qo‘lida tarbiyaladi. Abdulmuttalib o‘z nevarasi Muhammadni juda yaxshi ko‘rar edi. Shuning uchun o‘zi hastalanib, o‘lim to‘shagida yotgan paytda o‘g‘illari orasida eng saxovatli va mehribon bo‘lgan Abu Tolibni chaqirib, Muhammadni o‘z qaramog‘iga olishni buyuradi. Otasi vafotidan so‘ng amakilari Abu Tolib o‘z otasining vasiyatiga binoan Muhammadni o‘z qarmog‘iga oldi.
Payg‘ambar yoshlik chog‘larida ikki marta Shomga, bir marta Yamanga karvon bilan birga safarga chiqdilar. Shomga birinchi marta 12 yoshga to‘lganda, ikkinchi marta 25 yoshga, Yamanga 17 yoshga to‘lganda safar qildilar. 12 yoshga yetganda amakilari Abu Tolib Shomga safarga otlandi. Eng yaqin kishisidan ayrilib qolish Muhammadga qattiq ta’sir qilib, ma’yus qolganini ko‘rgan Abu Tolib bolani birga olib ketishga jazm qildi.
Ularning karvoni Shom yo‘lidagi Busro nomli mavzeda to‘xtadi. Yahudiylarning olimlaridan Buhayro ismli bir rohib uzoqdan karvonning kelishini kuzatib turar edi. Ko‘rdiki, karvon bilan birga bir bulut ham kelayapti. Karvon bir daraxt ostiga to‘xtadi. Bulut ham o‘sha daraxt tepasiga qo‘ndi. Buhayro darhol bir ziyofat tayyorladi. Abu Tolibni sheriklari bilan ibodatxonaga taklif qildi. Muhammad (s.a.v.) haqidagi ma’lumotlarni bilib olish uchun bir necha savollar berdi. Olgan javoblaridan hayratlangan Buhayro Muhammadning ikki kuraklari o‘rtasidagi payg‘ambarlik muhrini ochib ko‘rdi. Shundan so‘ng Abu Tolibga Muhammadning porloq kelajak egasi ekanini bashorat qildi va uni ehtiyot qilishni uqtirdi.