Salqinga chidamsiz o’simliklar. Tropik zonada o’suvchi barcha o’simliklarni shu guruhga kiritish mumkin.
Sovuqqa chidamsiz o’simliklar. Subtropik zonada o’suvchi ko’pgina o’simliklarni bu guruhga kiritish mumkin. CHunki ularning hujayra shirasidagi moddalar—5SS, —7°S dan past haroratda muzlaydi.
Sovuqqa (yoki ayozga) chidamli o’simliklar, Bu guruhga mo’’tadil va sovuq iqlimli zonalarda o’suvchi o’simliklar kiradi.
O’simliklarni yuqori haroratga bo’lgan munosabatiga ko’ra ham uch guruhga bo’lish mumkin:
1.Issiqqa chidamsiz o’simliklar. Masalan, suvo’tlar, suvda o’suvchi gulli o’simliklar va mezofit o’simliklar. Ular—30°Sdan yuqori haroratga chidamsizdir.
2.Issiqqa ko’nikkan o’simliklar. Masalan, cho’l va dasht zonalarida o’suvchi o’simliklar.
3.Issiqqa chidamli o’simliklar. Masalan, issiq suvlarda o’suvchi suvo’tlar va ayrim bakteriyalar. Million yillar davomida o’simliklar va hayvonlar ana shunday past (sovuq) va yuqori (issiq) haroratga nisbatan moslanishga majbur bo’lganlar. Natijada ularning ichki va tashqi tana tuzilishida qator moslanish belgilari vujudga kelgan. O’sish, shox-shab-balarning o’zaro tig’iz (zich) bo’lib o’sishi, sharsimon (dumaloq) ko’rinishda bo’lib o’sish, barglarning nihoyatda kuchli qirqilgan bo’lishi, hujayra shirasida zahira moddalar, jumladan saxaroza, shakar moddalar miqdorining ortishi kabi moslanish belgilarini ko’rish mumkin. Yuqori (issiq) haroratga nisbatan ham qator moslanishlar mavjuddir. CHunonchi, barg va poyalarning nihoyat sertuk bo’lishi, mum moddasi bilan qoplanganligi, vaqtincha bargsiz bo’lishi (yoki vaqtincha barglarning to’kilishi), barglarning nihoyatda kichrayishi yoki ularning tangacha barglar ko’rinishida bo’lishi, barglar labcha (og’izcha) larining chuqur joylanishi, ildizlarning tuproq ostiga juda chuqur ketishi va hokazolarni ko’rsatish mumkin.
Yuqorida ko’rib o’tilganidek hayvonlar o’simliklarga nisbatan ko’proq o’z tanasi haroratini boshqara olishi bilan ajralib turadi hamda tana haroratini idora etishning turli xil imkoniyatlariga ega. Harorat hayvonlarning qaysi iqlim zonasida yashashi bilan bog’liq holda avvalo ularning vazniga va ichki organlarining katta-kichikligiga, ko’payishiga va boshqa hayot jarayonlariga ta’sir ko’rsatadi. Masalan, issiq o’lkalarda yashovchi ko’pgina sutemizuvchi hayvonlarning vazni, yuragi, buyragi, jigari sovuq o’lkalarda yashovchi shu xildagi hayvonlarnikiga nisbatan yengil va kichikdir. SHuningdek, harorat hayvonlarning tashqi qiyofasiga, ko’payishiga ta’sir ko’rsatadi. Masalan, tundrada, mo’’tadil zonada yashovchi tulki va Afrikadagi fenek degan tulkini olsak, ular ekologik jihatdan o’xshash yoki bir-biriga yaqin turlardir. Lekin turli iqlim zonasida yashaganliklari uchun ular tashqi ko’rinishi, ayniqsa, quloqlarining shakli, katta-kichikligi bilan bir-birlaridan keskin farqlanadi. Xuddi shuningdek, Arktika va baland tog’ mintaqasida yashovchi ba’zi hasharotlarning rangi Quyosh nurini ko’proq yutganligi sababli qoramtir rangda bo’ladi. Ko’pchilik suv hayvonlarining tuxumi ham shunday qoramtir pigmentga boy bo’ladi. Demak, hayvonlar ham turli xil harorat ta’siriga moslashadilar. U hayvonlarning haroratga moslanish yo’llari asosan uch xildir, ya’ni kimyoviy, tabiiy, termoregulyatsiya va xulq-atvor moslanishlaridir. Tashqi muhit haroratining pasayishiga javoban faol ravishda tanadan issiq ajralishi kimyoviy termoregulyatsiya deyiladi. Bunday moslanishning ko’rinishlari ba’zi bir baliqlarda, hasharotlarda (arilar, kapalaklar) uchratiladi. Tanadan issiq ajratishning o’zgarishi, ya’ni ortiqcha bo’lsa tashqariga chiqarib yuborish yoki uni ushlab qolish tabiiy termoregulyatsiya deb qaraladi. Bunday yo’l bilan harorat omiliga moslashgan hayvonlarda quyidagi anatomo-morfologik moslanishlar kuzatiladi: tananing junlar bilan qoplanishi, pat yoki parlarga ega bo’lishi, yog’ zahirasining joylanishi, teri yoki nafas yo’li orqali suv bug’latishni boshqarish va hokazo. Ko’pchilik hayvonlar uchun tana haroratini boshqarishda ularning instinktdan kelib chiqadigan harakatlari katta ahamiyatga ega. Bularga poza (gavdaning holati) larni o’zgartish, boshpana topish, murakkab yer ostki uyalar (inlar) qurish, boshqa joylarga uyalar qurish, uzoq yoki yaqin masofalarga ko’chib yurishlar (migratsiyalar) kiradi. Tana haroratini idora etishda hayvonlarning guruhli xatti-harakatlari ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, cho’lda yashovchi tuyalar jazirama issiq kunlari bir-birlariga yonboshlagan holda bir joyga to’planib yotadilar, natijada ular to’plangan joyning o’rtasidagi harorat 39°S, ya’ni tana haroratiga teng bo’ladi. Eng chekkadagi tuyalarning yelka tomonidagi junlari 70°S gacha qizib ketadi. Gomeoterm hayvonlarning issiqlik balanslarini idora etishda yuqoridagi moslanish yo’llaridan birgalikda foydalanish ularning har qanday tashqi noqulay harorat ta’siridan saqlanish imkonini beradi.