Jahon adabiyotining so‘nmas yulduzlari nikolay Alekseyevich ostrovskiy bo‘ron bolalari



Yüklə 1,98 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə37/40
tarix12.10.2023
ölçüsü1,98 Mb.
#154791
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   40
Nikolay Alekseyevich Ostrovskiy. Bo\'ron bolalari

255 
O‘N IKKINCHI BOB
Kechki payt Sosnovka bilan Kichik Xolmyanka o‘rtasida 
muzokaralar boshlandi. Xatlarni partizan harakatiga aralashma-
gan dehqonlar tashib turishdi. Sibulya olgan birinchi xatning 
mazmuni shunday edi: 
“Sosnovka qishlog‘i. Partizan bo‘linmasining komandiri 
Emelyan Sibulyaga. 
Sizning xatingizni menga bugun ertalab soat o‘n birda olib 
kelishdi. Siz tutib ketgan odamlar badaliga oltin bilan besh ming 
so‘m taklif qilaman. Pulni podshoning besh so‘mlik tillalari bilan 
to‘layman. Pul ayirboshlash mahalida naqd to‘lanadi. Ayirbosh
-
lash va pulni olish yo‘lini o‘zingizga havola qilaman. Ayirbosh
-
lash ertaga o‘tkazilishi mutlaqo zarur. Sizni va sheriklaringizni 
ogohlantiramanki, agar sizlar ushlab ketgan xotinlarning, otam
-
ning va cherkov xodimining bir tuki to‘kilgudek bo‘lsa, bittangiz 
ham qattiq jazodan qochib qutulmaysiz. Bundan tashqari, sha
-
harda biz qamoqqa olgan inqilobchilarning hammasi otiladi, 
holbuki biz ularni sizlarning hujumingizdan avval sud qilmoqchi 
bo‘lib turgan edik. Axborotingiz uchun shuni ham aytamanki, ba
-
sharti oilam a’zolarini pul badaliga qutqarib olganimiz taqdirda 
ham; ular o‘lim tahlikasida qolishmaydi. Qamoqxona jazosiga 
tortilishadi, xolos. To‘xtovsiz javob berishingizni kutaman. Mu
-
zokaralar bir yoqlik bo‘lguncha hech qanday harbiy harakatga 
kirishmaslik uchun va’da beraman. 
Polkovnik Mogelnitskiy, 1918-yil 21-dekabr”.
Sachek bu xatni Sibulyaga o‘qib berdi. Ikkovlari Emelyan 
Zaxarovichning uyida o‘tirardilar. 
Sibulya o‘z yordamchisidan: 
— Xo‘sh, bunga nima deysan sen? — deb so‘radi. 
Sachek siyrak kipriklarini tez-tez pirpiratdi-da, iljayib ja-
vob qildi: 


256 
— Agar oyoqni tirab turib olsak, o‘n ming ham beradi-da. 
Sibulya uni birinchi marta ko‘rayotgandek tikilib qaradi. 
— O‘n ming deysanmi? 
— Bersa kerak, deyman. 
— Unda shahardagilar nima bo‘ladi? — deb so‘radi 
Sibulya. 
— “Agar oyoqni tirab turib olsak, oltin bilan o‘n ming 
beradi”, — dedim-ku. Uning dunyosi, ha, xotirjam bo‘laver, sen 
bilan mendaqaning yuztasinikidan ko‘plik qiladi. Necha asrlar-
dan beri biz sho‘rliklarni minib kelishdi, — dedi Sachek o‘z qo-
chirmalarining Sibulya tomonidan shu qadar vazminlik bilan 
qabul etilayotganidan suyunib. — Shahardagilarga nima bo‘lar-
di! O‘zi yozibdi-ku, juda bo‘lsa qamoqxonaga solishadi-da, bir-
ikki kun o‘tar-o‘tmas, ko‘ribsizki, yana biron o‘zgarish yuz be-
ribdi. Qamoqxonaga solish odamni otish degan so‘z emas. Ha-
demay, kuch to‘plab ham olarmiz. Bereznya bizga qo‘shilish 
uchun menga odam yuboribdi. Ular ham panlarga qarshi. Faqat 
inqilobchilar bilan murosalari chiqishmaydi, xolos. Bu bilan 
bizning nima ishimiz bor? 
— Ha, ha... — deb Sibulya do‘ng‘illadi-yu, soqolini g‘i-
jimlay boshladi. — Nazarimda, polkovnik qamoqxona to‘g‘ri-
sida aljiyotgan bo‘lsa kerak. Men ularning fe’lini bilaman. 
Xolmyankaliklar unga ishonishgan edi, rahmat aytish o‘rniga 
hammasini dorga osdi. 
Sibulya tumshaydi, Sachek qilgan xatosini kech fahmladi. 
— Sen esa qanjiq ekansan, Sachek. Ilgari yigitlar gapirish-
gan edi-ya, men, he, bekor gapdir, deb o‘ylovdim, endi bilsam, 
otangni ham sotishdan toymaydigan odam ekansan. 
— He, sizga nima bo‘ldi, Emelyan Zaxarovich, omadi 
gapni aytdim-qo‘ydim-da. Ixtiyor o‘zingizda, bilganingizni 
qiling. 
— Ha, ha. Qog‘oz ol, yoz: “Pulga sotmaymiz”. Yozding-


