13-mavzu: Hoji Muin hayoti va ijodi Reja: Hoji Muin tarjimai holi.
Adabiy merosi.
Publitsistikasi. Dramalari.
Tayanch so‘z va iboralar: jadidchiik, publitsistika, dramaturgiya, adabiy meros, badiiy mahorat.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar: Karimov N. XX asr adabiyoti manzaralari. –T.: O‘zbekiston, 2008.
Qosimov B. va b. Milliy uyg‘onish. T.: “Ma’naviyat”, 2002.
Hoji Muin. Tanlangan asarlar. –T.: Ma’naviyat, 2005.
Nazorat savollari: Hoji Muin qachon va qaerda tug‘ilgan?
Hoji Muin qaerda tahsil oldi?
Hoji Muin faoliyati haqida nimalar bilasiz?
Hoji Muin adabiy merosi haqida ma’lumot bering.
Hoji Muin qanday ayblar bilan qamoqqa olingan?
Hoji Muin dramalari haqida ma’lumot bering.
Darsning maqsadi: Magistrlarga Hoji Muin tarjimai holi, faoliyati, adabiy merosi haqida ma’lumot berish. Hoji Muin asarlarini tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish.
Jadid adabiyoti porloq yulduzlaridan yana biri - Hoji Muindir. Hoji Muin 1883 yili Samarqand shahrida Go‘ri amir maqbarasidan ellik-yuz qadam narida, do‘kondor oilasida dunyoga kelgan. U 1937 yili 25 iyulda bolalari uchun yozib qoldirgan “Tarjimai holi”da shu haqda quyidagilarni ma’lum qilgan: “Men 1883” yil 19 martda Samarqand shahrining Ruhobod guzarida dunyoga kelganman. Otam Shukrullo avvaldan xizmatchi va so‘ngra do‘kondor bo‘lib, 1895 yilda, 32 yoshida vafot etgan. Onam Nusratoy Bobokalon qizi otamdan besh yosh burun 24 yoshida olamdan o‘tgan.
Bobom Mirsayyid Muhammad Sharif o‘g‘lining tarbiyasida qolganman. Bu kishi Ruhobod guzarining masjidida imom-hatib edi. 1902 yilda 76 yoshida vafot etdi...
Men 12 yoshimda xat-savodli bo‘lib, 15 yoshgacha hisob ilmini kasb va tanob qoidalari bilan mukammal suratda o‘rgandim. Shu bilan birgalikda 18 yoshgacha arabcha sarf, nahv va bir muncha diniy ilmlardan tahsil etdim. 1903 yil avgust oyida Samarqandning Xo‘janisbatdor guzarida usuli jadid maktabi ochib, 1917 yil fevralgacha turli joylarda shu xizmatda edim. Shu bilan bir necha darslik va pesalar yozib bostirdim. Hamda 13-14 yillarda “Samarqand” gazetasi bilan “Oyina” jurnalida bir muddat ishladim. 1917 yillarda bir necha oy “Hurriyat” gazetasida ham adabiy xizatda bo‘ldim. So‘ng 1937 yil o‘rtalarigacha “Mehnatkashlar tovushi”, “Tayoq”, “Zarafshon”, “Mashrab”, “Ovozi tojik”, Mulla Mushfiqiy va “Qizil yulduz” nomli gazeta va jurnallarda ishlab keldim.
Shuningdek, Hoji Muin 1916 yilda boshqa samarqandlik yoshlar bilan birga mardikorlikka olinib, o‘sha yilning noyabr oyida Minsk guberniyasining Novabarisov shahriga qora ishchi sifatida yuborilgan. 1917 yil fevral voqealaridan keyingina mardikorlikdan qaytgan.
Hoji Muinning e’tirof etishicha she’riyatga qiziqish unda 11 yoshidan boshlangan. Shu vaqtda u Ahmad Yassaviy va Mashrab she’rlari ta’sirida bo‘lgan. 18 yoshga to‘lagnda esa shoir Vasiy bilan tanishib, xushxatligi tufayli uning she’rlarini ko‘chirib bergan, ayni paytda o‘zi ham uning ta’sirida g‘azallar bita boshlagan. Ammo 1908 yili Samarqandda jadid-qadim mojarosi avj olganda u “oshiqona g‘azallar yozishni axloq uchun zararli bilib”, ustozidan uzoqlashgan va uni tark etgan. Shundan keyin u dastlab “Nahof”, keyinroq esa “Mehriy” taxalluslari bilan milliy she’rlar yozgan.
