Tartibga soluvchi funktsiya - bu shunday huquqiy ta’sir qilish yo’nalishi bo’lib, unda jamiyat taraqqiyoti ehtiyojlariga mos keladigan ijtimoiy munosabatlar amalda bo’lishi ta’minlanadi va rivojlantiriladi. Tartibga solish funktsiyasi doirasida ikki kichik funktsiya – statik tartibga solish va dinamik tartibga solish funktsiyalari ajralib turadi. Statik tartibga solish funktsiyasi huquqning ijtimoiy munosabatlarga shu munosabatlarni biron-bir huquqiy institutda mustahkamlash yo’li bilan ta’sir o’tkazishida namoyon bo’ladi. Dinamik tartibga solish funktsiyasi huquqning ijtimoiy munosabatlarga – ularning harakatini, ya’ni dinamikasini rasmiylashtirish yo’li bilan ta’sir o’tkazishda ifodalanadi.
Qo’riqlovchi funktsiya –bu umumahamiyatga molik eng muhim iqtisodiy, siyosiy, milliy va boshqa ijtimoiy munosabatlarni, ularning daxlsizligini muhofaza qilish, shuningdek, mazkur jamiyatga yot bo’lgan munosabatlarni siqib chiqarishni maqsad qilib olgan huquqning ijtimoiy vazifasi bilan bog’liq huquqiy ta’sir yo’nalishidir.
2. Umumijtimoiy funktsiyalarorqali jamiyat hayotining turli xil yo’nalishlarida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir o’tkaziladi. Huquqning umumijtimoiy funktsiyalariga quyidagilar kiradi: iqtisodiy, siyosiy, tarbiyaviy, ekologik va boshqalar. Huquqning ijtimoiy funktsiyalarini ijtimoiy hayotning tegishli sohalariga huquqiy ta’sir o’tkazish yo’nalishi sifatida ta’riflash mumkin. Jumladan, iqtisodiy funktsiya iqtisodiy sohaga, siyosiy funktsiya siyosiy sohaga, tarbiyaviy funktsiya ma’naviy sohaga huquqiy ta’sir o’tkazadi.
8.HUQUQNING MOHIYATI HAQIDAGI NAZARIYALAR
Huquqning mohiyatiga nisbatan fanda turli xil nazariyalar mavjud. Tabiiy huquq nazariyasi (Lokk, Russo, Monteske, Radishchev. XVII-XVIII asrlar). Ilmiy oqim sifatida ushbu nazariya uzoq tarixga ega. Uning asosiy qoidalari qadimgi davrdayoq shakllanib ulgurgan. Ushbu nazariyaning mohiyati shundan iboratki, davlat tomonidan yaratiladigan pozitiv (ijobiy) huquqdan tashqari barcha uchun umumiy bo’lgan va pozitiv huquqdan ustun turuvchi tabiiy xuquq ham mavjud. Pozitiv huquq tabiiy huquq talablariga, ya’ni yashash huquqi, erkin rivojlanish, mehnat qilish, jamiyat va davlat ishlarida qatnashish va hokazo huquqlarga asoslanadi. Qadimgi Rim huquqshunoslari tabiiy huquqni fuqarolik huquqlari hamda xalqlar huquqlari bilan bir qatorda tabiat qonunlari va narsa-hodisalarning tabiiy tartibi ifodasi sifatida alohida ajratib ko’rsatganlar. Shuningdek, insonning tabiiy, tug’ma huquqlari ko’pchilik davlatlarda konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlab qo’yilgan. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 - moddasida yashash huquqi “har bir insonning uzviy huquqi” sifatida mustahkamlangan. Yuksak madaniyatli jamiyatda tabiiy va pozitiv huquqlarni bir-biriga qarama-qarshi qo’yishga hech qanday asos yo’q. Chunki, tabiiy huquq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning yagona umuminsoniy tizimini tashkil etib, insonning tabiiy huquqlarini mustahkamlaydi va muhofaza qiladi.