257 
mi? “Rayevskiyni, uning xotinini, Kovallo va Metelskiylarni 
Xolmyankaga keltiring”. Yozdingmi? Xo‘p. “Shu bilan ochiq 
maydonda, bir-birimizni aldamasdan ayirboshlashamiz. Agar 
qilday qalloblikni sezib qolsam, odamlaringizni otaman. Biz 
xolmyankaliklar emasmiz”. Xuddi shunday deb yoz. Bo‘ldimi? 
O‘qib ber. Xo‘p. Ber, qo‘l qo‘yay. 
Kechqurun ovchilar uyiga “Bir so‘m yigirma tiyin” qaytib 
keldi; u Mogelnitskiyning ikkala xatini keltirdi. Ikkinchi xatda 
polkovnik Sibulyaga qisqagina javob qaytaribdi: 
“Oilam a’zolarini inqilobchilarga ayirboshlashga roziman. 
Mana shu tartibda ayirboshlaymiz: ayirboshlanadigan odamlar 
Xolmyanka bilan Sosnovka o‘rtasidagi dalaga keltiriladi, oraliq 
bir chaqirim bo‘ladi. Ayirboshlanadigan odamlar oldida siz 
tomondan ham, biz tomondan ham o‘n kishidan iborat bo‘linma 
turadi. Hammadan oldin mening xotinim — grafinya Lyudviga 
Mogelnitskaya ayirboshlanishi kerak. Sizlar qo‘yib yuborasizlar, 
u dala bilan biz yoqqa keladi. Biz ham sizlar talab qilgan odam-
lardan birini bo‘shatamiz. Qolganlar ham shu taxlitda ayirbosh-
lanadi”. 
Ptaxa: 
— Urra! — deb baqirdi-yu, irg‘ishlab o‘yinga tushib ketdi. 
Hamma suyunib ketdi. Hatto vazmin tabiatli Sarra ham 
qarsak urib, chehrasi ochilib ketgan Olesyani quchoqlab oldi. 
— Voy Olesyajon-ey, qanday yaxshi-ya, tezdan otangga 
yetishasan. 
— Voy Xudoim-ey, nahotki rost bo‘lsa? — dedi Olesya 
kulimsirab. 
Ptaxa o‘yindan to‘xtadi-da, yugurib Pshenichekning oldi-
ga keldi: 
— Menga qara, Lenka, dunyoda odamning kayfini chog‘ 
qiladigan narsadan bormikin-a chol-kampirda? — dedi-yu, endi 
kulimsiragan Raymondga ko‘zini qisib qo‘ydi. 


258 
Leon darrov tushundi: 
— Ha-a, quturgan sigir sutimi? Bordir deyman. Axir, 
panlar ovga chiqqanlarida badanlarini shpiritus bilan qizitishib 
oladi. Menga qolsa-yu, bir zumda topib kelaman-a, lekin boshliq-
lar nima derkin. Ehtimol, bu qoidamizga to‘g‘ri kelmas? — dedi 
Leon, eshikka yetmay yarim yo‘lda to‘xtab. 
Raymond: 
— Men bunday qilmaslik tarafdoriman... — dedi hamma-
dan oldin qarshilik ko‘rsatayotganligi ham shu bilan o‘ziga bosh-
liq rolini olayotgandek bo‘lganligi uchun xijolat bo‘lib. 
— Qo‘yinglar, yigitlar, buning nima keragi bor? — deb 
Sarra uni quvvatladi. 
Ptaxaning hafsalasi pir bo‘ldi:. 
— Kerak bo‘lmasa bo‘lmas. 
— Nega o‘git qilyapsan unga, Sarrajon? Burnini yengi bi-
lan artayotganidan keyin, ma’lum-ku, tushungani shu. — Olesya 
sharaqlab kulib yubordi 
— O, qo‘ng‘iroq jarangladi-yu! — deb Shchabel kulim-
siradi. 
Hatto xo‘mrayib yuradigan Pshigodskiyning ham yuzi 
yorishdi. 
— Yoshlarimiz xo‘b dilkash-da, bular bilan o‘lsang ham 
armon qilmaysan, — dedi u sekingina Shchabelga. 
Shchabel u tomonga egilib, shuningdek sekingina: 
— O‘rtoq Pshigodskiy, ikkovimiz Sibulyaning oldiga bo-
rib kelsakmikin, nima deysiz? — deb so‘radi. — Yigitlarni qo‘-
yib ketamiz, uch nafar partizan ham qoldiramiz, postda galma-
galdan turishar. Xatni o‘qidingizmi? Mogelnitskiy ularga pul 
taklif qilibdi. Odam hodis, har narsa bo‘lishi mumkin. Boraylik, 
a? 
Pshigodskiy o‘ylanib turib, rozi bo‘ldi. 
Shchabel stol yonidan turayotib: 