Hoji Muinning 1914 yilgacha yaratgan she’rlarining 4 tasi o‘zbekcha, 2 tasi arabcha, qolgani esa tojikcha bo‘lib, u 2000 misrani tashkil etgan bu she’rlarni saralab 1914 yil yanvarda “Guldastai adabiyot” to‘plamini nashr ettiradi. U shu yillarda ozarbayjon shoirlaridan Sobir Tohirzoda va Muhomlar Hodiy Salimzoda, turk shoirlaridan Tavfik Fikrat, Abdulxaq Hamid, Abdulla Javdat, Komil Kami, Muhammad Amin asarlarini xushlab mutolaa qildi.
Adibning musahhihlik faoliyati bilan bog‘liq bir noxush voqea yuz beradi: “Ovozi tojik” gazetasi 1929 yilning 24 aprel sonida sho‘rolar hukumati qonuniy bayram tusini bergan 1-may arafasida Mirzaquli tomonidan yuborilgan bayram oldi chaqiriqlarini ruschadan tojikchaga o‘girib berayotganida “Doloy sotsial – imperialistov, da zdrastvuet Kommunisticheskiy internatsional!” matni tarjimasida “da zdrastvuet” (“zinda bod”) e’tiborsizlik tufayli tushib qoladi-yu, “nest bod ko‘mmunisti baynalmilali” (Yo‘qolgan kommunistik internatsionali) bo‘lib chiqib ketadi. 1922 yilda GPU uni “yozuvchi” laqabi bilan yollamoqchi bo‘ladi. Lekin unda tubjoy ikki millatni bir-biriga qayrashdek chirkin siyosat borligini anglagan Hoji Muin uni topshiriqlarini bajarmagan edi. Unga Munavvarqori bilan yaqinligi, Behbudiy haqida “Maorif qurbonlari” pesasini yozganligi, partiyadan atayin chiqib ketganligi, tanqidchi Vadud Mahmudni ishdan olishga qarshilik ko‘rsatgani, turk “millatchilari” asarlarini o‘qishga moyilligi, umuman “mafkurasiga ko‘ra millatchi shovinist” ekanligi ayblari bilan 1929 yilda olis Sibirning Keneg okrug Pugachan rayoniga surgun qilindi. Adib o‘z vataniga 1932 yilda qaytib keladi. O‘zbekiston davlat nashriyotining tojik bo‘limida, 1934-37 yillarda “Qizil yulduz” nomli harbiy gazetada xizmat qildi. Uning karrektorligi yana baxtsizlik olib keldi. “Otishga hukm qilingan xalq dushmani Muralov” deganning familiyasi shu yillarning dovruqli arbobi Malatov bilan almashib ketadi. Hoji Muinning bu ishni ongli qilganlikda ayblaydilar, “aksinsho‘roviy targ‘ibot bilan shug‘ullangan”, “josuslik, buzg‘unchilik faoliyati”, “ingliz razvedkasiga xizmat qilgani” uchun u 10 yilga hukm qilinadi va 1942 yilning 21 iyulida Perm oblastining Semikamsk shahrida vafot etadi. Adib 1963 yil oqlandi.
Zarif Bashir “26 yillik xizmat qahramoni” (Zarafshon, 1927 yil, 19 may) maqolasida Hoji Muinning 1917 yilga qadar o‘ndan ortiq gazeta – jurnalda faol qatnashgani, yozgan 2 kitobidan o‘ntasi bosilib chqqanini qayd etadi. Muallifning o‘zi “Ijodiy tarjimyai holim” (1937) risolasida 1907-1937 yillar davomida 23 xil gazeta va jurnalda adabiy, ilmiy va ijtimoiy mavzularda 200 maqola, 400 turli xabarlar, 1500 ga yaqin o‘zbekcha va tojikcha she’rlari bosilganini xabar qiladi, asarlarining to‘la ro‘yxatini keltiradi. Uning bir qator dramalari – “Maorif qurbonlari”, “Juvonbozlik qurbonlari”, “Boy ila xizmatkor”, “Qozi ila muallim” she’riy asarlari – “She’rlar to‘plami” (1400 misra), “Eski va birmuncha yangi she’rlar to‘plami” (1500 misra); “Alfozi mutoradifa” (arabcha – forscha – turkcha – o‘zbekcha lug‘at), “O‘zbekcha maqolalar”, “Tojikcha maqolalar”, “Alifbolar ta’rixchisi” kitoblari nashr etilmay qolib ketgan ayrim asarlar tugallanmay qolgan.
