Abiotik Omillar. Yo r u g’ l i k. Yer yuzidagi tirik organizmlarning hayotida muhim rolь o’ynovchi omillardan biri yorug’lik bo’lib, u ayniqsa yashil o’simliklar uchun zarurdir. Yorug’lik o’simlikning fiziologik funktsiyasiga, ichki va tashqi tuzilishiga, o’sish va rivojlanish tezligiga normal (optimal), kuchli (maksimal) va kuchsiz (minimum) ta’sir ko’rsatadi. Eng muhimi, yorug’lik ta’sirida deyarli barcha suv o’tlar, yuksak sporali o’simliklar va ochiq hamda yopiq urug’li o’simliklarda fotosintez jarayoni sodir bo’ladi.
Fotosintez jarayoni natijasida quyoshdan yutilayotgan yorug’lik energiyasi bog’langan kimyoviy energiyaga aylanadi. O’simliklarni yorug’likka bo’lgan munosabatiga ko’ra uch guruhga ajratish mumkin:
Yorug’sevar (geliofit) o’simliklar. Ular yorug’lik yetarli bo’lgandagina normal o’sishi va rivojlanishi mumkin. Bunday o’simliklarga dasht, cho’l zonalaridagi o’simliklar, o’tloqzorlardagi qo’ng’irboshdoshlar va boshqa ba’zi turlar, o’rmon o’simliklar jamoasining birinchi qatlamini tashkil etuvchi baland bo’yli daraxtlar, O’rta Osiyo sharoitidagi qisqa vegetatsiya qiluvchi ko’p yillik o’t o’simliklarining efemeroid tipidagi hayot shakllari va boshqalar kiradi.
Soyasevar (stsiofitlar) o’simliklar. Ular kuchsiz yorug’lik tushayotgan joylarda o’suvchi o’simliklardir. Bularga o’simliklar qoplamining pastki qatlamlarida o’suvchi turlar, moxlar, plaunlar, paporotniklar, yong’oqzorlar ostida o’suvchi yovvoyi xina, tog’gunafsha kabilarni ko’rsatish mumkin. Yorug’sevar va soyasevar o’simliklar morfologik, anatomik va fiziologik xususiyatlari bilan bir-birlaridan farqlanadi.
.Soyaga chidamli yoki fakultativ geliofit o’simliklar.Ularning ko’pchiligi yorug’sevar hisoblansada, yorug’lik uncha yetarli bo’lmagan taqdirda ham, ortiqcha yorug’likda ham normal o’sib rivojlanadigan turlardir. Ularga qo’ng’irbosh, oq so’xta qulupnay, arg’uvon, shumrut, qoraqarag’ay va boshqalarni kiritish mumkin.
Turli geografik zonalarda kun bilan tunning almashinishi xarakteri bir xil emas. Ekvator atrofida kun va tunning farqi sezilmaydi. Ammo o’rtacha (mo’’tadil) va sovuq iqlimli zonalarda yoz faslida kun uzun, tun qisqa, qishda esa aksincha bo’ladi. Bu esa o’z navbatida organizmlarning uzun va qisqa kunga (fotoperiodga) moslanishnga olib keladi. SHimol o’simliklaridan bug’doy, javdar, ismaloq, sebarga, mingyaproq, sachratqi, gulsapsar kabilar uzun kunda, marjumak (grechixa), qashqargul, tariq, kungaboqar, mavrak, tamaki, zig’ir va boshqalar qisqa kunda normal rivojlanadi.