259 
— Hoy, yigitlar, biz hozir Pshigodskiy ikkovimiz Sosnov-
kaga boramiz, — dedi baland ovozda, — sizlar esa bu yerda 
qo‘riqchilik qilib qolasizlar. Raymond, kichkina bo‘linmamizga 
komandirlik vazifasini senga topshiramiz. Erta bilan kelib bular-
ni — eshikka imo qildi — Sosnovkaga olib ketamiz. 
Allaqachon otlanib olgan Shchabel darvoza oldida Ray-
mondga topshiriq berardi: 
— Ko‘zingni katta och. Derazalarni to‘sib qo‘yinglar. Qo-
rovullarni o‘zing tekshirib tur. Ehtiyotdan, otlarni chanaga qo‘-
shib qo‘y. Basharti qo‘riqchilar ularning bo‘linmasinimi yo raz-
vedkasinimi sezib qolguday bo‘lsa, darrov grafinyalarni chanaga 
o‘tqiz-da, o‘zlaringiz otga minib, to‘g‘ri o‘rmon so‘qmog‘i bilan 
Sosnovkaga qarab qochinglar. Ishqilib, qanaqasiga yaxshi bo‘lsa, 
shunday qil-da. 
Shu chog‘ hovlining narigi chetida Pshigodskiy Fransiska 
bilan xayrlashmoqda edi. 
— Xo‘sh, agar ayirboshlansa, sen ham ular bilan birga 
ketasanmi? — deb so‘radi Pshigodskiy bo‘g‘iq bir ohangda. 
— Balki, ketarman. Yo‘qsa qayoqqa boraman? 
— Ularnikiga borma! Otangning oldiga, Sosnovkaga ket. 
— Ya’ni sening oldinggami? Yana kaltagingni yeyish 
uchun-a? Yo‘q, ahmoq emasman, borib. Sen bilan umr qilishni 
xohlamayman, bildingmi? Xohlamayman! 
— Fransiska! 
— Do‘q qilma! Men senga mushtingni yegani teggan 
emasman. 
Izg‘irin shamol ularning qizishgan yuzlariga kelib urildi. 
— Pshigodokiy! — deb chaqirdi Shchabel. 
— Urmayman, otangning oldiga boraver. O‘sha yerda 
gaplashamiz. Ammo ularnikiga ketma, o‘ldirib qo‘yaman-a... 
Uyning barcha derazalariga jips qilib parda tutilgan, Ray-
mond bilan Ptaxa chorbog‘ni yana bir aylanib chiqishdi. Qor tin-


260 
gan, kecha ravshan edi. Oy daraxt oralaridan ko‘rinib turar, qara-
g‘aylar katta-katta soyalar berardi. 
O‘rmon jimjit. Quruq qor oyoq ostida sal-sal g‘ijirlaydi. U 
butun atrofni, kichkina uyni va binolarni o‘zining “issiq” paxta 
ko‘rpasi bilan o‘rab olgan. 
Otxonadagi otlarning bamaylixotir kavshanayotganlari 
eshitilib turar edi. 
Raymond postda qolgan uch partizanga: 
— Hushyor bo‘linglar, o‘rtoqlar, — dedi, — saharda o‘rin-
laringizga tag‘in o‘zimiz kelamiz. Agar biron sharpa sezguday 
bo‘lsanglar, darrov xabar qilinglar... Endi joylaringizga boring-
lar. 
U Andriy bilan yemakxonaga kirganda, hozirgina qoro-
vullikdan bo‘shab kelgan Pshenichek kulgili narsalar aytib qiz-
larning ichaklarini uzmoqda edi. 
Andriy o‘q xaltasi osig‘liq kamarini yecha turib: 
— Nima deb javrayapti u? — deb so‘radi. 
— Sen legioner deb o‘z soyangdan qochibsan, shuni ayt-
yapti. Rostmi shu? — dedi qah-qah urib Olesya. 
Bu safar Ptaxa ochiq yuz bilan kulimsiradi-yu, ishon-
masdan qo‘l siltab qo‘ya qoldi. 
— Ne ajab, uning kasbi o‘zi shunday — tegirmonchi... 
— Endi biz nima qilaylik, Raymond? — deb so‘radi Sarra. 
— Olesya ikkovingiz yotsangiz ham bo‘lar, menimcha. 
Biz bu kecha qo‘riqchilik qilib chiqishimiz kerak. U yoq-bu 
yoqdan gaplashib o‘tiramiz. 
— Mening uyqum kelmayapti, — deb Sarra unamadi. 
Olesya ham uning ketidan takrorladi: 
— Mening ham. 
— Unday bo‘lsa, biron ermak topish kerak. Butun kecha 
indamay o‘tiraverish jonga ham tegib ketadi, sal turib Andriy 
tag‘in mening g‘ashimga tega boshlaydi, innaykeyin toqatim toq 


261 
bo‘ladi-yu, o‘rtada janjal chiqadi, — deb Leon o‘zining 
“mushuk-sichqon” o‘yinini boshladi. 
Andriy uning g‘ashiga tegdi: 
— Vey, sen hadeb o‘zingni “xo‘roz” qilaverma. 
— Qilsam, nima bo‘pti, yomon bo‘lsam ham, ishqilib, 
men ukraincha gapiraman, xo‘sh, o‘zing chex tiliga tushuna-
sanmi? 
Olesyaning jahli chiqdi: 
— Tag‘in boshlashdi. Jonga ham tegdi-da! 
— Eh, qani endi mandolina bo‘lsa! Bir polkaga chalib 
berardim, sizlar o‘yinga tushardinglar. Baribir, natija bitta. Axir, 
ertaga bayram qilamiz. Uh, Olesya, ikkovimizni Grigoriy Mixay-
lovich ko‘rib, boshi osmonga yetardi-da! — deb suyundi Andriy. 
— Olesyani-ku, hay, seni ko‘rib nega suyunsin? — deb 
so‘radi Leon. 
Andriy Leonga bir necha soniya indamasdan qarab turdi, 
keyin: 
— Tuzuk, ishlaringiz chakki bo‘lmaydiganga o‘xshaydi! 
— dedi. 
Leon bu gapda qitmirlik borligini sezib, ehtiyot bo‘lib 
so‘radi: — Qanaqa ishlar? 
— Tegirmonchining ishlari. Otasi unini tegirmonda tortib 
beradi, sen esa tiling bilan qarashasan, qiz esa — Andriy “qiz” 
so‘zini chertib gapirdi — somsa pishirib beradi. Bir vaqt qarab-
sanki, butun boshli fabrikaga ega bo‘lib o‘tiribsan-da. 
— Nega ularni yig‘ib olding, Raymond? Bittasini qoro-
vullikka yubor, tinchiymiz-qolamiz, — deb taklif qildi Olesya. 
Leon e’tiroz etdi: 
— Yo‘q, biz navbatimizni o‘tkazdik. Xohlasang, miltiqni 
olib o‘zing turaver. 
Sarra stol yonida boshini qo‘llariga suyab o‘tirar edi. 
Raymond qilichi bilan mauzerini yechib qo‘ymasdanoq 


