часть
2
«
Новости
образования
:
исследование
в
XXI
веке
»
май
, 2023
656
o‘zgartirishlar kiritadi. Binobarin, ingliz tili grammatik tizimida ravishlarni sifat va holat
kategoriyasini ifodalovchi boshqa so‘zlardan farqlashning yo‘llaridan biri — ularning faol va
virtual (nofaol) valentlik qobiliyatini inobatga olishdir. Lekin birliklarning bunday
qobiliyatini faqat so‘z birikmasi aniqlashtiradi, shakllantiradi va saqlab qoladi. So‘z
birikmasining xuddi shu xususiyatlari uni mustaqil, alohida birlik sifatida tavsiflash imkonini
beradi. So‘z birikmasining shakl, grammatik va nominativ ma’noga ega bo‘lishi hamda
mustaqil vazifa bajarishi bevosita valentlikning lisoniy kategoriya, til birliklarining barcha
grammatik-semantik xususiyatlarini mujassamlashtiruvchi hodisa sifatida talqin qilinishi
so‘z birikmasi nazariyasi rivoji uchun muhim omildir. So‘z birikmalarining nominativ
funksiyasi muammosi uzoq paytdan buyon muhokama qilinib kelinayotgan masalalardan
biri hisoblanadi. L. V. Shcherba, V. V. Vinogradov, N. N. Prokopovichlar so‘z birikmasini
alohida so‘zlarning semantik “yoyilishi” natijasida hosil bo‘ladigan murakkab nominativ
birlik sifatida qaraydilar [1, 47–47 b.].
Bunday yondashuvda so‘z birikmasi alohida so‘zning muqobiliga aylanadi: “... so‘z
birikmasi gapning alohida qurilish materiali deb qaralsa, xuddi so‘z kabi tilning nominativ
vositalari, predmet, hodisa, jarayon kabilarni atovchi vositalari hududidan joy oladi”.
Olimning ushbu mulohazasi biror-bir sezilarli o‘zgarishsiz ko‘plab tadqiqotlar, darsliklarda
takrorlanib kelinmoqda. Buning bilan esa til tizimining ikki mustaqil birligi orasidagi
farqning yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Taniqli tilshunos olimlardan O.Yespersen, R.Kvirk,
V. P. Suxotin, YE. M. Galkina-Fedorchuk va V. N. Yarsevalar so‘z va so‘z birikmasini
tamoman farqli hodisalar sifatida qarashib, oxirgisini nominativ vazifadan xoli, deb hisoblab
kelishgan [1, 86 b.].
Ba’zan bu ikki nuqtai nazarni birlashtirish holatlari va nominativ funksiya so‘z
birikmasiga xos ekanligini barcha tilshunoslar ma’lum darajada qayd etgan *7, 114–118 b.].
Ingliz tili so‘z birikmalarining lingvodidaktik xususiyatlarini maxsus o‘rgangan S. G. Ter-
Minasova uning alohida kategorial belgilarga ega ekanligini e’tiborga olish muhimligini
uqtiradi. Olimaning ta’kidlashicha, konnotativlik (axborot tashish bilan birgalikda,
emotsional ta’sir o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lish), klishe xususiyatiga ega bo‘lish,
idiomativlik (yaxlit ma’noning bo‘laklar ma’nolari yig‘indisidan farq qilishi), konseptual
to‘laqonlilik kategoriyalari so‘z birikmasining vazifaviy va semantik mohiyatini belgilaydi [8,
95–102 b.+. So‘z birikmalari bo‘laklari voqelikdagi predmetlarni yoki ular haqida tug‘ilgan
tasavvurni tafakkur jarayonida tug‘iladigan tushunchalar vositasida bevosita ifoda etadilar.
Aslida, tushunchaning o‘zi predmet-hodisalarning asosiy farqli belgilarini
umumlashtirish orqali yuzaga keladigan yaxlit psixologik obraz, konseptual birlikdir. Bunday
birlikning yuzaga kelishi alohida tushunchalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikishini taqozo
etmaydi, ya’ni tushunchalar o‘zaro munosabatida komponentlar o‘z lug‘aviy qiymatini
tushuncha — konseptlarni ifodalasalar-da, ularning har bir bo‘lagi alohida konseptni ataydi
va mustaqil leksik ma’noni ifodalaydi.