Yuqoridagilar Hoji Muinning jurnalist, shoir, dramaturg, tarjimon sifatida adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixida ma’lum mavqega ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. Unnig Behbudiy, Munavvvarqori, Fitrat, Qodiriy, cho‘lpon bilan yaqin aloqalari, hamkorlik qilganligi bunga dalildir. 1915 yilda boshlanG‘ich maktablarning 3-sinfi uchun zamondosh Turkiston shoirlari she’rlaridan tuzgan “yangi adabiyot” majmuasida Karimbek Kamiy, Siddiqiy Ajziy, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Toshxo‘ja Asiriy, Saidahmad Vasliy kabi ko‘plab taniqli shoirlar bilan bir qatorda Bahrombek Tarjimon, Manzum Buxoriy, Mirza Siroj Buxoriy, Muqallar Amin G‘aflatiy singari yangi nomlar ham joy olgan edi.
Hoji Muin Karimek Kamiyning she’riga muxammas bog‘lagan. U “Muxammasi Kamiy Toshkandiy bor e’tirofi Mehriy” deb nomlangan. She’r
Soldi boshimlik xatolarg‘a,
Boraluk ilm uchun Xitolarg‘a,
Etkarur ilm muddaslarg‘a,
Ey, ne bo‘ldi bizim sadolarg‘a,
Chiqmagar arzin samolarg‘a
Hoji Muin jurnalist sifatida yuzlab maqolalar qoldirdi. Ularning qamrovi keng: oddiy xabardan adabiy-biografik ocherkkacha, luqmadan dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolarni ko‘tarib chiqqan munozaragacha bor. Masalan, uning Behbudiy haqidagi maqolalarining ahamiyati hozir ham katta. 1919 yilning martida Behbudiy Sho‘rolar Rossiyasida bolshevizmga qarshi kurash olib borayotgan muxolif guruhlarning rahbarlari qatorida xorijga otlanib “asrorangiz” bir suratda “g‘oyib bo‘lgani”da “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1919 yil 23 aprelida birinchi bo‘lib bong urgan Hoji Muin edi. So‘ng u mashhur istiqlol kurashchisi taqdiri haqida har bir fakt va ma’lumotni yig‘ib, rasmiy–norasmiy tashkiliy idoralarning fikr va nuqtai nazarini solishtirib, sinchiklab o‘rganib bordi, o‘qituvchilarni xabardor qilib turdi. Masalan, “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1919 yil 30 noyabr sonida Istanbulda o‘qiyotgan Samarqandlik Temurxon degan talabaning ma’lumotlarini e’lon qildi. 1921 yilda esa “Mufti Mahmudxo‘ja hazratlarining qanday shahid bo‘lganliG‘i va oning tomonidan yozilg‘on vasiyatnoma”ni bostirdi. So‘ng bu hujjat “inqilob” jurnalining 1922 yil yanvar sonida qayta e’lon qilindi. Jaholat “Zarafshon” gazetasining 1923 yil 25 mart sonida uning mashhur adib hayoti va faoliyatini birinchi marotaba keng va atroflicha yoritgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” biografik ocherki maydonga keldi va u mazkur mavzu bo‘yicha asosiy manbalardan bo‘lib turibdi. “Hoji Muin” dramaturgning Behbudiy obrazini ilk bor sahanga olib chiqqach “Maorif qurbonlari” (1925) asari sadoqatli shogirdning chuqur izlanishlar va o‘z ustidagi muhabbatidan tuG‘ilgavn edi.
Hoji Muin dramaturg sifatida 7 drama yozdi. Muallifning o‘zi xabar bergan “Juvonbozlik qurbonlari”, “Boy ila xizmatkor”, “Qozi ila muallim” pesalari saqlangan emas. Qolganlari: “To‘y” (Nusratulla Qudratulla o‘g‘li bilan hamkorlikda), “Eski maktab – yangi maktab”, “Mazluma xotin”, “Ko‘knori” o‘z davrida nashr qilingan. Teatrshunos Sh.Rizaev 1957 yilda o‘zining “jadid dramasi” tadqiqiga ushbu asarlarni ilova sifatida kiritgan.
Xullas, Hoji Muinning “Boy ila xizmatkor” pesasi Samanqaddagi Rus dram teatri va “Behbudiy” musulmon truppasi, “Mazluma xotin” Eron forslarining “Adolat”, Buxoro yaxudiylarining “Tarbut”, Yevropa yaxudiylarining “Betgaam” truppalari repertuarlarida uzoq vaqt muvaffaqiyat bilan ijro etib kelindi.