262 
kamin oldidagi chuqur kresloda dam olardi. 
— Uchinchi xonadagi javonda gitara bilan mandolina 
ko‘rgan edim, — dedi Sarra. 
Ptaxa quvonchni ichiga sig‘may irg‘ib turib ketdi: 
— Nega indamading boyatdan beri? 
— Musiqa ko‘nglimizga sig‘mas edi-da. Hozir ham xush-
chaqchaqlik qilish uchun ertadir, menimcha, — deb javob berdi 
qiz. 
Raymond Sarraning nag‘mador mayin ovozini eshitib, 
uning chehrasini, qora va shahlo ko‘zlarini, qat’iy va picha o‘jar 
lablarini ko‘z oldiga keltirdi. G‘alati, lekin ayni zamonda tu-
shunarli — Andriy uning aytganlariga so‘z qaytarmasdan unay-
di. Raymond bu tinimsiz yigitning Sarraga qo‘pollik qilganini 
hech ko‘rgan emas. 
— Lenka, chiroqni ko‘tar, cholg‘ularni ko‘rib kelamiz, — 
dedi Ptaxa. 
Hamma xonalarning eshiklari yo‘lakdan edi. Leon chiroq 
bilan oldinda, Ptaxa orqada bordi. Andriy qaznoq oldida to‘xtadi: 
“Chol-kampir uxlashayotir”. Lyudviga, Stefaniya va Fransiska 
joylashgan xonadan sekin-sekin gapirishayotganlari eshitildi. 
— Kaliti bu yerda bekor turibdi, — dedi-yu, Andriy olib 
cho‘ntagiga soldi. 
— Baribir, bizning xonamiz orqali o‘tmasdan ilojlari yo‘q, 
qayoqqa ham qochib ketishardi, — dedi Leon va shunday bo‘lsa 
ham, qulfmi-yo‘qligini bilish uchun eshikni tortib ko‘rdi. 
Bir daqiqadan keyin ular uchta gitara bilan bitta mandolina 
ko‘tarib qaytib kelishdi. 
— Yigirma yilchadan beri hech kim qo‘lga olmagan ko‘ri-
nadi: hammasining toridan bittasiga zo‘rg‘a eplash mumkin. Ho-
zir o‘zim qotiraman, — dedi Andriy va g‘ayrat bilan ishga 
kirishdi. 
Raymond: 


263 
— Sarra, ularga kechki ovqat berganimiz yo‘q-a, hali? — 
dedi va qo‘li bilan eshikka imo qildi. 
— Yo‘q, anavi po‘rdoq olmadi, — deb javob berdi Olesya. 
— Nima qilsak ekan? — deb so‘radi Raymond. 
— Olmasa-olmas, sadqayi sar, men unga yalinib o‘tirar-
midim? U menga shunday olayib qaradiki, — dedi Olesya. 
Andriy torni qulog‘ini chaqqongina burab turib: 
— G‘am yema, kerak bo‘lsa o‘zi so‘rab oladi, — deb 
tasalli berdi. 
Raymond go‘sht bilan non solingan patnis turgan stol 
oldiga keldi-da, Sarraga savol nazari bilan qaradi. U esa Ray-
mondga e’tibor bermasdan kamindagi olovga o‘ychanlik bilan 
qarab o‘tirar edi. 
— Har narsa bo‘lsa ham berish kerak, — deb Raymond 
patnisni oldi. 
Sarra unga bilinar-bilinmas bir kinoya bilan qarab qo‘ydi. 
— Menga qara, Raymond, sening otangni ham go‘sht bi-
lan boqishyaptimikin? U ham yemasligini aytib, noz qilayotgan-
mikin? — deb so‘radi Sarra. 
— Shunday-u, lekin u shlyaxtlarning qo‘lida. Ularni biz 
bilan taqqoslab bo‘ladimi? Tag‘in yo‘q deyishsa, tashlab chiqa-
man, bilganlarini qilishsin. 
U qo‘shni bo‘lmaga qarab yurdi. 
Eshikni Fransiska ochdi. 
Divanda yonboshlab yotgan Lyudviga turib o‘tirdi. 
Stefaniya aqalli qimirlab ham qo‘ymadi. 
— Sizlarga kechlik ovqat keltirdim, — dedi, keyin Lyud-
vinaning oldida to‘xtab so‘radi: — Nega yemaymiz deysizlar? 
— Rahmat, qornimiz ochgani yo‘q, — dedi Lyudviga, 
lekin degan so‘zining to‘g‘riligiga o‘zi ham ishonmas edi. Aslida 
uning yegisi bo‘lsa ham, lekin: “Pastkashlardan hech narsa 
olmaymiz”, — deb turib olgan Stefaniyadan istihola qilardi. 


