10-mavzu: XX asrning ikkinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy, adabiy hayot. Dramalarning ommaviy va badiiy idrok yo‘siniga ta’siri Reja: XX asrning ikkinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy hayot.
20-40-yillardagi adabiy hayot.
Ushbu davrdagi poeziya, proza, dramaturgiya.
Dramalarning ommaviy va badiiy idrok yo‘siniga ta’siri.
Tayanch so‘z va iboralar: poeziya, proza, dramaturgiya, ijtimoiy-siyosiy hayot, adabiy muhit, badiiy idrok.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar: Karimov N. va b. XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi.. –T.: 1999.
Milliy uyg‘onish. Ilmiy to‘plam. ToshDU, 1993.
Ismoil To‘lak Andijoniy. XX asr o‘zbek adabiyoti. Andijon, 1999.
Amir Sayyid Olimxon. Buxoro xalqining hasari tarixi. –T.: 1991.
Nazorat savollari: XX asrning 20-40 yillaridagi ijtimoiy-siyosiy hayot qanday edi?
1917 yildagi oktyabr to‘ntarishi xalq taqdiri va adabiyotiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatdi?
Bu davr komfirqa adabiyot sohasida qanday siyosat olib bordi?
Bu davr matbuotida qanday munozara va bahslar bo‘lib o‘tdi?
Bu davr romanchiligi haqida so‘zlang.
Bu davrda qanday hikoyalar yaratildi?
Bu davr dramaturgiyasi haqida nimalar bilasiz?
Darsning maqsadi:XX asrning 20-40 yillaridagi ijtimoiy-siyosiy, adabiy muhit haqida magistrlarga ma’lumot bering. Bu davr adabiyoti va uning namoyandalari ijodini tahlil qilish.
XX asrning 20-40-yillari ijtiomiy-siyosiy va mafkuraviy qarashlar davri sifatida ajralib turadi. Rossiyada 1917 yil fevral, sakkiz oy o‘tmay oktyabr to‘ntarilishi bo‘lib o‘tdi. 1-jahon urushidan g‘oyat toliqib chiqish, 1916 yilgi milliy ozodlik qo‘zg‘olonining shafqatsiz bostirilishi, qishloqlarning vayron etilishi, haddan ziyod zulm va kamsitilish xalqning chorazimga nisbatan cheksiz nafratini qo‘zg‘atdi. Ana shunday sharoitda ro‘y bergan fevral to‘ntarishi Turkistonda kuchli aks-sadosini berdi. Ammo jadidlarning barcha umidlari puchga chiqdi. 1924 yildagi milliy chegaralanish – yaxlit Turkistondan parchalanishga mo‘ljallangan edi. 1926-yilda esa bir yo‘la ikki kompaniya: yer-suv islohoti bilan “hujum” kompaniyasi o‘tkazildi. So‘ng Buxoro va Xiva xonliklarining tugatilishi, Sho‘rolar “bosmachilik harakati” deb nomlagan, aslida milliy ozodlik harakatining qonga botirib bostirilishi xalq hayotiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
O‘z davrining ongli ziyolilari bo‘lgan jadidlar ataylib uyushtirilayotgan bu “tadbir”larga befarq qarab tura olmadilar. Ular xalqning ko‘zini ochishga, milliy urf-odatlardan kechmaslikka chaqirdilar. Proletar diktaturasi va bosheviklar partiyasining mudhish kirdikorlarini fosh etishga kirishdilar. Shuning uchun sho‘ro hukumati ularni jilovlash, o‘z siyosatiga bo‘ysundirish yo‘llarini izlay boshladilar. RKP (b)ning 1923-24 yillarda bo‘lib o‘tgan XI-XII s’ezdlarida adabiyotning vazifalari belgilab berildi. So‘ngra adabiyot va san’at partiya siyosatini og‘ishmay amalga oshirishi shart qilib qo‘yildi. 1925 yil 18 iyunda “Partiyaning adabiyot sohasidagi siyosati to‘g‘risida”gi maxsus qarori qabul qilindi. Bu qarordan keyin proletar adiblarning gigemonligi kuchaydi. Yozuvchilar o‘rtasida turli bo‘linishlar kuchaydi. Turli oqimlar yuzaga keldi. “Chig‘atoy gurungi”, RAPPchilar, “Qizil qalam” jamiyatlari yuzaga keldi.
RAPP chilarning qarashlari S.Xusaynning “Sharq haqiqati” gazetasi 1929 yil 26 aprel sonida e’lon qilingan. “Ijodiy yo‘limiz” maqolasida o‘z ifodasini topdi: “Eson afandi shoir yamoqchi emas, u buyruqni qabul qilmaydi, deyishi bilan aldashdir. Sinfiy jamiyatda hech kim o‘zini xudo, ijtimoiy ta’sirdan tashqari yashovchi qilib ko‘rsata olmaydi (S.Xusayn. tanlangan asarlar. T., 1974. 23-bet).
