2020 yilning I choragidagi iqtisodiy holat va asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar tahlili
2020-yilning I choragida iqtisodiy oʻsish surʼati 4,1 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichiga (5,7 foiz) nisbatan 1,6 foizga sekinlashishi kuzatildi.
Iqtisodiyotdagi talab va uni shakllantiruvchi omillar 2020-yilning I choragida iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni oʻzlashtirish hajmi 2019-yilning mos davriga nisbatan 10,2 foizga qisqarishi kuzatildi.
Mazkur tendensiya qator yirik investitsion loyihalar oʻzlashtirilishining oʻtgan yilning I choragiga toʻgʻri kelishi va natijada “yuqori baza” taʼsiri bilan izohlanadi.
Oʻtgan yilning mos davrida quyidagi yirik loyihalar doirasida yuqori oʻzlashtirish hajmlari kuzatilgan: “Shoʻrtan GKM” bazasida amalga oshirilayotgan sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish– 444 mln. dollar; “Navoiy IES” AJda 450 MVt quvvatga ega ikkinchi gaz-bugʻ uskunasi qurilishi – 230 mln. dollar; Toʻraqoʻrgʻon IESni qurish – 220 mln. dollar va boshqalar. Shuningdek, yanvar oyidan boshlab Xitoydan texnologik asbob uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlarning hamda mutaxassislarning yetib kelishida uzilishlarning vujudga kelishi investitsiyalar hajmining qisqarishiga olib keldi.
Oʻz navbatida, amalga oshirilgan qurilish ishlarining investitsiyalar hajmiga nisbati oʻtgan yildagi mos koʻrsatkich – 38,9 foizdan 46,3 foizgacha oshdi. Bu amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni joriy davrdagi YAIM oshishiga “sof taʼsiri” nisbatan oshganligini izohlaydi.
Chakana savdo aylanmasi 40,1 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,8 foizga yoki aholi jon boshiga nisbatan esa 1,8 foizga oʻsdi (2019-yilning mos davrida aholi jon boshiga chakana savdo aylanmasi oʻsishi 4 foizni tashkil etgan).
Joriy yilning I choragida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi 29,7 trln. soʻmni tashkil etib, oʻsish surʼatlarining sekinlashuvi kuzatildi.
Aholiga ajratilgan kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oshib, jami kreditlarning qariyb toʻrtdan bir qismini tashkil etdi.
Koʻrilayotgan davrda, banklar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining uzluksizligini taʼminlash maqsadida 22,7 trln. soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln.soʻm koʻp kredit mablagʻlari ajratildi.
Konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlari. Joriy yilning I choragida konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlarining daromadlarga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsishi kuzatildi. Jumladan, daromadlar – 14,1 foizga, xarajatlar esa – 14,6 foizga oshib, davlat byudjet balansi YAIMga nisbatan 0,5 foiz taqchillik bilan ijro etildi. Bunday holat yilning birinchi choragiga xos boʻlgan tendensiyadir.
Ushbu xarajatlarning oshishi sogʻliqni saqlash, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari miqdorining sezilarli koʻpayishi bilan izohlanadi.