QO’SHTIRNOQ VA UNING QO’LLANISH O’RINLARI 1. Ko’chirma gap (nutq) qo’shtirnoq ichiga olinadi: "Partov yer ko’pmi ? Qo’riq qancha ?" – dedi Nosirov. (A.Q.)
2. Havola, iqtiboslar qo’shtirnoq bilan chegaralanadi: "Til – jamiyat-ning eng muhim aloqa vositasidir", – degan edi domlamiz. 3. Ko’chma ma'noda qo’llangan so’zlar kesatiq yoki o’zining odatdagi ma'nosidan boshqa xil ma'noda qo’llangan so’z va iboralar qo’shtirnoqqa olinadi: "Qalandarov "soyada o’sgan" raislardan", – dedi Saida. (A.Q.) Siz o’zingizga "ayol" deb qarasangiz, biz dodimizni kimga aytamiz. (A.Q.) Bu yil Mehri Zulfiqorovga, yangi yilda esa Zulfiqorov Mehrinisoga "qarashadigan" bo’ldi. (A.Q.) Qirildi bir talay qo’y, Bo’ri-larga bo’ldi "to’y ". (U.)
4. Badiiy asar, gazeta, jurnal, musiqa asarlari, ashula, spektakl kabi-larning nomlari qo’shtirnoqqa olinadi: "O’tkan kunlar" romani Qodiriy ijodida alohida o’rin tutadi. (taqrizdan). Yigit gumbirlatib "Rohat"ni chalib yubordi. (O.) Jangda ham yodimda ..."Gulyor" (U.) Umida yangi kelgan "Guliston"ni varaqlab o’tirardi. (A.Q.)
5. Muassasa, tashkilot, korxona, fabrika, zavod, mehmonxona, do’-kon kabilarning nomlari qo’shtirnoqka olinadi: Arslonbek Qalandarov – "Buston" kolxozining raisi. (A.Q.) "Interkontinental" mehmonxonasi Toshkentga ko’rk bag’ishlab turibdi. 6. Orden, medal kabi unvonlar nomi qo’shtirnoqka olinadi: Sobir Abdulla... ikki marta "Hurmat belgisi" ordeni va "Shavkatli mehnati uchun" medali bilan mukofotlandi. (G’.G’ulom so’z boshisidan) Taniqli tilshunos olim, professor Shavkat Rahmatullayev “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. 7. Kashfiyotlar: o’simlik, taom, kiyim-kechak; mashina, samolyot, televizor kabi maxsus atamalarning nomlari qo’shtirnoqqa olinadi: U yuqoridan eshitilayotgan ovozning maqom va maromidan "Il" samolyoti uchayotganini darrov payqadi. (telejurnaldan) "Chust" do’ppisi hamma-ga yoqdi. "Charos" uzumi, "Neksiya, "Damas", "Tiko" mashinasi kabi. 8. Ichki monolog – o’ziniki bo’lmagan ko’chirma gap qo’shtirnoqqa olinadi: Saida bu ishni boshlaganiga po’shaymonlik sezdi. "Nahotki, men ishni shunday, yana shu xilda boshlashim kerak bo’lsa". Bunaqada hali ish boshlamasdan oramizni buzib qo’yaman-ku!..." (A.Q.)
9. Sinf, buyruq va qarorlarning ayrim bandlariga qo’shib yoziladigan harflar qo’shtirnoqqa olinadi: IX "A" sinf, 147-"A" sonli qaror, 18- moddaning "D" bandi kabilar.
10. Baho ballari qo’shtirnoqqa olinadi: "besh", "to’rt", "uch", "ikki" yoki "a'lo", "yaxshi", "o’rta" ("qoniqarli"), "yomon" kabi. Unutib bo’lar-mi yarqiroq tabel – Aqlimning ko’zgusi "besh" yakunlarin. (Y.Hamdam).
11. Matn ichida kelgan maqol va sarlavhalar qo’shtirnoqqa olinadi: "Bahilning bog’i ko’karmas", degan gap bor(og’izdan) Maqolaga "Buston" deb sarlavha qo’yilgan bo’lsa ham, lekin gap Qalandarov haqida ketar edi. (A.Q.)