V. BOSHQARISHNING JAMOAT TASHKILOTLARI HAQIDA UMUMIY TUSHUNCHA
5.1. Aholining mehnat faoliyatini himoya qilish va ijtimoiy turmush madaniyatini rivojlantirishda kasaba uyushmalari, turli partiyalar, jamg’arma uyushmalarining o’rni
O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, «Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi Qonun, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi va boshqa qarorlarida mehnatkash aholi va ishchi-xizmatchi yoshlarning mehnat faoliyatini himoya qilish va ularning ijtimoiy turmush madaniyatini tobora rivojlantirib borish masalalariga alohida diqqat-e’tibor qaratilgan. Bu, o’z navbatida fuqarolarning mehnat va yashash faoliyatini yaxshilash omillaridan biri bo’lgan jismoniy tarbiya vositalari, ayniqsa, xalq milliy o’ninlari ekanligini e’tirof etishni taqozo qiladi.
Mehnat jarayonini takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish har bir ishchi, mehnatkash va akliy mehnat bilan shug’ullanuvchi ziyolilarning mehnat qobiliyati, jismoniy sog’lomligi, tetikligiga bog’liqdir. Ana shu jihatlar maqsaddagidek amalda bo’lsa, ularning oilalarida doimo yaxshi muvozanat saqlanishi, ya’ni ijtimoiy-madaniy turmush darajasi ko’ngildagidek bo’lishi tabiiydir. Bu, o’z navbatida, mamlakatimiz aholisining moddiy-maishiy ta’minotini yuzaga keltiruvchi, uni rivojlantirish usullarining tayanchidir.
Masalaga shu jixatdan baho berilsa, jismoniy tarbiya, sport, sayoxat va xalq milliy o’yinlarini aholining kundalik turmush darajasiga chuqur singdirish lozim bo’ladi. Buning uchun esa jismoniy tarbiya va sport ishlarini boshqaruvchi davlat idoralariga bevosita jamotchilik yo’llari bilan ko’maklashish va mustaqil ravishda faoliyat ko’rsatishlarini hayotning o’zi talab etadi. Ana shu vazifalarni amalga oshirishda Respublika kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi, uning tarkibidagi jismoniy tarbiya-sport jamiyati («O’zbekiston»), shuningdek, «Dinamo», «Yoshlik», «Talaba» sport jamiyatlari, mudofaaga ko’maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti hamda ularning viloyat, shahar, tumanlardagi quyi organlari faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Ta’kidlash lozimki, O’zbekistonning mustaqalligi yurtimizda demokratik tamoyillar asosida ko’p partiyaviylik jarayonlarini yuzaga chiqardi. Mehnatkash aholi va ziyolilarning ishlab chiqarish va kasb-hunar turlari, munosabatlariga ko’ra turli partiyalar vujudga keldi. Ular «Xalq demokratik» (XDP), «Milliy tiklanish», «Fidokorlar», «Adolat» sosial-demokratik partiyalari nomi bilan faoliyat ko’rsatib, mamlakatning xo’jalik, siyosiy, madaniy va boshqa sohalarida o’z vazifalari va mavqelariga egadir.
Mamlakatimizda yangi yo’nalish bo’yicha shakllangan va istiqlol sari rivojlanib borayotgan 20 dan ortiq jamoat tashkilotlari, uyushmalari mavjud. Ular o’z nomlari, maqsadlari yuzasidan «Navro’z», «Mahalla», «Ma’naviyat va ma’rifat», «Sog’lom avlod uchun», «Ekosan», «Kamolot» va hokazo deb ataladi va ma’lum maqsad yo’lida faoliyat olib boradi.
Yuqorida ta’kidlangan barcha tashkilotlar, uyushmalarning asosiy maqsadi demokratik tamoyillar asosida barcha qonunlar, farmonlar va qarorlarni amalga oshirishga qaratilgan. Bu esa Vatan va xalqning osoyishtaligi, aholining mehnat faoliyatini himoya qilish hamda ularning ijtimoiy-madaniy turmush darajasini yanada yaxshilash bilan ifodalanadi.
Dostları ilə paylaş: |