264 
Raymond go‘sht bilan non solingan patnisni stolga qo‘ydi. 
— Sizlarga xabar qilishim mumkin: ertaga sizlarni jandar-
meriya tomonidan qo‘lga olingan o‘rtoqlarimizga ayirbosh-
laymiz. 
O‘zini uxlayotganga solib yotgan Stefaniya bir zumda 
“uyg‘ondi”. 
— Bizni ayirboshlaysizlarmi? Rost aytyapsizmi? 
— Siz ishonish mumkin bo‘lgan odamlarni kamdan kam 
uchratasiz, shekilli, — deb quruqqina javob berdi Raymond. 
Endi Raymond quyon mo‘ynasidan qilingan shapkasini 
boshidan olganidan keyingina Stefaniya bilan Lyudviga uni 
tanidi. 
Stefaniya xavotirlanib so‘radi: 
— Menga qarang, anavi Pshigodskiy shu yerdami? Nega-
dir ovozini eshitmayapman. 
— Yo‘q, ayirboshlash ishi bilan ketdi. 
— Xudoga shukur, — dedi Stefaniya yengil nafas olib, 
keyin darrov turqini o‘zgartirdi. 
U Raymondni yana bir karra boshdan oyoq kuzatib chiqdi, 
so‘ngra mumkin qadar muloyim bo‘lishga tirishib so‘radi: 
Menga qarang, bu yaramas to‘daga qanday tushib 
qoldingiz? 
Lyudviga Stefaniyaning tag‘in jirtakilik bilan gapirib qo‘-
yishidan qo‘rqib, go‘shtli patnisni tizzasiga olib qo‘ydi. 
— Xo‘p, ovqatlanamiz, — dedi u kulimsirab. 
Raymond eshikka qarab yurdi. Stefaniya uni tutib qoldi. 
— Shoshmang, so‘zingizning to‘g‘riligini nima bilan isbot 
qilasiz? 
Raymond cho‘ntagidan Mogelnskiyning xatini oldi. 
Raymond xatni uzatganda Lyudviga xatni olishga 
unamay: 
— Ishonaman sizga, — dedi. 


265 
Lekin Stefaniya ikkala xatni ham olib, ochko‘zlik bilan 
o‘qib chiqdi. Keyin: 
— Matka boska chentstoxovska! Voy Xudoyo Xudovan-
do! Kecha tezroq o‘ta qolsaydi, — deb xatni Lyudvigaga berdi. 
— Bizni o‘rtoqlaringizga ayirboshlash masalasini graf-
ning oldiga o‘zinglar shart qilib qo‘ydinglarmi? — deb so‘radi 
tag‘in Stefaniya. 
— Ha, u xatni o‘zim yozganman. 
— Uning birinchi taklifiga bergan javobingizni bilish 
mumkinmi? 
— Nega mumkin bo‘lmasin? “Pulga ayirboshlamaymiz”, 
— dedik, axir, biz o‘rtoqlarimizni qutqazishimiz kerak... 
Raymond eshikni qiya ochiq qoldirib chiqib ketdi. 
Ptaxa: 
— Bo‘ldi! Sozladim! — deb qichqirdi-yu, birinchi parda-
ga qo‘l urdi. 
Bir daqiqadan keyin barmoqlar tor ko‘ksida yugurdi, 
mandolina sayray boshladi. 
Ptaxa musiqa chalish shartta to‘xtatib: 
— Olesya, ol, sevgan kuyimizga chalamiz, — dedi. 
Olesya gitarani qo‘liga olib, barmoqlarini yo‘g‘on toriga 
asta tegizdi, shunda daryo bo‘yidagi kichkina vodokachka va 
uchovlashib o‘tkazgan kechalari yodiga tushdi, “Nima qilyapti 
ekan, otajonim?! Oh, ertaga uchrashishimizni bilsaydi...” 
— Kutib turibman, Olesya. 
Uy ichi hazin kuyga to‘ldi. U goh uzoq dashtdagi qo‘r-
g‘onlar orqasiga o‘tib ketganday, goh uzoqlardan shamol uchirib 
keltirganday tuyular edi. Lirik kuyga birdan to‘lqinli sho‘x 
sadolar qo‘shildi. 
Tantana marshi ostida bahor yerga enar, iliq oqshom payti 
qishloq chetida yosh ovozlar kuylardi: 
Oy tam, oy tam za Dunayem, 


