Qur’on va hadis – islom dinining manbalari . Qur’oni karim – Alloh taolo tarafidan 23 yil mobaynida Muhammad payg‘ambarga oyat-oyat, sura-sura tarzida nozil qilingan ilohiy kitob hisoblanadi. Manbalarda berilishicha, “Qur’on” so‘zi arabcha “qaraa” – “o‘qimoq” o‘zagidan olingan bo‘lib, “O‘qiladigan (kitob)” ma’nosini beradi deb talqin etiladi. “Qur’on” 114 sura (arab. – “bo‘lak”, “devor”, “to‘siq”) va 6236 ta oyatdan tashkil topgan. Uning “mo‘‘jiza”, “belgi”, “alomat” kabi ma’nolari ham bor.
Makkada nozil bo‘lgan Qur’on suralarining xronologik tartibi quyidagicha:
1. Makka davri (610-615 yillar). Bu davrda yuksak adabiy ijod namunalari bo‘lgan “saj’” janriga yaqin shakldagi suralar nozil bo‘lgan. Yevropa olimlari ularga “Nazmiy suralar” deb nom berganlar.
2. Makka davri (616-619 yillar), Muhammad (s.a.v.) va ularning izdoshlari doimiy ta’qib ostida yashagan va ko‘pchilik Habashistonga ko‘chib ketgan muhitda nozil bo‘lgan. Bu suralarda Allohning nomi “Rahmon” sifatida ko‘p tilga olingani sababli Yevropa olimlari ularni “Rahmon suralari” deb ataganlar.
3. Makka davri (620 yil boshlaridan 622 yil sentyabrigacha). Bu davrda ham Muhammad (s.a.v.) va uning izdoshlari ta’qib ostida yashaganlar, maxfiy ravishda, ko‘pincha shahardan tashqarida ibodatga to‘planganlar. Bu davr suralarida islomning aqida va ta’limotiga keng o‘rin berilgani sababli, yevropalik tadqiqotchilar ularga “Payg‘ambarlik suralari” deb nom berganlar.
Muhammad payg‘ambar hayotlik chog‘larida yana vahy tushib qolishi mumkinligi nazarda tutilib, Qur’on jamlanib, kitob holiga keltirilmagan edi. Payg‘ambar (a.s.) vafotlaridan keyin Qur’on kishilarning xotirasida va yozgan narsalarida saqlanib qoldi. Payg‘ambardan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr (572-634) boshliq etib saylandi. Uning xalifalik davrida (632-634) “murtadlik (dindan qaytish) harakatlari”. Xalifa bu isyonchilarga qarshi shiddatli janglar olib bordi. Ushbu janglarda ko‘plab Qur’onni to‘liq yod olgan qorilar halok bo‘ldilar.
Hadis. Hadis so‘zining arab tilidagi lug‘aviy ma’nosi “so‘z”, “yangi”, “suhbat”, “hikoya”, “rivoyat” ma’nolarini anglatadi. Uning istilohiy ma’nosi Muhammad payg‘ambarning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari va taqrirlari, ya’ni ko‘rib qaytarmagan va qo‘llab-quvvatlagan ishlaridir. Hadislar ikki qismdan: aynan xabar beruvchi matn va uni rivoyat qilgan roviylar zanjiri – isnoddan iborat.
Hadis ikki xildir:
al-hadis al-qudsiy (bu kabi hadisda, ma’no Allohdan, lafz esa Payg‘ambardan bo‘ladi);
al-hadis an-nabaviy (bunda esa, ma’no ham lafz ham Payg‘ambarnikidir).
Hadislar ilk davrda faqat og‘zaki ravishda avloddan-avlodga uzatilar edi. Yozma ravishda hadislarni to‘plamaslik haqidagi Payg‘ambarning ko‘rsatmalari asosan ilk islom davriga taalluqli edi. Payg‘ambar (a.s.) o‘z so‘zlarini yozib olishdan sahobalarni qaytarishlariga sabab hadislarning Qur’on oyatlariga aralashib ketmasligi uchun edi. Chunki vahy nozil bo‘lib turgan paytda ba’zi kishilar Qur’on oyatlarini yozib borar edilar. Boshqa hadisda esa Payg‘ambar (a.s.): “Bu og‘izdan – deya o‘z og‘izlariga ishora qildilar – faqatgina haq so‘z chiqadi” – deb, o‘z so‘zlarini yozib olishga buyurganliklari haqida rivoyat qilingan. Abu Dovud o‘zining “Sunan” asarida ikki hadisni ketma-ket keltiradi – ulardan birida Payg‘ambar o‘z so‘zlarini yozib olishdan qaytargan bo‘lsalar, ikkinchisida unga buyuradilar.
Keyinchalik esa bu yozuvlar katta to‘plamlarga asos bo‘ldi. Shunday ilk to‘plamlardan biri Madinadagi Urva ibn Zubayrga (vaf. 94/712 yoki 99/717 y.) va ikkinchisi Suriyaga ko‘chib ketgan Muhammad ibn Muslim Zuhriyga (vaf. 124/741 y.) tegishli.