Ana shunday ichki qarama-qarshiliklarga qaramay adabiyot yangilanish yo‘lidan dadil boraveradi. Shuningdek, ijodkorlarning g‘oyaviy jihatdan ikki oqimga ajralib qolganligi yaqqol sezildi. Bir tomondan Hamza boshchiligidagi inqilob kuychilari – So‘fizoda, G‘ayratiy, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, Uyg‘un, Botu, Elbek, Ayniy kabilar, boshqa tomondan esa Fitra boshchiligidagi A.Qodiriy, Cho‘lpon, Munavvar qori, Tavallo, U.Nosir kabilar o‘zaro g‘oyaviy kurashni avj oldirdilar. O‘rtada yana bir oqim – Sh.Sulaymon, Oybek, G‘.Zafariy va boshqa “yo‘lovchi” nomini olganlar ham bor edi.
S.Husayn yozadi: “O‘zbekistonda proletar adabiyoti yo‘q, binobarin uning yo‘lovchisi bo‘lishi mumkin emas, deydir Oltoy, uning bunday tushunishi xatodir. Yo‘lovchilarni belgilaganda uning tabaqalarga bo‘linishini ko‘zda tutishimiz lozim. Yo‘lovchilarni ajratishda hozirga faqat mafkuraviy yondan qaraymiz, hozirgi adabiyotimizda o‘ng burilishidagi yo‘lovchi Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpondir. A.Qodiriy o‘ngchilikdan birmuncha qaytib kelmoqda. Fitrat, Cho‘lponlar inqilob boshida o‘ta o‘ng edilar. Keyin-keyin milliy boylar tomoni engilish bilan so‘nib qoldilar... Shokir Sulaymon, Elbek, Oybek, N.Rahimov so‘llashmoqda bo‘lgan yo‘lovchilardir. Bular ichida Shokir Sulaymon mafkuraviy yoqdan o‘sib, so‘llashib kelmoqda”.
Matbuot sahifalari ham kurash maydoniga aylantirildi. Bir tomondan “Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” she’ri berilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan G‘ayratiyning “Tuzilgan o‘lkaga” she’ri bosildi. Fitratning “Mening kecham” she’riga qarshi Botuning “Mening kunduzim” she’ri bosildi.
20-yillardagi bahslarda yosh shoir-yozuvchilar atrofida ham bo‘ldi. Biroq bu bahslarning mazmunini Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy singari uluG‘ yozuvchilar asarlari hamda dunyoqarashi, mafkura va madaniy merosga munosabati singari muammolar tashkil etdi. Bu davrdagi bahslardan birini Otajon Hoshim, Jalil Boybulatov va Fitrat o‘rtasidagi munozarada ham ko‘rish mumkin.
20-yillar o‘zbek adabiyotining asosiy yutug‘i etuk realistik hikoya, qissa, roman, drama namunalari va yangi she’riy shakllarning paydo bo‘lishi bilan ham belgilanadi.
Cho‘lponning “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola”, “Nonvoy qiz”, Abdulla Qodiriyning “Uloqda”, “Jinlar bazmi”, Abdulla Qahhorning “Boshsiz odam” hikoyalarida realistik fazilatlar namoyon bo‘ldi.
20-yillarda nisbatan kammaxsul janr qissachilik bo‘ldi. Shunga qaramay, Sadirddin Ayniyning “Buxoro jallodlari”, “Qulbobo” asarlari yaratildi.
A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, A.Qahhorning “Sarob”, Oybekning “Qutlug‘ qon” romanlari 20-30 yillar o‘zbek adabiyotining ulkan hodisasidir.
O‘zbek adabiyotida bu davrda dramatik asarlarga boy bo‘ldi. Fitratning “Hind ixtilochilari”, “Abulfayzxon”, Cho‘lponning “Yorqinoy”, “O‘rtoq Qarshiboev”, Hamzaning “Burungi saylovlar”, “Jahon sermiyasining eng oxirgi kunlari”, Avloniyning “Ikki muhabbat”, “Portugaliya inqilobi”, Xurshidning “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” dramalari yaratildi.
Cho‘lponning 20-yillar lirikasi o‘zbek she’riyatida yangi bosqichni tashkil etadi. U o‘zbek she’riyatiga yangi qahramon istiqlol fidoyisi obrazini olib kirdi.
Dramalar bu davrda ommaviy va badiiy idrok yo‘siniga ta’siri katta bo‘ldi.