266 
Tam za tixim Du-na-a-em. 
Ashula o‘rnini sho‘x, g‘amzador polka oldi. Andriy 
hamma narsani unutdi. U shu qadar ehtiros bilan chalardiki, o‘yin 
nafosati Stefaniyaga ham ta’sir etdi. 
— Voy, munchayam chiroyli chalar ekan... — dedi u. 
Lyudviga mohirona ijroga havaslandi. Musiqa mudrab 
yotgan dardlarni uyg‘otdi. 
— Raymond, kim uchun chalyapman, axir? — deb Andriy 
achchiqlandi. 
Leon irg‘ib turib, Sarraning oldiga keldi, 
— O‘ychan ayol! Qimmatli o‘rtoq!.. Ertangi shodiyona 
hisobidan bir o‘ynab bering. 
Sarra unamadi. Andriy tag‘in torlarni bosdi — vals 
yangradi. Leon mehri-bonlik bilan Sarrani qo‘lidan ushladi. 
— Raqsga tushish-ku, mumkindir? Nega qayg‘urasiz... Yo 
men bilan tushishni xohlamaysizmi? 
Olesyaning gitarasi go‘zal, yo‘g‘on ovoz bilan qo‘shildi. 
Sarra o‘rnidan turdi. Leon ehtiyot bilan uning belidan 
quchoqladi va kuchli qo‘llari bilan o‘z atrofida aylantirdi. 
Yosh va go‘zal juftlarning o‘ynashi — ko‘p yaxshi. 
Raymond ularning yengil, nafis harakatlarini kulimsirab 
kuzatib turdi. 
“Ja chaqqon tushdi-ya, chex shayton”, — deb Ptaxa hasad-
landi. 
Fransiska o‘ynayotganlarni eshik oldida tomosha qilib 
turgan edi. Uning ko‘zlari Raymond bilan to‘qnashdi-yu, hu bir 
vaqtlar birinchi uchrashganlaridagi singari ikkovlari ham ixtiyor-
siz jilmayishdi. 
Raymond bir daqiqagina taraddudlanib turdi-. “Axir, Sarra 
ham tushyapti-ku...” Qilich bilan mauzerini chapdast yechib stol-
ga qo‘ydi-da, qizara-bo‘zara Fransiskaning oldiga keldi. Fransis-
ka o‘ylab ham o‘tirmasdan qo‘lini uning yelkasiga tashladi, 


267 
davrada yangi juft pirpiray boshladi. 
— Lyudviga, ularni qara, o‘yinga tushishyapti. Fransiska 
ham tushyapti. — Ochiq eshikdan o‘ynayotganlar xonasi Stefa-
niyaga kaftday ko‘rinib turar edi. — Chalayotgan u emas ekan, 
hali bu yerga kirgan bola emas, u Fransiska bilan o‘yinga tush-
yapti. 
Olesya allaqachon gitarasini bir yonga qo‘yib, piymasini 
yechgan va yumshoq chuvakda o‘yinga tusha boshlagan edi. 
Umumiy xushvaqtlikni buzmaslik uchun yolg‘iz Andriygina 
chalardi. Nihoyat, uning joniga tegdi. 
— Nima bu, bitta o‘zim chalishim kerakmi? Bu insofdan 
emas, — dedi u. 
— Nima qilaylik, Andryusha, axir, biz chalishni bilma-
sak?! — deb qichqirdi unga Leon. 
— Kel, tag‘in picha chal, Andryusha, tezroq tong otadi. 
Shu chog‘ Andriy o‘rnidan turdi-yu, hammani hayron qol-
dirib qo‘shni bo‘lmaga qarab yurdi. 
— Kechirasizlar, men: “O‘qimishli odamlarning hammasi 
mana shu narsani chala biladi”, — deb eshitgan edim, — dedi 
Andriy, qo‘li bilan pianinoga ishora qilib. Keyin Lyudvigaga 
murojaat qildi: 
— Shuning uchun, iltimos qilaman, agar mumkin bo‘lsa, 
bizga bir polkani chalib bersangiz, yo‘qsa hammasi o‘yinga 
tushyapti-yu, bitta o‘zim chalishga majbur bo‘lib qolyapman. 
Uning soddadilligi, rostgo‘yligi va o‘ynashga bo‘lgan 
bolalarcha tilagi Lyudvigani asir etdi. Lyudviga jilmayib pianino 
oldiga bordi va esiga kelgan birinchi kuyni — Raxmaninovning 
“Italyancha polka”sini chala boshladi. Ptaxa o‘zi ham kutmagan 
holda Stefaniyaga o‘girildi: 
— Kechirasiz, xafagarchilik uchun emas, balki quvnoq 
kechamiz va ertagi tongimiz uchun... Men bilan o‘yinga tushi-
shingizni iltimos etaman. 