Yorug’lik hayvonlar hayotida muhim rolь o’ynaydi. Chunonchi: a) yorug’lik ko’pchilik hayvonlar uchun fazoda mo’ljal olishda yordam beradi. Masalan, asalarilar asalshira ko’p bo’lgan joyni bildirish uchun iniga qaytgach, uzoq muddat davomida gir aylanib Quyosh bilan ozuqa joylashishiga nisbatan ma’lum burchak hosil qilgan holda. to’xtaydi. Qushlar esa uzoq joylarga uchib ketayotganida Quyoshga qarab mo’ljal oladi; b) dengiz va okean suvlari tagida yashaydigan . jonivorlar, quruqlikda yashaydigan ba’zi qo’ng’izlar o’z tanasidan nur chiqarish xususiyatiga ega. Bu hodisa biolyuminestsentsiya deb ataladi. Bunday xususiyat sodda hayvonlardan tortib baliqlargacha xosdir. Bakteriyalar, zamburug’lar va ayrim tuban o’simliklar ham shunday xususiyatga egadir. Biolyuminestsentsiya hayvonlar hayotida signal vazifasini o’taydi. Signal tufayli ular turli hayot jarayonlari (jinsiy marosim, dushmandan himoyalanish, dushmanni chalg’itish, o’ljaga tashlanish kabilar)ni bajaradi: v) yorug’lik organizmlarning rivojlanishiga ham ta’sir ko’rsatadi. Masalan, o’rmon suvsariga qish mavsumida qo’shimcha yorug’lik ta’sir etilganda uning homiladorligi tezlashib, muddatidan oldinroq bolalagan. Uzoq muddatda yorug’lik ta’sir ettirilganda hasharotlar va sut emizuvchi hayvonlarda jinsiy balog’atga yetish tezlashgan; suv tagida yashaydigan karakatitsa o’zini dushmandan himoya qilish uchun suvni yoritib yuboradigan suyuqlik chiqaradi; suv betida yashaydigan ba’zi hayvonlar esa qora suyuqlik chiqarib dushmandan himoyalanadi. Ba’zi hasharotlar kunlar qistsarishi natijasida ko’payish jarayonini to’xtatadi, kunlar uzayishi bilan esa ko’payish qayta tiklanadi. Buning sababi shuki, uzun kun bosh miyadagi gipofiz beziga ta’sir etib ichki sekretsiya bezlari ishini kuchaytiradi va jinsiy bezlarga ham signal beradi. Amaliyotda kun uzunligini sun’iy ravishda o’zgartib o’simlik va hayvonlarning hosildorligi va naslini ko’paytirish yoki qisqartish mumkin. Harakatda bo’ladigan hayvonlar o’ziga joy tanlashda yoritilish darajasini ham hisobga oladi. Kecha - kunduz davomidagi faollik uchun ma’lum darajada yorug’lik talab etiladi. Hayvonlar kunduzgi, tungi va g’ira shirada faol hayot kechiruvchi turlarga ham ajratiladi. Ularning faolligi yilning mavsumi, iqlim sharoitlari va yorug’likning o’zgarishiga qarab o’zgarib turishi mumkin. Masalan, chala cho’l zonalarida yumronqoziqlar jazirama issiq kunlari ertalab va kech paytlari aktiv faoliyatda bo’lib, kunduzgi vaqtni uyalarida o’tkazadilar. Ular havo bulut bo’lgandagina kunduzi uyalaridan chiqishlari mumkin. Xuddi shuningdek, cho’ldagi qushlar ham yozning issiq kunlari boshqa joylarga uchib ketadilar. Ularning o’ta aktiv (maksimum) faoliyati bahor, kuz va qish fasllarining kunduzgi soatlariga to’g’ri keladi.
SHunday qilib, hayvonlar ham yorug’likka bo’lgan munosabatiga ko’ra bir necha guruhga, chunonchi, yorug’sevar, soyasevar hayvonlarga va yorug’likning o’zgarishiga keng yoki tor (qisqa) doirada moslashgan guruhlarga bo’linadi. Hayvonlar yorug’lik yordamida atrofdagi mavjudotlarni ko’radi va yon atrofga qarab mo’ljal oladi. Turli hayvonlarning ko’rish organlari ularning rivojlanish pog’onasiga ko’ra turli darajada taraqqiy etgan va yashash sharoitlari bilan bog’liq holda rivojlangan. Masalan, ba’zi chirqildoq ilonlar infraqizil nurlarni ko’ra olganligi sababli o’ljasini qorong’ida ham ovlaydi. Asalarilar esa ulьtrabinafsha nurlarni ajrata oladi, ammo infraqizil nurlarni ajrata olmaydi.