To’pni ilib olish mumkin bo’lmagan hollarda to’p qaytarib yuboriladi. Darvozabonning darvozaga ketayotgan to’p yo’lini to’sishdagi, to’g’ridan g’izillatib uzatilgan va yuqoridan uzatib tushirilgan to’plarni olib kolishdagi harakatlari to’pni qaytarib yuborishga kiradi. Bunda darvozabon to’pni egallab olmaydi.
To’p ikki qo’llab ham, bir qo’llab ham qaytarib yuboriladi. Birinchi usul ishonchliroq, chunki bunda to’sib koluvchi sath kattaroq bo’ladi. Biroq ikkinchi usul darvozabondan ancha naridan o’tayotgan to’plarni qaytarib yuborish imkonini beradi.
To’pni bir qo’llab yoki ikki qo’llab qaytarishda dastlabki va tayyorlov bosqichlaridagi harakatlar ko’p jihatdan to’pni yuqoridan va yondan ilib olishdagi harakatlarga o’xshaydi. To’pning harakat yo’nalishi va traektoriyasiga moslab, darvozabon taranglashgan, barmoqlari sal yoziq bitta qo’lini yoki ikkala qo’lini tezlik bilan to’p qarshisiga uzatadi. To’p ko’pincha kaftlar bilan qaytariladi. Gohida to’p bilakka tegib qaytadi. To’pni qaytarib yuborganda, uni darvozadan yon tomonga yo’naltirish tavsiya qilinadi.
Darvozabondan ancha naridagi to’plarni yiqila turib bir yoki ikki qo’llab qaytarib yuborish kerak. Bunda qaytarib yuborish qiyinroq bo’lgan to’plarga bir qo’lda yetib olish mumkinligini nazarda tutish lozim.
To’p harakatining yo’nalishi, traektoriyasi va tezligi qandayligiga qarab, yiqila turib to’p ilishdagi singari, dastlab to’p tomonga siljish va keskin depsinish bajariladi. Tarang uzatilgan bir yoki ikkala qo’l to’p qarshisiga chiqib, bir yoki ikkala kaft bilan yoxud bir yoki ikkala qo’lni musht qilib to’p qaytarib yuboriladi. Yakunlovchi bosqichda to’pni yiqila turib ilishdagi harakatlarga o’xshab g’ujanak bo’lib yerga tushiladi.
To’g’ridan g’izillatib uzatilgan va yuqoridan uzatib tushirilgan to’plarni to’sib qolayotganda, darvozabon raqib o’yinchilari bilan kurashda to’pni anchagina nariga qaytarib yuborishi kerak. Buning uchun to’pni u bir yoki ikkala qo’lini musht qilib urib yuboradi.
Musht bilan to’p qaytarishda zarba berishning ikki varianti bor: yelkadan boshlab urish va bosh ortidan boshlab urish.
Elkadan boshlab urishning tayyorlov bosqichida darvozabon tirsagi bukilgan zarba beruvchi qo’lini yelkasi tomon tortadi. Gavdasi ham shu tomonga buriladi (67-rasm). Zarba berish harakati gavdani dastlabki holat tomonga burishdan boshlanib, qo’lni keskin to’g’rilash bilan tugaydi. Qo’l to’la to’g’rilanib olgunga qadar, to’p mushtga tegadi. Zarba barmoqlarning birinchi suyaklariga to’g’ri keladi.
Bosh ortidan boshlab urish uchun sal bukilgan qo’l yuqori ko’tarilib, bosh orqaga tortiladi. Gavda ham orqaga egiladi. Gavda bilan qo’lning keskin to’g’rilanishi hisobiga zarba beriladi. To’pga u darvozabondan sal oldinda paytida bevosita zarba berish kerak. Zarba barmoqlarning o’rta suyagi bilan beriladi.
67-rasm. To’pni mushtum bilan urib yuborish (elkadan zarba berib)
68-rasm. To’pni mushtumlar bilan urib yuborish
To’pni ikkala qo’lni mushtlab qaytarib yuborish ishonchliroq bo’ladigan vaziyatlar ham uchrab turadi. Zarba berishdan oldingi dastlabki holat - tirsaklar bukilgan, mushtga tugilgan qo’llar ko’krak oldida. Tarang tutilgan ikki qo’lni baravariga to’g’rilab, mushtlar bilan to’pga zarba beriladi (68-rasm).