268 
Targ‘il ko‘zli, qo‘ng‘iroq sochli yigit ko‘zlarni olar daraja-
dagi oq sadaf tishlarini yarqiratib, uning oldida turardi. Stefaniya 
o‘ylab turgan fikr foydali bo‘lishini bilib, rozi bo‘ldi... 
Andriy Olesyaning jahli chiqqanini sezdi. Sarraning ham 
jahli chiqdi. Lekin bu uni o‘yindan to‘xtatolmadi... 
Ovchilar uyi rosa yarim kechada tinchidi. Hamma uxlab 
qoldi. 
Lyudviga uxlab tush ko‘rar, tushida unga albatta xuddi 
shunday bo‘lishi kerakday, bu odamlar bilan xuddi shu uyda, 
mana shunday g‘ayrioddiy vaziyatda uchrashishi kerakday tuyu-
lardi. Qanday yaxshiki, u yanglishmabdi: u himoya qilgan, mehr 
qo‘ygan bu odamlar chindan ham ajoyib odamlar ekan. 
Bandilar ham, poyloqchilar ham qattiq uxlab qolishdi. 
Sarra bilan Olesya keng xarrakda quchoqlashib yotishdi. 
Andriy ularni po‘stinchasi bilan yaxshilab o‘rab qo‘ydi. 
Andriyning o‘zi qo‘lini boshiga qo‘yib polda, Leon stol 
ustida, Raymond ikkinchi xarrakda yotdi... 
Chorbog‘ atrofida aylanib yuraverish tashqaridagi parti-
zanlarning ham jonlariga tegdi. Uchovi otxonaga yig‘ilib oldi. 
Otxona issiq edi. Ikkitasi chanaga joylashib, “Bir so‘m yigirma 
tiyin”ni qorovul qo‘yishdi. U chanqab, uyga kirdi-yu, yo‘lakda 
turgan bochkadagi suvdan to‘yguncha ichdi, keyin pechkada 
isinib olish uchun shu yerga o‘tirdi-da, darrov uyquga ketdi. Cha-
nadagi partizanlar ham bunga ishonib, uxlab qolishdi. 
Kechasi Stefaniya o‘rnidan turdi-da, po‘stini bilan mo‘yna 
shapkasini kiyib, qo‘shni bo‘lmaga chiqdi. Odatda shunday ehti-
yojlarda qizlardan bittasi birga olib chiqar edi, hozir esa hamma-
lari uxlab yotishibdi. Stefaniya yo‘lak eshigini sekingina ochdi; 
u yerda qo‘llarini yozib yuborib, bir partizan shirin uxlab yotar, 
miltig‘i devorga suyab qo‘yilgan edi. 
Stefaniya bir necha daqiqa yo‘lakda turdi, keyin sekin 
eshikni ochdi. Tashqarida hech kim ko‘rinmadi. Stefaniya yuragi 


269 
duk-duk urgan holda tashqariga chiqdi, hovlida biroz turdi, keyin 
darvoza tomonga tez yurib ketdi. “Mabodo to‘xtatishsa, ehtiyoj 
bilan ketyapman deyman”, — deb o‘yladi yuragining dukullab 
urayotganini sezib. 
Lekin uni hech kim to‘xtatmadi. Mana bu so‘qmoq Gniliye 
Vodiga boradi. Eri ov sayriga chiqqan kezlarida Stefaniya u bilan 
bu yerga kvas ichishgani bir necha bor kelgan edi. 
U chorbog‘dan uzoqlashgan sari qadamini ham tezlatdi va 
nihoyat, yurishga xalaqit beruvchi etigi bilan paypaslanib, 
qoqina-qoqina yugurib ketdi. Ammo qutulganiga hali ham ishon-
masdi. Uydan ikki kilometrcha yo‘l bosgandan so‘ng charcha-
ganligini sezdi. Chopishga ortiq madori qolmadi. Yuragi duk-
duk urardi. Etikni yechib tashladi-yu, baland poshnali tuflisi bi-
lan qor bosib ketdi. 
Nihoyat it hurgani eshitildi va qishloq chetiga kelganda, 
uni polyakcha qichqirib to‘xtatishdi. 
— To‘xta! Kimsan? 
Chetan devor orqasidan ikki nafar qurolli kishi sapchib 
chiqdi. Ular Zaremba eskadronidagi legionerlar edi. 
— Oliynasab pani tashvish tortmasinlar. Serjantim shahar-
ga eltib qo‘yadi. Shahar yaqin. Yo‘l tinch, biz ham hozir keldik. 
Qani, hayda, — dedi Zaremba serjantga qo‘l siltab. 
Serjant tizginni oldi. Otlar yurib ketdi. Stefaniya xavotir-
lanib jalangladi. Zaremba eskadroni qishloqdan o‘rmon tomonga 
ot qo‘yib ketdi. Tong yorisha bordi. 
Yo‘lakda uxlab qolgan “Bir so‘m yigirma tiyin” hamma-
dan oldin uyg‘ondi. U sovqotgan, Stefaniya ochib ketgan eshik 
yo‘lakni muzlatgan edi. Uning jon halpida: “Yigitlar, qoch, lyax-
lar keldi!” — degan faryodi hammani uyg‘otdi. “Bir so‘m yigir-
ma tiyin” ortiq hech nima deyolmadi — Zaremba uni boshidan 
otgan edi. 
Raymond qurolga tashlandi. 


270 
Legionerlar yo‘lakka suqila boshlashdi. Ptaxa mushuk 
singari sapchib turdi. Bir sakrab uy burchagiga tushdi, uning 
miltig‘i o‘sha yerda edi. Stoldan irg‘ib tushgan Leon uyqusirab, 
hech narsaga tushunmas edi. 
Qizlar ham dabdurustdan hech narsaga tushunisha olmadi. 
Andriy eshikka otildi. Eshikni ochdi-yu, o‘zini ortga tashlab, 
tag‘in darrov berkitib oldi. Yo‘lakda qarsillab. Bir necha o‘q uzil-
di. Eshikning bir necha yeriga teggan o‘qlar taxtalarini ko‘chirib 
ketdi. 
Bir tasodif Andriyni o‘limdan saqlab qoldi. 
Nima hodisa bo‘layotganligiga axir Leon ham tushundi. 
Bir zarba bilan stolni ag‘dardi-yu, keltirib eshikka taqab qo‘ydi; 
o‘zi miltiqqa yugurdi. Andriy bo‘lmaning burchagida eshik orqa-
li otib turdi. 
— Qayt! — dedi yo‘lakda Zaremba guvullab. — Otishni 
to‘xtatinglar! Bu yerda grafinya bor, it emganlar! Qayt! 
Yo‘lak bo‘shadi. 
— Ularni otishmasdan ham qo‘lga tushiramiz. U yerda 
uchta bola bor, xolos. Otishadigan bo‘lsak grafinyani nobud qilib 
qo‘yishimiz mumkin, — deb tushuntirdi poruchik chekinishining 
boisini askarlariga. 
— Agar mana bu itvachcha bo‘lmasa, — dedi u qahr bilan 
“Bir so‘m yigirma tiyin”ning murdasini turtib, — ularni uyquda 
bosgan bo‘lur edik. 
Askarlarning o‘rmon ichiga chekinishayotganlarini ko‘rib, 
Vladislav Zarembaning oldiga ot qo‘yib keldi: 
— Nima bo‘ldi, pane poruchik? Nega chekinayotibsiz? 
Zaremba kichik Mogelnitskiyga zarda qildi: 
— Ularni jangsiz qo‘lga tushirish kerak. Uyg‘onishib 
qoldi. 
Vladislav qaynab ketdi: 
— Axir, uyga bosib kirgan edingiz-ku? 


