Tayanch so‘z va iboralar: matbuot, oqimlar, jadid adabiyoti, ma’rifatparvarlik, vaqtli matbuot.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar: Qosimov B. Milliy uyG‘onish. –T.: Ma’naviyat, 2002.
Qosimov B. Ismoilbek Gaspirali. –T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992.
Jalilov A., O‘rinboev N. O‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyotida vaqtli matbuotning o‘rni. –T.: Fan, 1983.
Baldauf I. XX asr adabiyotiga chizgilar. –T.: 2004.
Nazorat savollari: Gaspirinskiyning matbuot sohasidagi faoliyati haqida so‘zlang.
Behbudiyning matbuot rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot bering.
Matbuotdagi munozaralar haqida ma’lumot bering.
Jadid adabiyotida oqimlar haqida nimalar bilasiz?
“Oina” jurnalida qanday mulohazalar bo‘lib o‘tdi?
Fitrat ijodi atrofidagi tortishuvlar haqida so‘zlang.
Darsning maqsadi: Jadid adabiyotining yuzaga kelishi haqida magistrlarda ma’lumot hosil qilish. Jadid adabiyoti va turli oqimlarni tahlil eting.
Jadidlar o‘zlarining siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun matbuotni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratdilar. Jadid matbuotining ilk nashri “Tarjimon” gazetasi bo‘lib, Qrimda I.Gaspirinskiy tomonidan 1883 yilda chop etilgan. Gazetada davrning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan maqolalar bosildi. Shuning uchun ham obunachilar yildan yilga ko‘paydi. Bir yilning o‘zida 320 tadan 1000 tagacha etdi. Shuning ta’sirida Turkistonda ham birin-ketin gazetalar paydo bo‘la boshladi. Turkistonda jadidlar chiqargan ilk qaldirG‘och gazeta “Taraqqiy” bo‘lib, u 1906 yilning yanvaridan 31 martagacha ikki oy davomida haftada ikki marta chiqib turdi. Gazetaga Ismoil Obidiy muharrirlik qildi. Lekin tezda “kofirlar gazetasi” degan ayb bilan yopildi. 1906 yil sentyabrdan Munavvarqori muharrirligida “Xurshid”, 1907-yili Avloniy tomonidan “Shuhrat” gagetalari chiqarildi. Ammo bu gazetalar 2 oydan so‘ng yopib qo‘yildi.
Turkiston madaniy hayotida 1870-yilning 28-aprelidan chiqa boshlagan “Turkiston viloyati gazetasi” ham muhim rol o‘ynadi. U Turkiston general gubernatorligi qoshidagi “Turkistanskoe vedomosti” gazetasiga ilova bo‘lib chiqdi. Gazetaning maqsad-muddaosi shunday belgilangan edi:
“Turkiston general gubernatori buyrug‘i bo‘yicha ushbu oydan boshlanib “Turkiston gazeti” chiqadur. Ushbu gazetalarda barcha haloyiqqa ma’lum bo‘lmoq uchun general gubernatorni har turli farmoni izhor qilinur va yana har turli yangi xabarlar, savdo to‘g‘risida yozilur. Va yana Toshkand va g‘ayri shaharlarda bo‘lg‘on hodisa – voqealar yozilur” gazetaga Shohimardon Ibrohimov, bir oz muddat Muhammad Hasan Chenishev, 1885 yildan 1917 yilga qadar esa Nikolay Ostroumov (1846-1930) muharrirlik qildilar. Ayniqsa, Ostroumov davrida rs ilm-fani, madaniyati zo‘r berib targ‘ib-tashviq etildi. Rusiya shaharlariga borgan, sayohat qilgan turkistonliklarning safar taassurotlari muntazam suratda berib borildi. Gazeta atrofiga mahalliy qalamkashlardan bir davra tashkil qilindi. Bu qalamkashlar Rusiya tarixi, madaniyatiga hamdu sanolar o‘qidilar. Ruslardan o‘rnak olishga chaqirdilar. Ruslarni Turkistonga ilm-ma’rifat, axloq va madaniyat olib keluvchi, dunyo bilan oshna qiluvchi bir millat sifatida keng xalqqa tanishtirdilar. Bunday “ma’rifatparvarchilik” ko‘pincha o‘tmish, milliy-diniy an’analar ustidan kulish, ularni kamsitish, tanqid qilish hisobiga amalga oshirildi. Va u millatni sekin-astalik bilan ota-bobolarimiz turmushidan sovutishni ko‘zda tutardi. Turkistonda adabiy hukmronlik qilish istagi bilan kelganlarga, ularning turmush tarzi va tafakkuriga mehr-muhabbat uyg‘otib, “o‘risparast” bir avlodni etkazishiga xizmat qilar edi. Xullas, o‘rsiparastlik dastlabki o‘zbekcha matbuot namunasi bo‘lgan “Turkiston viloyati gazeti”da Rusiya hukumatining tegishli odamlari tomonidan uyushtirilib, rag‘batlantirilib borildi. Va uni “ilg‘or rus madaniyati” sifatida talqin qilindi. Hatto Furqatni ham 1890-yil Toshkentga kelganida N. Ostroumov o‘z gazetasiga jalb qiladi. general gubernator Baron Vrevskiy shoirning salohiyati va shuhratidan targ‘ibot uchun foydalanishi maqsadida uni rus zodagonlarining bal bazmiga taklif etadi. Ostroumov shoirga ziyofat taassurotlarini yozdirib, gazetada bostiradi.
Behbudiy 1913-yil aprel oyida “Samarqand” gazetasini chiqardi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada 2 marta, dastlab ikki, so‘ng to‘rt sahifada chop etildi. 45 ta sondan so‘ng moddiy tanqislik tufayli chiqish to‘xtadi. O‘sha yilning 20 avgustidan u “Oyna” (Ko‘zgu – Mir’at - Zerkalo) nomli fors, turk, arab va rus tilida jurnal chiqa boshladi. Lekin jurnal asosan forsiy va turkiyda chiqa boshladi. Bu suratli haftalik jurnal ko‘proq o‘zbek tilida: shuningdek, forscha she’r, maqola, ruscha e’lonlardan iborat edi. Boshida haftada bir marta, so‘ng ikkinchi yilda 15 kunda bir marta chiqqan. 20 oy chamasi to 1915-yil oxiriga qadar chiqib, so‘ng to‘xtagan.
“Oyna” jurnali ma’rifat va madaniyat tarqatishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda millat va uning haq-huquqi, tarixi, til adabiyotiga oid maqolalar, dunyo ahvoliga doir qiziqarli ma’lumotlar, baholar berib borildi. Masalan, jurnalning 1913-yil 20-avgustdagi birinchi sondayoq “Ikki emas to‘rt til lozim” degan maqola bilan chiqdi va har bir ziyoli, o‘qimishli odam arab, fors, rus va turkiy tilni bilish lozim deyiladi.
1917-yilda Avloniy tomonidan “Turon” gazetasi Toshkentda, shu yili qo‘qonda “Kengash” jurnali chop etildi.
Jadidchilikning ruhi va mazmunini o‘zida bekami ko‘st namoyon etgan jadid adabiyoti milliy ong va sezim taraqqiyotida beqiyos rol o‘ynaydi. Bu adabiyotning ilk namunalari badiiyatiga ko‘ra u qadar yuksak emas, g‘oyalar yaydoq berildi. Yalang‘och da’vat va chaqiriqlar, shiorbozlik ko‘zga tashlanadi. Jadid adabiyoti 10-yillarning oxiri, 20-yillarning boshidagina har jihatdan to‘laqonli adabiyotga aylandi.