271 
Bu xitob bilan tahqirlangan Zaremba chiday olmadi. 
— Men-ku, bostirib kirgan edim, podporuchik, lekin siz 
kirmagan bo‘lsangiz kerak. Iltimos qilaman, o‘z vzvodingizga 
qarang va daraja e’tibori bilan o‘zingizdan yuqori turgan odamga 
tahqirli tanbehlar qilmang. Nima qilayotganligimni o‘zim bila-
man. 
Vladek g‘azab ichida otini qayirib, uzoqlashdi. 
— Derazalarni xarraklar bilan to‘s! — deb buyruq berdi 
Raymond. 
Bo‘lmaga barrikada qura boshladilar. 
Raymond bandilar turgan xonaga yugurib kirdi. U yerda 
quti o‘chgan Lyudviga bilan parishon Fransiskanigina ko‘rdi. 
Esxonasi chiqib ketgan Lyudviga unga osildi. 
— Xudo haqqi, nima bo‘ldi? Stefaniya qani? 
Raymond bo‘lmaga darrov ko‘z yugurtirdi. 
— Qanisi nima? Shu yerda bo‘lishi kerak! — deb o‘shqirdi 
u. 
— Voy-voy! Qochib ketibdi-da, ilon! O‘likday uxlab 
qolibmiz-a, Raymond. “Shon ham, sharaf ham ketdi”, — deya-
ver, — deb qayg‘urdi uning orqasida turgan Ptaxa. 
Lyudviga uni qo‘lidan ushladi: — Endi nima qilasizlar? 
Ptaxa qo‘lini tortib oldi. 
— Oxiriga qadar olishamiz... Yerga yotinglar, men shu 
derazadan turib otaman! — deb qichqirdi u. — Baribir, tiriklayin 
qo‘lga tushmaymiz. Baribir, o‘ladigan bo‘lgandan keyin bekorga 
o‘lmaslik kerak. 
U g‘azab bilan og‘ir divanni deraza tomonga surdi. 
Raymond Lyudvigadan:
— Nega siz qoldingiz? — deb so‘radi. 
— Uning qochishligini hech bilganim yo‘q... — deb 
eshitilar-eshitilmas javob berdi Lyudviga. 
— Pane poruchik, otxonadan ikkitasini tutdik, — deb Za-


272 
rembaga hisobot berdi kapral, qo‘li bilan partizanlarni ko‘rsatib. 
Zaremba ma’noli qilib qo‘l siltadi. 
Uy ichidagilar paqillagan o‘q ovozini eshitishdi. 
Leon bilan Ptaxa derazaning oldida, panada ko‘ringanni 
otishga tayyor bo‘lib turar edi. 
— Hoy, uydagilar, otmanglar! Pan poruchik sizlar bilan 
gaplashmoqchi! — deb qichqirdi tashqaridan yo‘g‘on ovozli bir 
kishi. 
Uydagilar jim... 
— Hoy, uyga berkinib olganlar! Men poruchik Zaremba-
man, meni polkovnik Mogelnitskiy yubordi... Eshityapsizlarmi? 
— deb baqirdi tashqaridan Zaremba. 
— Eshityapmiz! Xo‘sh, nima bo‘pti? — dedi Pshenichek 
qichqirib. 
— Taslim bo‘lishingizni taklif qilaman. 
Uydagilar jim. Ayollar polda o‘tirishardi, ularga shunday 
buyurilgan edi. Andriy mauzerli qo‘lini oldinga cho‘zib, eshikni 
poylib turdi. 
— Takror aytaman: taslim bo‘linglar. Sizlar ushlab ketgan 
grafinya Mogelnitskaya basharti sog‘-salomat bo‘lsa, ha-
yotingizni saqlab qolishga va’da beraman. Agar taslim bo‘lma-
sanglar, bittangizni ham qo‘ymay otaman! O‘ylab olishingiz 
uchun besh daqiqa muhlat beraman. 
Uydagilar jim. Raymond, Ptaxa va Pshenichek bir-birlari-
ga qarab olishdi. Lyudviga ularning qarashlaridan taslim bo‘l-
masliklarini angladi. Hovlidagilar kutar edi... Ajal shu yaqin 
atrofda aylanib yurar, uy ichiga kirish uchun tirqish izlar edi... 
— Hoy, uydagilar, taslim bo‘lasizlarmi? 
Andriy hayqirdi:
— Yo‘qol, gazanda! Oxiriga dovur olishamiz! 

Yüklə 1,98 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   40




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin